Muolajasi mehriga payvand
Mamlakatimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalaridan kelib chiqib, yurtimizda oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash tizimi joriy etilishi sog‘liqni saqlash tizimini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil dekabr oyidagi “Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ya’ni tibbiyot muassasalarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda, oliy hamshiralik ishi, o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Shunga ko‘ra hamshiralar, o‘z malakalarini oshirib, tibbiyot yangiliklari va zamonaviy tibbiy texnologiyalardan doimiy xabardor bo‘lib boradilar.
Yangi innovatsion texnologiyalar – zamon talabi
Bugungi kunda bu yo‘nalishda Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi muhim o‘rin tutmoqda. Bu yerda xodimlar mahoratini takomillashtirish, ularni ixtisoslashtirish va zamonaviy – tibbiy texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalanish tamoyillarini joriy etish yuzasidan izchil ish olib borilayotir.
Davr talabiga mos ravishda hozirgi kunda hamshiralar yangi modul tizimida o‘qitilmoqda. Malaka oshirishga kelgan hamshira yangi fanlar asosida ta’lim oladi. Masalan markazda O‘zbekiston tarixi, ma’naviyat va ma’rifat asoslari, kompyuter texnologiyalari, sog‘lom turmush tarzi, biologiya fanlari mavjud. Chunki, har bir hamshira biror xonadonga kirib borganida, bemor qanday ahvolda bo‘lishidan qat’iy nazar unga malakali tibbiy xizmat ko‘rsata olishi kerak. Bundan tashqari farmatsevt hamshiralar lotin tilini yaxshi o‘zlashtirishi uchun bu tilni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Hamshiralar o‘z faoliyati davrida ishlarini tahlil qila olishi inobatga olingan holda statistika fani tashkil etilgan. “Infeksion nazorat” darsida hamshiralarga infeksiyalar yuqishining oldini olish choralari o‘rgatiladi. Hozirda zamon talabiga asosan har bir hamshira ingliz tilini ham o‘rganishi lozimligi yangilik sifatida kiritilgan. Bu tilni o‘rganish 2014-yildan boshlab modul tizimi asosida olib borilmoqda. Hozirgi kunda hamshiralar shifokor kelguniga qadar bemorga to‘g‘ri tashhis qo‘ya olishi ham zamon talabidir. Bemorning rangi, uning umumiy ahvoli va shu kabi boshqa belgilariga qarab, uning qanday dardga chalinganligi xususida tashxis qo‘ya olishi muhim sanaladi.
Hamshiraning madaniyati va malakasi – bemorga kuch bag‘ishlaydi
Hamshiraning faoliyatida uning muomala madaniyati katta o‘rin tutadi. Shifokor ko‘rigidan so‘ng bemor bilan hamshira ko‘proq muloqotda bo‘ladi. Xushfe’l hamshira bilan muloqotda bo‘lgan har bir dardmand inson o‘zining tuzalishiga ishonch hosil qiladi. Shirinso‘zlik, muloyimlik nafaqat bemorlarga balki har bir insonga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Shunday ekan o‘zining yuksak madaniyati bilan namuna bo‘ladigan hamshiralarimiz qancha ko‘p bo‘lsa, bemorlar shifoxonada uzoq davolanmaydi. Avvalo har bir inson o‘zining kimligini anglashi muhim. Hamshiralarning ma’naviyatini yuksaltirish uchun ular faoliyat yuritayotgan muassasa rahbarlari nafaqat ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar uyushtirishlari, balki ularni ona Vatan tarixini bilishlari uchun tarixiy qadamjolarga sayohatlarga borishlarini ta’minlashlari lozim.
Profilaktik chora-tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirishda muhim omil
– Aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida hududiy-oilaviy poliklinika, tibbiyot muassasalari, QVPlar, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablardan kelgan hamshiralar tahsil olishadi – deydi, Respublika O‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Lolaxon Musajonova. – Agarda profilaktika ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, bemorlar statsionar davoga muhtojlik sezmaydi. Masalan, profilaktik emlash sababli hozir O‘zbekistonda polimiyelit(shol) kasalligi uchramayapti. Bu aholi o‘rtasida hamshiralar tomonidan olib borilayotgan samarali profilaktik chora-tadbirlarning ijobiy natijasi hisoblanadi. Hozirda hukumatimiz tomonidan tibbiyot sohasini birlamchi bo‘g‘ini QVP va oilaviy poliklinikalarni tubdan isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda yurtimiz tibbiyot muassasalarida uch yuz ming nafardan ziyod hamshiralar faoliyat yuritmoqda. Ular sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, shoshilinch tibbiy yordam va boshqa ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda muassasalarda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan foydalanib, ish yuritishmoqda.
Hozirda markazda hamshiralar o‘z malakasini oshirib, aholi o‘rtasida onalar va bolalar o‘limining oldini olishga katta e’tibor qaratmoqdalar. QVP larda ham fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, shahardagi sharoitdan qolishmasligiga uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Demak, hukumatimiz tomonidan ona va bola salomatligini muhofaza qilishga, reproduktiv salomatlikni asrash, shuningdek, aholining tibbiy savodxonligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi L. Musajonova.
Shu o‘rinda
Yurtimizda 2015 yilda 141 ta tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun qariyb 500 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA