USTOZ MEHNATI – O‘QUVCHI MUVAFFAQIYATI
Istiqlol yillarida yoshlarimizning bilim olishlariga bo‘lgan e’tibor har qachongidan-da kuchaydi. Malakali mutaxassislar yetishtirish borasida dadil qadamlar tashlandi. Bu yillarda Toshkent viloyati Quyichirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida ham samarali ishlar amalga oshirildi. Bunga biz kollej direktori G‘afforjon Shodmonov bilan bo‘lgan suhbatimiz jarayonida ishonch hosil qildik.
Tajribali, mehnatkash, intiluvchan G‘afforjon Shodmonov 1986 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomladi. So‘ngra ilk faoliyatini Toshkent shahar M.Ulug‘bek tumani “Tashselmash zavodi”ning muhandis-texnologi vazifasida boshladi. 1989-90 yillar oralig‘ida O‘rta Osiyo xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrilizatsiyalashtirish instituti konstruktorlik bo‘limining yetakchi konstruktori vazifasida ishladi. Bir so‘z bilan aytganda bu kishi o‘z kasbining haqiqiy mutaxassisi bo‘lib tanildi. Sohada ko‘p yillik bilim va tajriba orttirdi. Ayni o‘quv dargohida faoliyat olib borib soha bo‘yicha mutaxassis tayyorlash, ularning tajribasini oshirish borasida ham ko‘nikmalari shakllandi.
– Xalqimiz orasida “Harakatda barakat” degan naql kundalik gap sanaladi, – deydi G‘offorjon Shodmonov kollej miqyosida olib borilgan ishlar xususida so‘z ochar ekan. – Hech bir ish o‘z o‘zidan amalga oshmaydi. Yurtimizdagi, shuningdek, kollej miqyosida bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar zamirida tinch va farovon yurtimiz va ta’lim sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlarning o‘rni muhim. Ahil jamoamizning izlanuvchanligi sabab kollejda soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zavtosanoat” kompaniyasi va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan Toshkent viloyati Quyichirchiq kasb-hunar kollejining moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash, o‘quvchilar uchun o‘quv amaliyot bazasini tashkil qilish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish, sinf xonalari hamda o‘quv ustaxonalarini hujjatlar, ko‘rgazmali qurollar bilan boyitish bo‘yicha qo‘shma qaror loyihasi va chora-tadbirlari rejasi ishlab chiqildi. Zamonaviy ko‘rinishdagi bino, ta’lim olishda barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan sinf xonalari malakali kadrlarni tayyorlashdagi muvaffaqiyatning yarmini tashkil etsa, tajribali o‘qituvchilarning bilim berishi va o‘quvchilarning tajribasini oshirib borishi qolgan yarmini belgilab beradi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab-chiqarish ta’limi ustalari ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, chora-tadbir rejasida Quyichirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining maxsus fan o‘qituvchilari uchun Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bazasida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tomonidan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-me’yoriy hujjatlari, o‘qituvchilarning dars ishlanmalari qayta ko‘rib chiqildi va mazmunan takomillashtirish darsliklar, metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Darslarning samaradorligini oshirish bo‘yicha kollejning 57 nafar o‘qituvchisi malakasini oshirish, 2 nafar o‘qituvchini qayta tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir qator professor-o‘qituvchilar taklif etilib, soha bo‘yicha o‘quvchilarga ta’lim berib kelishmoqda.
Kollej o‘qituvchilarining sa’y-harakati bilan ular tomonidan ta’lim jarayoniga bir qator yangiliklar kiritildi. Xususan L.Roziqova tomonidan yaratilgan “O‘simliklarni himoyalash mashinalari” mavzusidagi uslubiy qo‘llanma, matematika fani o‘qituvchisi R.Qayumova “Modelli tenglamalar yechishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida matematika darslarida foydalanish uchun uslubiy qo‘llanmasi, ingliz tili fani o‘qituvchisi Aziz Saribayev 1-kurslarda ingliz tili fanini o‘qitish mavzusida, informatika fani o‘qituvchisi Alisher To‘raqulov dasturlash fanidan laboratoriya ishlarini bajarish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqdi. Ular tomonidan yaratilgan ayrim o‘quv ishlanmalari, o‘quv amaliyotini o‘tkazishda samarali foydalanish uchun ommalashtirildi.
Kollej o‘quvchilari tomonidan qator muvaffaqiyatli natijalar qayd etilishi ham ta’lim samaradorligini oshirishda yaratilgan shart-sharoitlar va e’tibor natijasidir.
“Chorvachilik bo‘yicha fermer xo‘jaligini tashkil etish va yuritish” mutaxassisligi bo‘yicha Mirzali Nazarov, “Qishloq xo‘jalik mashina va jihozlarini ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchi kurs o‘quvchisi Nizomiddin Husanov “Kasb mahorati” viloyat ko‘rik tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladilar. Muhabbat Rasulova ona tili va adabiyot fanidan, Dmitriy Ten rus tili fanidan, Muhammadjon Ismatov geografiya fanidan, Aliya Mambetova informatika fanidan tumanda birinchi o‘rinni egallab viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, kollej miqyosida o‘quvchilar turli sport musobaqalarida ishtirok etib kelmoqda. Erkin kurash sport turi bo‘yicha Akbarshoh Bobonazarov O‘zbekiston Chempionatida saralash musobaqalarida 55 kg.lik vazn toifasida 1 o‘rinni egalladi. Iskandar Alibayev, viloyat hududiy “Barkamol avlod” sport musobaqasida birinchi o‘rinni egallab 1 toifali razryad egasi bo‘ldi.
Kollejda ma’naviy ishlar ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish, ularni ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib turiladi. Bunday tadbirlar esa o‘quvchilarimizning ma’naviy dunyoqarashi yuksalishiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Ayni kunlarda ilm maskanida 30 dan ortiq fan va o‘quv to‘garaklari mavjud.
Oygul RAZZOQOVA