TANNI QIZDIRUVCHI VA OZDIRUVCHI NE’MATLAR
Sitrus mevalar
Greypfrut, kivi, apelsin, limon, mandarin moddalar almashinuvini kuchli tezlashtiruvchi tabiiy mahsulotlar hisoblanadi. Chunki, uning tarkibidagi vitaminlar, kletchatka (dag‘al to‘qima) va mikro va makroelementlar shunday ta’sirga ega. Bundan tashqari bu mevalar tarkibidagi foydali elementlar immun tizimi faoliyatini ham mustahkamlaydi. Ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilaydi. Jigar, yurak va qon tomirlar xastaliklarining oldini olishda ularga yetadigani yo‘q.
S darmondorisi sitrus mevalarda ko‘p miqdorda uchraydi. Chunki, boshqa meva-sabzavotlar tarkibidagi bu vitamin oksidlanish jarayoni va qizdirilganda, shuningdek, mahsulot uzoq vaqt saqlash uchun olib qo‘yilganda to‘liq parchalanib ketadi. Apelsin, limon, mandarin sharbatlarini qaynash darajasida qizdirilsa ham o‘zining foydali xususiyatlarini yo‘qotmaydi.Mevalar ichida moddalar almashinuviga eng ijobiy ta’sir qiluvchi mahsulot sifatida greypfrut birinchi o‘rinda turadi. Bu mevalarning sharbatini ichgandan ko‘ra, uning mevasini iste’mol qilgan ma’qul. Chunki, unda ozuqaviy tola mavjud. Ushbu tola ichaklar peristaltikasi (harakati)ni yaxshilaydi va ich qotishi (qabziyat)ning oldini oladi.
Limonni oddiy qaynatilgan suv yoki xona haroratida turgan gazsiz suvga solib ichish ham foydali.
Moddalar almashinuvini ham yaxshilab, tanadagi ortiqcha yog‘larni parchalaydi. Limon jigarni tozalaydi va organizmni vitaminlar bilan to‘yintiradi.
Sitrus mevalar ichida nordon ta’mlisi ozishga yordam beradi. Ayniqsa, mandarinning olov rangli, ko‘rinishi anorga o‘xshash “kindik”li va uncha shirin bo‘lmagan, mazali “marokash” navlisi qorin va bo‘ksada yig‘ilgan yog‘larni yaxshi parchalaydi.
Ma’lumki, insonning uzoq umr ko‘rishida uning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim. Quyida biz moddalar almashinuvini tezlashtiruvchi 12 xil oziq-ovqat mahsulotlari xususida so‘z yuritamiz. Diyetolog (parhezshunos)lar organizmda issiqlik quvvati bir me’yorda saqlanishi va hazm jarayoni to‘g‘ri kechishi shuningdek, moddalar almashinuvini tezlashtiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilishni tavsiya etishadi.
Ko‘k choy
Shakarsiz ichilgan ko‘k choy ishtahani pasaytiradi. Me’da-ichak tizimi faoliyatini kuchaytiradi va hazm jarayonini yaxshilaydi. Bu choy tarkibida turli vitaminlar va rak hujayralariga qarshi samarali kurashuvchi antioksidant va biologik faol moddalar mavjud.
Shuningdek, ko‘k choy qonda qand miqdorining me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi. Bunga sabab esa bu mahsulot qondagi xolesterinni kamaytirib, zararli yog‘larni parchalab, organizmni xiltlardan tozalaydi. Uning tarkibidagi pektin moddasi tufayli me’dadagi og‘irlik hissi yo‘qoladi.
Sut mahsulotlari
Sut mahsulotlari kalsiy moddasi va D vitaminiga boy. Bu esa mushak to‘qimasi rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Tarkibidagi yog‘ miqdori kam bo‘lgan sut mahsulotlarini iste’mol qilish ortiqcha vaznning oldini oladi. Bir kunda uch mahal ushbu mahsulotlardan muntazam tanovul etish 70 foizgacha moddalar almashinuvini tezlashtiradi. Yog‘siz tvorog tarkibida ko‘p miqdorda oqsil mavjud va unda pishloq kabi tuz bo‘lmaydi.
Bodom
Tabiatning bu tansiq mevasi ham ko‘pgina foydali mineral va vitaminlar manbaidir. U moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir etadi. Bu quruq mevani muntazam iste’mol qilib turgan odamning ko‘rish qobiliyati oshadi. Shuningdek, bodom yurak va qon tomirlar tizimining ham me’yorda faoliyat yuritishiga ko‘maklashadi. Uning tarkibida tabiiy oqsil mo‘l. Yana bodomda yarim to‘yingan foydali yog‘ kislotalar va turli kamyob mikroelementlar uchraydi. Bodom odamni uzoq vaqt to‘q tutadi. Shuni unutmaslik kerakki, bu mahsulot juda kaloriyali va uni me’yorda iste’mol qilish zarur.
Kofe va qora achchiq shokolad
Bir finjon qaynoq kofe ichish yoki shokolad iste’mol qilish organizmda moddalar almashinuvini 3-4 foizga tezlashtiradi. Uning tarkibidagi kofein lahzada moddalar almashinuvini kuchaytiribgina qolmay, yurak urishini ham tezlashtiradi. Qon aylanishini yaxshilaydi. Demak, qon qizib tanadagi ortiqcha kaloriyalar parchalanadi. Bir kunda 2-5 ta kichikroq finjonda kahva ichish mumkin. Qon bosimi yuqori insonlar qahva o‘rniga ko‘k choy ichganlari ma’qul.
Olma
Bu meva ham organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Bir kunda 3-4 dona ko‘k olma yegan odam yurak, qon tomirlar tizimi xastaligiga chalinmaydi. Qizil rangli va shirin olma tarkibida uglevodalar ko‘p bo‘lganligi sababli qandli diabetga chalingan bemorlar va ortiqcha vaznga ega shaxslarga ko‘k olma yeyishni tavsiya etamiz. Shuningdek, ushbu mahsulot insonni yoshartiradi. Uning tarkibida yana rak hujayralariga qarshi kurashuvchi antioksidantlar mavjud.
Ismaloq
Uning sharbatida ko‘p miqdorda marganets moddasi mavjudligi sababli organizmda moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, bu modda qon tarkibi va suyaklarga ijobiy ta’sir etadi. Miya faoliyati hamda uning endorfin – “baxt gormoni” ishlab chiqishi uchun muhim ahamiyatga ega. Yangi unib chiqqan (sarxil) ismaloqni ko‘katlar “qiroli” deyish mumkin. Chunki, uning tarkibida foydali moddalar, oqsil, kletchatka juda ham mo‘l.
Ammo ismaloqning barglari katta-katta bo‘lib, dag‘allasha boshlasa uni iste’mol qilmagan ma’qul. Uning dag‘al barg va poyalarida shovul kislota ko‘payib ketadi. Bu esa buyrak-tosh kasalligini keltirib chiqaradi. Ismaloq, otquloq, shovul kabi turdosh o‘simliklar buyrak-tosh kasalligi mavjud va buyrak hamda peshob tizimi xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etilmaydi.
Loviya
Uning tarkibida ham magniy, kaliy, temir kabi elementlar moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir etadi. Loviya oqsilga boy mahsulot hisoblanadi. Ayniqsa, qizil loviya ham grechka kabi kamqonlikda juda foydali ta’sirga ega. Biroq, mosh va no‘xat kabi loviya ham me’da-ichak tizimi yallig‘lanish kasalliklari va bu sohaning yara kasalliklari hamda o‘t qopi qiyshiqligi va o‘t yo‘llari dimlanishida tavsiya etilmaydi.
Karam
Uning to‘q yashil tusli brokkoli navi va dengiz karami yod moddasiga boy. Shu sababli bu modda qalqonsimon bez faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Gulkaram tarkibida ham jag‘-jag‘ shifobaxsh giyohi kabi K vitamini mavjud. Bu vitamin esa qonni quyultiradi. Oq boshli karam, gulkaram, brokkoli tarkibida S vitamini va kalsiy moddasi va boshqa shu kabi foydali mikro-makroelementlari mavjud. Yana bu karam tarkibida juda ko‘p miqdorda dag‘al o‘simlik tolasi (kletchatka) bor. Shu sababli u ichaklar harakatini yaxshilaydi. Bu esa qabziyat bilan og‘rigan bemorlar uchun foydali. Yana yangi tayyorlangan achitilgan karam suvini iliq holda ichish ham me’da-ichak tizimiga ijobiy ta’sir etadi. Ammo me’da shirasi nordonligi oshib ketgan va me’da hamda o‘n ikki barmoq ichagida yarasi mavjud bemorlarga achitilgan karam va tuzlamalar tavsiya etilmaydi.
Qalampir
Qizil, ko‘k va sariq rangli qalampirlar tarkibidagi kapsaitsin moddasi unga achchiq ta’m beradi. Achchiq qalampir ham moddalar almashinuvini tezlashtirish xususiyatiga ega. Shuningdek, bu mahsulot yurak urishini ham kuchaytiradi. Yana u vujudni qizdirib, tana haroratini ham oshiradi. Qalampir solingan taomlar va oziq-ovqat mahsulotlari moddalar almashinuvini 25 foizga tezlashtiradi. Nottingem universiteti olimlari olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra qalampir tarkibidagi kapsaitsin moddasi xavfli o‘sma(rak) hujayralarini nobud qiladi.
Karri (hindcha ziravor)
Bu ziravor ham “chili” navli achchiq qalampir kabi organizmda moddalar almashinuvini kuchaytiradi. Natijada tanadagi ortiqcha kaloriyani parchalaydi. Taom va salatlarga zanjabil, karri, dolchin va turli xushbo‘y ziravor giyohlar (lavr yaprog‘i, zira, zirk, murch)ni solib organizmda moddalar almashinuvini 10 foizga kuchaytirishga erishish mumkin. Dolchin qonda yomon xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Don mahsulotlari
Kepakli qora un tarkibida dag‘al o‘simlik tolasi klechatka mavjud. Bu moddani o‘zlashtirish uchun esa organizm ko‘p kaloriya yo‘qotadi. Shu sababli ham moddalar almashinuvi tezlashadi. Butun donli mahsulotlar tarkibida tabiiy mikro va makroelementlar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Barcha oziq-ovqat do‘konlarida suli, tariq, bug‘doy kabi butun donli mahsulotlar sotiladi. Bu mahsulotlar ularning oshlangan yormalaridan yoki qayta ishlangan navlaridan ko‘ra foydaliroqdir.
Gulchehra ShIRINOVA