Pista (hajviya)

Hamsoya ayollarning “tashxisi” to‘g‘ri chiqdi. Qo‘shni kelin shifokor nazoratidan, UTT tibbiy uskunasi tekshiruvlaridan o‘tib ulgurmay ular “nishonni mo‘ljalga urdi”:

–Yangi yil bayrami arafasida Shodiyam ota bo‘ladiyov, – dedi Xosiyat yanga bir-birining pinjiga kirib yo‘lga tushgan kelin-kuyovlarni zimdan kuzatib, – lekin qiz tug‘iladi, kelinning qo‘li ochiq emas, myasorubka so‘rasang, tirjayib, “o‘zim go‘sht maydalab turuvdim”, tog‘ara so‘rasang “hozirgina kir chayib olsammikan, deb turgandim” deb bahona qiladi. Azbaroyi tutqich bermaydi, qurg‘urdan gazandaga otiladigan toshni ham undirib ololmaysan…

Shodiqulning bo‘lsa, og‘zi qulog‘ida, xotini homilador. Bo‘ydoqligida ota-onasining qistovi bilan zo‘rg‘a bajaradigan yumushlarni endi o‘zbilaridan maromiga yetkazib qo‘yadi. O‘tin yorib g‘aramlaydi, mol-holni saranjom qiladi. Hatto, tunda chiroq o‘chib qolishini ham inobatga olib, lampachiroqning qora churkagan shishalarini ham obdon tozalaydi. Oqshom cho‘kishi bilan kuyovlik to‘nini yelkaga ilib sekin ko‘chaga “yo‘rg‘alaydi”. Guzardagi do‘kondan o‘ng qo‘ltig‘iga bir dona banan, chap qo‘ltig‘iga bir qadoq sho‘rtak pistani joylab, ko‘chani to‘ldirib o‘tirgan tengqurlarining hazilu “hay-hay”lariga qo‘l siltab uyga shoshadi.

Vaqt degani yeldek yuguruk. Ayniqsa, shirin damlar, shirin orzu-o‘ylar bilan zumda o‘tib ketadi. Kelinning “yuki ancha og‘irlashdi”, Shodiqulning esa hadik-hayajoni ortgandan ortdi. Qolaversa, bu yog‘i Yangi yil…

Hamsoya ayollar topib aytgandi: kelin ancha pishiqqina. Qaynonaning ruxsatisiz birovning qo‘liga cho‘p ham tutqazmas, ro‘zg‘or ta’limini yaxshi o‘zlashtirar, qozon-tovoqni toza saqlar, pazandalikni do‘ndirar, shirin so‘zi bilan barchaning ko‘nglini olar, ha deganda “uh” tortmas edi. Xosiyat yanga hasadga to‘lib bir necha bor devordan qaynonasiga gap “irg‘itganida” ham qaynona-kelin o‘rtasida oralagan “olamushuk”ni ovlab, nizolarga kulib barham bergandi. Shunday qilib, kelinchak homiladorlikning so‘nggi kunlarida kechadigan “sim-sim” og‘riqni ham yengib, ichiga yutib yurdi. Shifokor bergan muddat ham kun oralay boshladi. Ammo buning ham nihoyasi bor edi.

Shodiqul ro‘zg‘ordagi kundalik yumushlarini saranjomlab, “g‘iz” etib do‘konga borib keldi. So‘ngra hovlining u yoq, bu yog‘iga ko‘z tashlab doim eshigini ochsa yoqimli ifor dimog‘iga uriladigan yotog‘iga hatladi. Qarasaki, xotini uyda, avzoyiga jismidagi og‘riqning aksi tushib turibdi.

– Ni-nima gap? Bosh-boshlandimi, – shoshib so‘radi Shodiqul. Kelin bir qaradi-da, yana o‘zi bilan ovvora devor suyanib yurdi. Shodiqul aybdor boladek ko‘zini olib qochdi. Yengidagi “tuhfa”larini bir-bir olib chiqib, oyna oldiga qo‘ydi:

– Sen-nga banan ob keldim, yevol! – xo‘rozdek bir kerilib oldi erkakligi yodiga tushib. Yigit qadoqni yirtib ochgandi, hayajondan ko‘proq kuch sarfladimi selofan xaltacha ikkiga ayrilib, pistalar har tomonga sochilib ketdi. Sho‘rtak pistadan birini g‘azab bilan og‘ziga tashladi, keyin egilib qolganlarini qo‘li bilan sidirishga tushdi.

–Voy-y, onajon-n! – qattiq dard tutib tuyqusdan xotini chinqirib yubordi. Shodiqulning qo‘rquvdan nafasi ichiga tushib ketdi. Rangi ko‘karib ikki qo‘li bo‘g‘ziga yopishdi: – Uhhu… xixxxx… Pista…

…Shodiqul ko‘zlarini ishqalab, bazo‘r ochdi – begona joy. Tamshangandi tomog‘ida achimsiq ta’mni his qilib, afti bujmaydi. So‘ng ari chaqqandek karavotdan sapchib turdi:

– O‘g‘lim uyg‘ondingmi, – eshikka behol suyanib turgan otasi yaqinladi, – yurakni yording, odam deganam shuncha shoshma-shoshar bo‘ladimi? Ha, aytgancha, kelinning “ko‘zi yordi”, tabriklayman! O‘g‘il!!!

Shodiqul va uning yaqinlari Yangi yilni qo‘shaloq quvonch bilan qarshiladi. Bayramga beshik, qovurdoqqa gazak, shirinlikka shirinlik ulandi. Biroq bayramdan ikki kun o‘tar-o‘tmas darvoza qoqib do‘konchining o‘g‘li keldi:

– Shodiqul aka, pistadan qarzingiz bor ekan, oyim so‘rab yubordi…

Yana o‘qing:  Va’da

Sherzod XUDOYQULOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: