DYUSHYeNN VA ERB FALAJI QANDAY XASTALIK?

Bu dardning oldini olishda nimalarga e’tibor berish zarur?

XVIII va XIX asrlarda yashab o‘tgan fransuz nevropatologi Dyushenn hamda nemis shifokori Erb umurtqa pog‘onasining yuqori qismida joylashgan bo‘yin va yelka chigali falaji haqida ma’lumot yozib qoldirishgan.

1872 yilda G. Dyushenn yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda tug‘ruq jarayonida doyaning ehtiyotsizligi sababli yelka chigali falaji yuzaga kelganini kuzatdi. Oradan to‘rt yil o‘tib esa V. Erb kattalarda bu xastalik nima sababli paydo bo‘lishi va ushbu kasallikni klinik belgilari, uning anatomik jihatdan ko‘rinishi, hamda dard qanday kechishi (patogenezi) xususida to‘liq bayon etdi.

Bu falajlikning chaqaloqlarda kuzatilishiga sabab, ularning tug‘ruq jarayonida shikastlanishidir. Akusher-ginekologning bolani qo‘ltiq ostiga barmog‘ini tiqib, uning yelkasini chiqarib olishda noto‘g‘ri harakat qilgani yoki akusherlik qisqichlari bilan bolaning boshini tutib, uni keskin buragani sababli yelka chigali jarohatlanadi. Yana yelka falaji rivojlanishiga gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ning asorati ham sabab bo‘ladi. Doyaning qo‘pol harakati natijasida esa yelka chigali haddan tashqari cho‘ziladi va yirtiladi. Shuningdek, go‘daklik davridagi yelka asab chigali falajiga tug‘ruq davrida chaqaloqning umurtqa pog‘onasi, bo‘yin qismi hamda orqa miya asab tolalari jarohatlanishi sabab bo‘ladi.

Ma’lumotlarga qaraganda orqa miya jarohatlari bosh miya jarohatlariga nisbatan 2-3 marotaba ko‘p uchraydi. Chaqaloqlarda bo‘yin va yelka chigali shikastlanishi asosan tug‘ruq jarayonida uchraydi. Shu sababli bu xastalik akusherlik qo‘l falajlari deb nomlanadi.

Kattaroq yoshdagi bolalar va kattalarda esa birovning qo‘lini keskin siltab tortish, og‘ir va keskin harakatli sport mashg‘ulotlari, bo‘yin va yelka bo‘g‘imining lat yeyishi, uyquda qo‘llarni keskin harakat bilan boshning tagiga qo‘yish sabab bo‘ladi. Yana bo‘yin sohasining o‘q otar qurollar bilan shikastlanishi sababli ham bemor yelka chigali falaji kuzatiladi.

Kattalarda esa yuqorida bayon etilgan sabablardan tashqari bo‘yin va yelka chigali jarohatlari yo‘l transport hodisalarining 2-2, 5 foizini tashkil etadi.

Go‘dak tug‘ruq yo‘llarida o‘tayotganda uning yelka va bosh suyagi asosi cho‘zilsa, ya’ni akusher-ginekolog chaqaloqning boshini maxsus akusherlik qisqichi bilan qisib olib noto‘g‘ri harakat qilsa yoki bolaning boshi vakuum-ekstraktor tibbiy asbobi bilan tortib olinsa, shuningdek, doyaning keskin qo‘l harakatlari sababli ham bo‘yin-elka chigali falajiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bola dumbasi yoki yuzi bilan kelganda (25 foiz holatda) ham ushbu xastalik uchraydi.

Yana o‘qing:  HUSNBUZAR NIMALARGA TO‘SIQ?

Kasallik belgilari

Xastalikning kechishi yelka va bo‘yin qismidagi asab tolalarining qaysi joyi shikastlangani va uning turiga bog‘liq. Ya’ni, yuqori bo‘yin segmentlari (S1-S4) shikastlanganda bemorda loqaydlik, mushaklar tarangligining bo‘shashishi, tana haroratining pasayishi va qon bosimining tushishi, paylarda nevrologik tekshiruvlar jarayonida og‘riq reflekslarining keskin pasayishi yoki umuman yo‘qligi, jarohatlangan sohada falajlik kuzatiladi. Shuningdek, mitti bemorda tug‘ilgan zahotiyoq uning nafas olish ritmi buziladi. Uning qovurg‘alararo oraliqlar sohasi silliqlashgan yoki ichiga botgan bo‘lib, qorni dam bo‘ladi. Chaqaloqda peshob ajratish jarayoni ham buziladi yoki unda neyrogen qovuq belgisi kuzatilib, go‘dak vaqti-vaqti bilan peshob tuta olmaydi. Bolani ko‘zdan kechirganimizda unda “qurbaqa holati”ni kuzatish mumkin.

Bemorni faqat malakali nevropatolog davolaydi. Tug‘ruq jarayonidagi og‘ir shikastlarda davolash muolajalaridan so‘ng 30 foiz holatlarda ijobiy natijaga erishish mumkin. Katta yoshli bemorlarda esa bo‘yin-elka chigali falaji shikastlanish darajasiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Agar ushbu soha chigali siqilgan bo‘lsa, uning faoliyati 2-3 oydan so‘ng tiklanishi mumkin. Albatta uzoq muddatli davodan so‘ng yuqumli xastaliklar sababli yoki toksik (zaharli) omillar ta’sirida kasallik yuzaga kelgan bo‘lsa bemor sekinlik bilan tuzaladi. Mabodo bo‘yin-elka chigali uzilgan, qattiq ezilgan bo‘lsa xasta kishi bir yil davomida shifokor nazorati ostida davolanadi. Asab tolalari uchlari butunlay uzilib ketgan bo‘lsa, unda bu holatda bemorga jarroh yordami zarur bo‘ladi.

Har qanday holatda ham bemorga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam uning tezda sog‘ayib ketishiga kafolat beradi.

Dildora RO‘ZIQULOVA,

Chilonzor tibbiyot kolleji “Asab va ruhiy kasalliklar” kafedrasi o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: