Ekoharakat: MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI
Poytaxtimizda O‘zbekiston Ekologik harakati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Ekoharakat deputatlar guruhining 2015 yildagi faoliyati yakunlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Ekologik harakatining faoliyati yildan-yilga takomillashmoqda. Bugungi kunda mazkur jamoat tuzilmasi tomonidan tabiatni muhofazalashga yo‘naltirilgan davlat dasturlari hamda ekologik qonunchilikning joylardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yuritish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, ekologik ta’lim va aholi orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga oid keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 2015 yilda ana shu yo‘nalishlarda joylarda to‘qqiz yuzdan ziyod amaliy-tahliliy tadbirlar tashkil etildi.
Global ekologik muammolarning tabiat musaffoligi va inson salomatligiga salbiy ta’sirining oldini olishga yo‘naltirilgan xalqaro loyihalar yanada takomillashtirilmoqda. Ekoharakat tomonidan bu yo‘nalishda o‘ttizdan ko‘proq xorijiy davlatning yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Ana shunday hamkorlik doirasida jamoat ekologik nazorati yuritishning huquqiy asoslari, bu boradagi milliy va xorijiy tajriba, ekoturizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar tashkil etildi.
Ekoharakat huzurida faoliyat yuritayotgan “ishonch telefoni” xizmati aholi orasida tobora ommalashmoqda. Ushbu telefon orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish yuzasidan joylarga yuzdan ko‘proq ekologik reyd uyushtirildi. Tegishli davlat, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ushbu murojaatlarning yetmish foizdan ko‘prog‘i ijobiy hal etildi.
Tadbirda Ekoharakat tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ekologik qonunchilikni takomillashtirishga oid loyihalar tahlil etildi. Sog‘lom ona va bola yilida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
J. HAYDAROVA