Go‘dakdan hayot isi keladi

… Lola ming bir hayajonda tug‘ruqxona ostonasiga qadam qo‘yarkan, avvalo Yaratgandan najot so‘radi. Shifokorlardan madad kutib, omon-eson ko‘zi yorishiga umid qildi.

Bo‘lajak onani qabulxonada navbatchi shifokor va hamshiralar ochiq chehra bilan kutib olishdi. Ularning “Hammasi yaxshi bo‘ladi, farzandingiz sog‘-salomat dunyoga kelishi haqida o‘ylang”, degan gaplari unga kuch va taskin berdi…

Poytaxtimizdagi 7-tug‘ruq majmuasida ish qizg‘in. Shifokor Umida Rustamovaning navbatchilikdagi ish jarayonini kuzatib, bunga amin bo‘ldik. Tajribali mutaxassis homilador ayollarga tez va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tug‘ilajak bolalarning sog‘lom dunyoga kelishi uchun zarur barcha yumushlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishga doimo shay.

– Shifokorlik, ayniqsa, doyalik o‘ta mas’uliyatli va sharafli kasb, – deydi U. Rustamova. – Chaqaloqning beg‘ubor “inga”sini eshitishingiz bilan qalbingizda allaqanday yorug‘lik paydo bo‘ladi. Bu biz uchun eng katta quvonch! Bilasiz, ona bo‘lish buyuk baxt. Sog‘lom farzandini bag‘riga bosgan onani ko‘rganimizda harakat va mehnatlarimiz zoye ketmaganiga ishonch hosil qilamiz.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Zero, u tufayli odamzod ezgu orzu-intilishlar bilan yashaydi. Shu bois sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2016 yilning Sog‘lom ona va bola yili, deb e’lon qilinishi mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi yana bir zalvorli qadamdir.

7-tug‘ruq majmuasida bo‘lajak ona va go‘daklar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

– Tug‘ruqxonamizda tibbiyotning yangicha davolash usullari, jahon andozalariga mos texnologiyalar amaliyotga tatbiq etilgan, – deydi chaqaloqlar bo‘limi mudiri Hilola Tohirova. – Majmuamizda erta dunyoga kelgan go‘daklar uchun alohida reanimatsiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda chaqaloq xuddi ona qornidagidek muhitda, ya’ni vakuumda parvarishlanadi. “SPAP” uskunasi yordamida unga uzluksiz kislorod yetkazib beriladi. Bundan tashqari bo‘lajak ona yurak xastaligi, buyrak yetishmovchiligi, jigar, qandli diabet kabi kasalliklarga chalingan bo‘lsa, kardiotokograf tibbiy uskunasi yordamida go‘dakning yurak urishini ona qornidayoq nazorat qilamiz. Ushbu zamonaviy moslama yurak ritmi va undagi o‘zgarishlarni juda aniq ko‘rsatib berishi bilan ahamiyatli.

Yana o‘qing:  Buyuk Britaniya – O‘zbekiston Ta’lim haftaligi bo‘lib o‘tdi

… Shifokorlar yana bir quvonchni qarshi olishdi! Poytaxtimizning Chilonzor tumanida yashovchi Lola Ahmadjonovaning birinchi farzandi dunyoga keldi. Onalik baxti va hayajonidan entikkan ayol chaqalog‘ini bag‘riga bosarkan, uning sog‘-omon tug‘ilganidan qalbida cheksiz mamnunlik va shukronalik hissini tuydi.

Shifokor “Bolangizning vazni 3, 5 kilogramm, bo‘yi 51 santimetr, tekshiruv natijalariga ko‘ra, u har tomonlama sog‘lom”, dedi. Yosh ona boshi osmonga yetgudek xursand bo‘lib, quvonchdan ko‘zlariga yosh to‘ldi. Dilbandini to‘qqiz oy vujudida ko‘tarib yurgan kunlari yodiga tusharkan, uning sog‘lom dunyoga kelishi uchun barcha zarur amallarni bajarishida qo‘llab-quvvatlagan oilasidan, turmush o‘rtog‘idan minnatdor bo‘ldi. Muntazam shifokorlar nazoratida bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish, dam olish, madaniy hordiq chiqarish – bularning bari bugungidek tengsiz saodatga erishishida muhim ahamiyat kasb etdi.

– Vrach va hamshiralardan minnatdorman, ularning shirin so‘zi, daldasi menga kuch berdi, – deydi L. Ahmadjonova. – Biz, onalarning baxtimizga yurtimizda shunday fidoyi kasb egalari, mahoratli mutaxassislar ko‘payaversin!

– Tug‘ruqxonamizda qirqqa yaqin shifokor va bir yuz oltmish nafar hamshira faoliyat yuritmoqda, – deydi tug‘ruqxona bosh shifokori vazifasini bajaruvchi Shahlo Toshxo‘jayeva. – Bugun har bir bola va ona alohida hamshira nazoratida bo‘lmoqda. Hamshiralarning bilimini boyitish maqsadida har hafta o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar o‘tkaziladi. Interfaol usulda tashkil etiladigan ushbu darslar orqali mutaxassislar bo‘lajak onaga yuksak sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish sirlarini amaliy muloqot va vositalar yordamida o‘rganib bormoqda.

… Bolasini bag‘riga bosgancha orom olayotgan ona. Navbatchi shifokor ularning har ikkisiga mamnun boqayotganini kuzatar ekanmiz, ich-ichidan yengil tortgani, barcha charchog‘i unut bo‘lganini his qildik. Yana bir yosh oilaning shodligiga sherik bo‘lgani, eng muhimi, zimmasidagi burchni ado etganidan ko‘ngli xotirjam edi, shifokorning.

Go‘zal SATTOROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: