Ota-ona bo‘lishga tayyormisiz? (davomi)

Bo‘lajak ota-onani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan maqsad homiladorlik davrida asoratlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida davolashdir.

Agar ayol qonida rezus-faktor manfiy bo‘lsa, chaqaloqda gemolitik sariqlik kasalligi kuzatilish xavfi bo‘ladi. Chaqaloq sarg‘ayishi, unda kamqonlik kuzatilishi, uning qonini almashtirish choralari ko‘rilishi mumkin.

Odam immuntanqislik virusi (OIV), V va S virusli gepatit, zahm (sifilis), qizilcha, sil kasalligi kabi yuqumli kasalliklar bor-yo‘qligini tekshirish ham homilaning benuqson rivojlanishi uchun muhim.

Agar bo‘lajak ota-onada OIV bo‘lsa, u homilaga yuqadi. O‘z vaqtida ushbu infeksiya aniqlanib, ayol antiretrovirusli dori-darmonlarni olib, davolansa tug‘ruq va undan keyingi davrda kerakli choralar ko‘rilsa, onadan bolaga odam immuntanqislik virusining o‘tishini 98 foizgacha kamaytirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, OIVni yuqtirib olgan ona Kesarcha usulida jarrohlik yo‘li bilan tug‘dirib olinadi. Shundagina go‘dakning xavfsizligi ta’minlanadi. Lekin bemor ona chaqaloqni emizishi mumkin emas. Chunki, ko‘krak suti orqali bolaga infeksiya yuqishi mumkin.

Zahm kasalligi o‘z vaqtida davolanmasa homilada tug‘ma zahm rivojlanadi. Chaqaloqning miyasi, jigari, yurak qon tomir, suyak tizimida nuqsonlar rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ayolda zahm kasalligi bo‘lsa, homilaning tushishi yoki o‘lik tug‘ilishi boshqa dardga chalingan bemorlarga nisbatan besh marta ko‘p uchraydi.

Homilador ayol homilasi 16 haftalik bo‘lguncha qizilcha bilan kasallansa, homilaning miyasi rivojlanmasligi, uning qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r, talog‘i shishgan, tug‘ma yurak nuqsoni kabi og‘ir asoratlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun har bir bo‘lajak ona qizilchaga tekshirilishi lozim. Agar ayol bolaligida qizilcha bilan xastalangan bo‘lsa yoki qizilchaga qarshi emlangan bo‘lsa, uning qonida antitanachalar paydo bo‘lib, homilaning kasallanishining oldi olinadi. Agar bo‘lajak ona qizilcha bilan kasallanmagan bo‘lsa yoki emlanmagan bo‘lsa, uning qonida ushbu xastalikka qarshi antitanachalar mavjud bo‘lmaydi va ayol homiladorligida kasallikka chalinishi hamda homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ayollar homilador bo‘lishidan oldin qizilchaga qarshi emlanishi zarurdir.

Bo‘lajak ota – ona sil kasalligiga tekshiriladi. Sil kasalligi onadan bolaga o‘tib, go‘dak tug‘ma sil bilan tug‘ilishi, homilaning tushishi, chaqaloq muddatidan avval tug‘ilishi, u nimjon va kasalmand bo‘lib rivojlanishi mumkin. Homiladorlikdan oldin davolanish bunday salbiy asoratlarning oldini oladi.

Yana o‘qing:  Bolani ko‘krak suti bilan boqish bachadon saratoni xavfini bartaraf etadi

Shu bilan birga ona bo‘lishni orzu qilayotgan ayol tishlarini stomatologga ko‘rsatib, davolanishi kerak. Og‘iz sohasidagi infeksiya ham homila tushish xavfi, chaqaloqda ichki infeksiyaning rivojlanish ehtimolini kuchaytiradi.

Har bir ayol homilador bo‘lishidan oldin yurak-qon tomir, peshob yo‘llari, asab va bosh miya, qon, nafas olish tizimlarini, endokrin va reproduktiv a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib va kasalliklar topilsa o‘z vaqtida davolanishi zarur.

Men uzoq yillik shifokorlik amaliyotimdan bu haqida juda ko‘p hayotiy misollarni keltirishim mumkin. O‘z vaqtida tekshiruvlardan o‘tmay, kasalliklarini aniqlamay, davolanmasdan homilador bo‘lgan ayollarning oqibatda farzandi dardga chalingan yoki xastalik oqibatida ularning go‘dagidan ayrilganlik holatlariga ham afsuski, guvoh bo‘lganmiz. Ko‘pincha ular:”Men bu kasallik bilan avval xastalanmaganman. Homilador bo‘lganimda shu holat kuzatildi”, deyishadi. Bu juda ham noto‘g‘ri fikr. Ba’zi kasalliklar homiladorlikdan avval kamroq belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Lekin homiladorlik davrida bu mudroq holdagi xastaliklar bosh ko‘taradi. Chunki, bo‘lajak ona og‘iroyoq bo‘lsa uning har bir ichki a’zosi ortiqcha yuklanish bilan faoliyat yuritadi va kasalliklar yaqqol yuzaga chiqa boshlaydi. Maxsus tibbiy tekshiruvlar xastalikni ertaroq aniqlashga va o‘z vaqtida davolashga yordam beradi.

Profilaktik chora-tadbirlar

Homiladorlikdan oldin profilaktik davo choralarini amalga oshirish kerak. Foli kislota – bu vitamin. Agar organizmda ushbu darmondori yetishmasa, homilaning bosh miyasi va orqa miyasida tug‘ma nuqsonlar kuzatiladi. Bosh miya ichiga suv yig‘ilishi va uning to‘qimalari kichrayib ketishi, orqa miya va umurtqa sohasida tug‘ma bo‘linishlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun foli kislota hapdorilarini homiladorlikni rejalashtirishdan ikki oy oldin ichish lozim.

Homilaga salbiy ta’sir qilish ehtimoli bo‘lgan dori vositalarini umuman ichmaslik lozim. Homilador ayol issiq hammom, sauna, jakuziga bormasligi, yaxshi pishirilmagan go‘shtni iste’mol qilmasligi, badantarbiya bilan shug‘ullanish, toza havoda ko‘proq sayr etish, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi ham profilaktik chora-tadbirlarga kiradi. Shu bilan birga homilador bo‘lishdan oldin ortiqcha vaznga ega bo‘lgan ayollarga ozish tavsiya qilinadi.

Shunday qilib homiladorlikka tayyorlanish – sog‘lom farzandni dunyoga keltirishdagi asosiy qadam ekanligini unutmaslik kerak.

Shohida BOBOJONOVA,

tibbiyot fanlari nomzodi, Respublika Perinatal markazi direktori o‘rinbosari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: