Hayotning AZIZ NE’MATI
Tong otishga ulgurmasidanoq mahallani ajib hayotbaxsh bo‘y – non isi tutib ketadi. Toshkent shahri Chig‘atoy darvozasi “Muhokama” mahallacida istiqomat qilayotgan, tun yarmidan ish boshlab yurt dasturxoniga tandiridan issiqqina nonlarni ulashayotgan aka-ukalar – Bahodir, Ziyodulla, Javohirning bu gal ham tayyor bo‘lgan shirmoy patirlarini mahalla-ko‘y qo‘lma-qo‘l qiladi. Qo‘ni-qo‘shnilarning nonushtasi bu xonadonda yopilgan patirsiz o‘tmaydi.
Aka-ukalar esini tanibdiki, har tongni shu zaylda boshlashadi. Ularning novvoychilikni tanlashida tasodif emas. Dadasi Ravshan aka Zokirov bu hunarda suyagi qotganlardan. Novvoylar sulolasining uchinchi avlodi o‘z mehnatidan baraka topgani, halollikni qadrlagani bois uch o‘g‘lini ham shu yo‘ldan borishga undagan. Ularni oq yuvib, oq taradi. Voyaga yetkazdi.
– Ulug‘larimizdan biri kasb xazinadir, uni topa bilmoq lozim, deya ta’kidlab o‘tgan, – deydi Ravshan aka. – Bu so‘zlarning zamirida ulkan ma’no mujassam. Inson tanlagan kasbi-kori ortidan baxtli, farovon hayotni yarata oladi. Oilada olti nafar farzand edik. Dadam boshqa sohada xizmat qilsada, non yopishni onasidan o‘rgandi. Tandirga o‘t qalashni hech kanda qilmasdi. Tong sahar bizni tandir boshiga jam qilib, tandir-tandir non yopib, so‘ng xizmatga otlanardi. Dadam bilan birga bu jarayonda ishtirok etsamda, hali mustaqil non yopib ko‘rmagan edim. Yodimda, bir kuni qo‘shnimiz non yopishishga ko‘maklashishim uchun meni qo‘shni qishloqqa – to‘yga olib ketgan. U paytlar 13-14 yoshda edim. O‘shanda ilk marotaba mustaqil non yopganman. Uyga kelib qattiq charchoqdan so‘ng uxlab qoldim. Uyg‘ongach, dadam meni ko‘rib “Nonni bir o‘zing yopdingmi? ” – deya so‘radiyu, boshqa so‘z aytmadi. Uning nigohidan faxrlanish, ichki mamnuniyat va ishonch hissini angladim. Har safar ish boshlashida dadamning ana shu nigohi ko‘z oldimdan o‘tadi va boshlagan ishim unumli bo‘ladi.
Usta novvoy Ravshan akaning aytishicha, bu kasbining barakasi boshqacha. 26 yoshlarida yangi ro‘zg‘or tutgan Ravshan aka hovlining bir chekkasiga tandir solib, ilk ishini ikki tandir non yopishdan boshladi. Turmush o‘rtog‘i yopgan shirmoy nonlarni ayoli Dilfuza opa darhol sotib kelardi. Shu-shu er-xotin qutlug‘ kasb ortidan oila tebrata boshladi. Hatto, u kishining shirmoy nonlari, kulchalari, patiru lochiralari mahalla-ko‘yda, bozor rastalarida “Ravshan akaning nonlari” nomi bilan mashhur bo‘ldi. Bora-bora usta novvoy bir kunda 8-9 qop unni qorib, non yopa boshladi.
Xalqimizda nainki nonni, balki uning uvog‘ini ham qadrlashgan. Uvolidan qo‘rqishgan. To‘kilgan non ushog‘ini supirish gunohi azim sanalgan. Uni qo‘l bilan sidirib, terib olib kishi qadami yetmaydigan yerga to‘kishgan. Ana shu tabarruk ne’matni tayyorlovchi novvoylikning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Tun yarmidan xamir qorib uni tayyor non holiga keltirgunga qadar 8-9 soat vaqt o‘tadi. Shu jarayon oralig‘ida novvoydan tajriba va o‘ta sinchkovlik talab etiladi. Zero, xamirni tobiga keltirish, unga shakl berish, tandirni me’yorida qizdirib non yopish bir qarashda oson ishga o‘xshaydi. Ammo novvoylikni boshlab uni uddasidan chiqolmay tez fursatda yakuniga yetkazib qo‘ygan ayrim kishilarni ko‘rib bu kasbni tutib uni yillar davomida ortidan borish ham hamma uchun emas, bu shu kasbga piri ketganlar uchungina ekan, deb qolasan.
– Ayrimlar novvoylikni kishi salomatligiga salbiy ta’siri bor kasblar sirasidan deb o‘ylaydi, – deydi Ravshan aka. – Bu, avvalo, kishining o‘ziga bog‘liq. Birinchidan, novvoychilikda inson o‘zini majburlab ishga solmaslik kerak. Bunda ko‘tarinki kayfiyat va maroq bilan ishlash muhim. Erinchoqlik, ishga majburiy yondashish kayfiyati uning tayyorlagan nonlarining ko‘rinishiga va o‘sha kishining ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, tandir yonida soatlab ishlagan novvoyning teri qotmagunicha bir necha soat sovuq suv ichmasligi, shuningdek, tashqariga mutlaqo chiqmasligi lozim.
Ravshan aka o‘g‘illari bilan bir kunda o‘rtacha sakkiz yuz, mingtagacha ba’zan undan ham ko‘p non yopishiga to‘g‘ri keladi. Taxminan 100 daraja issqlikdagi tandirga 800-900 ba’zan ming marotaba kirib chiqishni bir tasavvur qilib ko‘ring. Yozning chilla kuniniku aytmasangiz ham bo‘ladi.
Osuda hayotimizning aziz ne’mati sanalmish nonlarimiz dasturxon to‘ridan joy olgan ekan uni san’at darajasiga yetkazgan, ko‘p yildan beri tandirini sovutmagan Ravshan akadek usta novvoylarning ham umri nondek aziz bo‘lishi shubhasiz.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“So‘lom avlod” muxbiri.
Muallif olgan surat