RAVSHAN ERMATOV – 2015 YILNING ENG YAXShI HAKAMI!
O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil etilgan marosimda “Globe Soccer Awards – 2015”ning turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari taqdirlandi. Mazkur taqdirlash marosimida hamyurtimiz Ravshan Ermatov “Yil hakami” nominatsiyasida g‘olib chiqdi va ortda qolayotgan yilda jahonning eng yetakchi referisi deb topildi.
2003 yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan R.Ermatov futbol bo‘yicha deyarli barcha nufuzli turnirlarda hakamlik qildi. O‘zbek o‘g‘loni 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014 yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb topildi. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011 yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etdi. Uning hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuvni boshqarib, dunyo rekordini o‘rnatdi.
Ravshan Ermatov Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq 2010 yili “O‘zbekiston iftixori”, 2014 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda hamyurtimiz Erkin Doniyorov bronza medalga sazovor bo‘ldi.
T.ORTIQOVA