Milliy armiya – vatanimiz xavfsizligining mustahkam poydevori

Bugungi zamonaviy, ixcham, tez harakatlana oladigan professional armiyamiz hamda unda xizmat qilayotgan mard va jasur yigitlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Chunki, ana shunday zabardast armiya mustaqil Vatanimizning osoyishtaligini, milliy xavfsizligini, tinch va osuda hayotimizni ta’minlabgina qolmay, barqaror taraqqiyot va nurli istiqbolimizning kafolatidir.

Darhaqiqat, Mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki kunlardanoq, mamlakatimizda Qurolli kuchlarni mustahkamlashga qaratilgan qator islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Avvalo, ushbu tizimni qonun yo‘li bilan himoyalash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki qadam Bosh Qomusimizning 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan har bir fuqaroning burchi” degan modda bilan qat’iy belgilab qo‘yildi. Mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, milliy xavfsizligimizni himoya qilishni kuchaytirish borasida qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2012 yil sentyabr oyida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun aynan ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Mazkur hujjatda O‘zbekistonning turli harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qo‘shilmasligi, o‘zining suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga ega ekani, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi, mustaqil, izchil va faol tashqi siyosat olib borishi haqidagi prinsiplar aniq-ravshan bayon etilgan.

O‘tgan yillar davomida maqsad qilib olingan ezgu amallar bugun o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini qo‘riqlashga qodir, zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlangan professional armiya vujudga keldi. Qurolli Kuchlarni isloh qilishga qaratilgan Davlat dasturi esa milliy armiyani shakllantirish va boshqarishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish imkonini berdi. Shu boisdan ham harbiy xizmat muddati bir yil etib belgilandi, safarbarlik-chaqiruv zaxira xizmati joriy etildi va bu jarayonlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Har qanday xavf-xatarga tayyor turish uchun qo‘shinlar moddiy-texnik negizini yaxshilash, ularni zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minlash, amaliyotda xalqaro tajriba usullaridan foydalanish borasida ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida harbiy xizmatga ishonch, ayniqsa yoshlarimiz orasida harbiy kasblarga qiziqish yanada ortdi.

Yana o‘qing:  Suyanganim Vatan bo‘ldi

Darhaqiqat, harbiy kadrlarni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash ishlari zamon talablari darajasida amalga oshirilayotgani tahsinga sazovordir. Qo‘shinlarda shartnoma asosida xizmat qiladigan harbiy xizmatchilar sonini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar asosan ularni o‘quv-jangovar va tarbiyaviy ishlar borasidagi mahoratini oshirishga qaratilmoqda.

Milliy armiyani shakllantirishdagi yana bir muhim jihat harbiy xizmatchilar oilalarini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda ularni uy-joy bilan ta’minlash, kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish, moddiy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash borasida davlatimiz rahbarining alohida e’tibori tufayli amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu esa harbiylarga qator imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan shaxslarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralari, jumladan, oliy o‘quv yurtlariga kirishda ularga davlat tomonidan imtiyozlar belgilab qo‘yilgani, ishga joylashishda amaliy yordam ko‘rsatilayotganligi harbiy xizmatning nufuzi va obro‘si yanada yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.

Mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida harbiylarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaqin-yaqinlarga qadar mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun tibbiy xizmat ofitserlarini tayyorlaydigan bunday o‘quv muassasasi yo‘q edi. Shuning uchun oliy tibbiyot o‘quv yurtlari bitiruvchilari harbiy shifokor bo‘lib ishlardi. Fuqaro va harbiy tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash jarayonida sezilarli farq bor. Negaki, harbiy shifokorlik o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Tibbiy xizmat ofitserlari tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tibbiy tarkibi xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash maqsadida 2012 yil 10 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy-tibbiyot fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Intellektual salohiyatga ega, ona yurtiga sadoqatli, qo‘shinlarda tibbiy xizmatni samarali tashkil etishga qodir, tibbiy xizmatning yuqori malakali ofitserlarini, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tarkibini tayyorlash, Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasb tayyorgarligi darajasini muntazam oshirish va ularni qayta tayyorlash, maxsus bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish harbiy-tibbiyot fakultetining asosiy vazifalari etib belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy tibbiyot muassasalari, Toshkent tibbiyot akademiyasining klinika va kafedralari mazkur fakultetning o‘quv bazalari hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Mehr va muruvvat ulashib

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy-tibbiyot fakultetining tashkil etilishi milliy armiyamizning jangovar qobiliyatini oshirishning muhim omillaridan biriga aylandi. Bu yerda yaratilgan tibbiy xizmat ofitserlarini tayyorlash tizimi mamlakatimizning barcha harbiy qismlarini yuqori malakali va puxta tayyorgarlikka ega harbiy shifokorlar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 24 yilligi arafasida amalga oshirilgan izchil islohotlarga nazar tashlar ekanmiz, har bir fuqaroning ko‘nglidan mamlakatimiz barqarorligi va xavfsizligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, tinch va osoyishta hayotimizni ishonchli himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish, g‘ururlanish tuyg‘ulari kechishi tabiiydir.

Zero, tinchlik – bebaho ne’mat, uni saqlamoq, avaylamoq va bu yo‘lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Zero osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik tufaylidir.

Shuni faxr va quvonch bilan ta’kidlash joizki, Vatanga, xalqiga sadoqatli ofitser, serjant va askarlardan tashkil topgan milliy armiyamiz yurtimiz mustaqilligining, tinch va osoyishta hayotimiz kafolatidir.

Elbek ShUKUROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: