OBOD YURTDA OSUDA HAYOT

Oq laylak ko‘p xalqlarda yangilanish, tabiat boqiyligi, beg‘uborlik, ezgulik, omad, poklik, tinchlik va osudalik, yangi hayot, farovonlik va qut-baraka timsoli sanaladi.

Poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonini bezab turgan muazzam Ezgulik arkasi tepasida xalqimizning buyuk orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi yuksak intilishlari, qat’iyati va irodasini ifodalovchi parvozga shaylanayotgan turnalar bilan aynan oq laylaklarning ham joy olishi bejizmas. Namangan viloyatida joylashgan harbiy shaharchalardan birida bunyod etilgan ko‘p qavatli uy hovlisiga o‘rnatilgan qizil tumshuqli qushni ko‘rgan kishi borki, beixtiyor yuqoridagi timsollarning har biri mamlakatimizga, bugungi kunimizga naqadar mos ekaniga yana bir bora ishonch hosil qiladi, tinch va farovon mamlakatda yashayotganiga shukronalar aytadi. Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolari uchun mo‘ljallangan navbatdagi ob’yekt – 48 xonadondan iborat to‘rt qavatli turarjoy binosining foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi.

 

KUCH-QUVVAT BAG‘ISHLAYDI

Istiqlol yillarida har jabhada misli ko‘rilmagan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Ayniqsa, joylardagi katta-katta qurilish va qayta ta’mirlash ishlari tumanu shaharlarimiz ko‘rkiga, yurtimiz jamoliga yanada chiroy qo‘shmoqda. Go‘zal xiyobonlar, keng va ravon ko‘chalar, betakror bino va ko‘priklar, sport majmualari… Mamlakatimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlari xususida gap ketar ekan, ular orasida harbiy xizmatchilar uchun qurilayotgan zamonaviy binolarning ham o‘ziga xos o‘ringa egaligini alohida ta’kidlash joiz.

– Egniga harbiy libos kiygan, yurt tingchligi va osoyishtaligi yo‘lida kamarbasta har bir inson kasbidan, qilayotgan ezgu ishidan faxrlanishi aniq, – deydi mayor Jamshid Ravshanbekov. – Bu tuyg‘u kunu tun bizga kuch-quvvat, g‘ayrat bag‘ishlaydi. Xalq, Prezidentimiz va yuqori qo‘mondonlik ishonchini oqlash, sharafli nomga doim munosib bo‘lishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarimiz bee’tibor qolmayotganini ich-ichimizdan his etib turamiz. Biz uchun topshirilgan yangi uy-joy binosi ham aynan o‘sha yuksak e’tiborning namunasi deb bilaman.

 

QO‘ShALOQ BAXT

– Baxt kelsa qo‘shaloq keladi, deganlari rost ekan, – deydi leytenant Avaz Kamoliddinov. – Shu yilning yoz oyida farzandli bo‘ldik. Oradan ko‘p o‘tmay yangi uyli bo‘lish ham nasib etdi. Hozirda o‘z uyiga ega bo‘lish gashtidan, zavqidan masrurmiz. Zamonaviy, har tomonlama qulay tarzda loyihalashtirilgan uy xonalarining keng va shinamligini aytmaysizmi!?

Yana o‘qing:  MILLIY INTERNET TANLOVI

 

VATAN HIMOYACHISIGA QADALGAN NIGOH

Yangi uy kalitini olganlar orasida yosh oila sohibi katta leytenant Hamid Sattorov ham bor.

– Yaqinda oilali bo‘ldim, – deydi ofitser. – Nazarimda, uy olishim haqidagi xabar bizdanam ko‘ra ota-onalarimizga ko‘proq quvonch bag‘ishladi.

Tadbir bilan bog‘liq suratlar xilma-xilligini boyitish maqsadida yosh kelin-kuyovni ham suratga oldim. Ularning birida mehr bilan yoriga boqayotgan oila bekasi aks ettirilgan. Uning turmush o‘rtog‘i, Vatan himoyachisiga qadalgan nigohlarida cheksiz hurmat va muhabbat, faxru g‘urur, mustahkam ishonch, minnatdorchilik hislarini o‘qigandek bo‘ldim. Yillar sayin bu hislarning yanada mustahkamlanishiga shubham yo‘q.

 

HAMKASB QO‘ShNILAR

– Bizlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan juda minnatdormiz. Yorug‘ va shinam uyimiz borligidan benihoya xursandmiz, – deydi oila bekasi Oynisa Qalandarova. – Bu uy farzandlarimizga ham juda ma’qul. Chunki unda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasasi va maktab, maishiy xizmat ko‘rsatish shohobchalarining yaqin masofada joylashganligi ayni muddao. Qolaversa, biz – oila bekalari uchun aynan harbiy xizmatchilar bilan qo‘shni bo‘lib yashash qulay. Chunki, Vatan himoyachilari oilalarining yashash tarzi, turmush darajasi va shart-sharoitlari bir-biriga yaqin. Bunday muhit esa qo‘shni oila sohibalarining o‘zaro ahil, totuv yashashlariga zamin yaratadi.

 

ARSLON: “KOMANDIR BO‘LAMAN!”

Kichik serjant Shuhrat Parpiyev oila a’zolari bilan uch xonali uyga kirar ekan, eshik-romlarning zamonaviy materiallardan puxta tayyorlanganligi hamda ta’mirlash ishlarining sifatli amalga oshirilganligiga e’tibor qaratdi. Tabiiyki, so‘ngra uy jihozlarini qayerga joylashtirish bilan bog‘liq rejalar tuzildi. Oilaning to‘ng‘ich farzandi – yetti yashar Arslonbekka aksariyat bolajonlarga beriladigan savol bilan murojaat qildim:

– Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?

– Komandir!

O‘g‘ilning javobidan ota-ona menga mag‘rur boqdi. Niyatda gap ko‘p, shunday emasmi!? Kim bilar, ehtimol, vaqtlar o‘tib, ota kasbini egallagan yoshlar orasida ushbu bolani ham uchratarmiz.

 

ODOBLI BOLAGA YANGI UY

– Endi mening ham kattalardek o‘z xonam bor, – maqtandi yetti yashar Umarbek Ulashev. – Dadam bilan oyim uni men xohlagandek jihozlab berishdi. Oldin dadam: “Agar odobli bola bo‘lib yursang, davlat bizga yap-yangi uy beradi, unda alohida xonang bo‘ladi”, derdi. Mana qarang, endi qanday uyimiz bor, – degancha xonalarni menga birma bir ko‘rsatdi. – Uyimiz oldidagi bolalar maydonchasida o‘zimdan kichik va katta, ko‘p bolalarni ko‘rdim. Ularga ham uy berilibdi. Demak, ular ham ota-onasining aytganlarini qiladigan yaxshi bolalar ekan-da.

Yana o‘qing:  Yashnayotgan yurt – yasharayotgan yurt

… Harbiy shaharchadan ketar chog‘da oq laylakka yana bir nazar tashladim. U bilan bog‘liq timsollarni xayoldan o‘tkazarkanman, minnatdorchilik ruhi singdirilgan fikrlar, bolalar maydonchasida maza qilib o‘ynayotgan o‘g‘il-qizlarning beg‘ubor, sho‘x-shodon kulgusi, baxtiyor kishilargagina xos samimiy tabassumlar, quvonchga limmo-lim nigohlarni esladim. To‘g‘risi, o‘zimni shod, xurram his etdim. Inson qadri aziz Vatanimdan, tinch va farovon hayotimizdan, baxtu iqbolimiz va buyuk kelajagimizdan.

 

To‘lqin JUMANAZAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: