Hech bo‘lmasa jilmayib, tabassum ulashing

Har doimgidek ishga kelamiz-u, tumanlarga, chekka-chekka qishloqlarga yo‘l olamiz. Yo‘llarning pastu balandligiga qaramay oldinga odimlab boraveramiz. Kasbimizning zavqi ham shunda-da. Ustiga-ustak shu hafta shanba-yakshanbada xizmat safariga jo‘nash lozim. Bu safar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani Xalqobod posyolkasida yashovchi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, yolg‘iz keksalar va nogironlarni, bolalar, yosh o‘smirlarni va fertil yoshidagi ayollarni tibbiy-ijtimoiy yordam brigadamiz tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish edi.

Ish qizg‘in avj olib turgan payt bir ayol sekin qadam bosib kelayotgan To‘maris ismli qizini yetaklab shifokor Orazgul Yembergenovaning oldiga o‘tqazdi.

– Do‘xtir, qizimni ko‘rib qo‘ysangiz. Keyingi paytlarda yurishga qiynalib, maktabga ham bora olmayapti. Uyda davolanayapti, – deya gap boshladi. Shifokor ilinj istab kelgan ayolga tabassum qildi-da, qizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkaza boshladi. Tekshiruv natijasida To‘marisning tug‘ma yurak nuqsoni bilan kasallanganligi aniqlandi. Ammo shifokor qani endi buni onaizorga ayta olsa… ammo sir boy bermadi. Onaning ko‘ngliga taskin berib, jo‘natdi. Ammo qizaloqning ahvoli borasida kun davomida bosh qotirdi.

Orazgul opa “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan Koreya Respublikasidan malakali shifokorlar kelib tug‘ma yurak nuqsoni bilan kasallangan kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul operatsiya qilayotganidan xabari bor edi. Bu operatsiyaga yo‘llanma olish uchun To‘maris haqida ma’lumotlarni markazga yetkazdi. Qizaloq Toshkent shahrida malakali shifokorlar tomonidan operatsiya qilinadigan bo‘ldi. Shukr, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli kechdi.

Endilikda To‘maris avvalgi holidan anchagina yaxshi. Ko‘cha-ko‘yda uni maktabga shoshib ketishlarini ko‘rib dildan quvonaman. Kuni kecha qizaloq haqida Qoraqalpog‘iston Teleradiokompaniyasining “Yaxshidan sharofat” nomli telekursatuvi namoyish qilindi. To‘maris nafaqat maktabga borayotgani, balki sport to‘garaklarida ham faol ishtirok etayotgani haqida ta’kidlab o‘tildi. Bir qizaloqning baxtiga, orzularining qanot qoqishiga sababchi bo‘lgan insonlar, shuningdek “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondiga alohida minnatdorlik bildirgani ko‘nglimni to‘lqillantirib yubordi. O‘z kasbining bilimdoni, tashabbuskor, ko‘p­lab tumanlar, mahalla-yu, o‘quv muassasalarida tibbiy ko‘rikda faol ishtirok etib, yordamga muhtoj oilalarga beminnat yordamini, g‘amxo‘rligini ayamaydilar.

Voyaga yetmaganlar va ayollar davrasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish”, tibbiy madaniyatni oshirish borasida turli suhbatlar olib boradi. Uning qiziqarli o‘tishini ta’minlashga harakat qiladi.

Yana o‘qing:  USTOZ MEHNATI – O‘QUVCHI MUVAFFAQIYATI

Orazgul opa Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, profilaktikaga asoslangan tan-sog‘liqni saqlash va rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yuqori malakali shifokorlardan.

Ona va bola salomatligi – oila mustahkamligi, turmushimiz obodonligini ta’minlaydi. Zero, sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. O‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati, yosh avlodga g‘amxo‘rligi tufayli va uzoq yillik samarali mehnatlari inobatga olinib Orazgul Yembergenova “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni va tashakkurnomalar bilan takdirlandi. Birgina bu emas, joriy yilda Orazbul Yembergenova Davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Ha, shifokorning ishi oson emas. Ba’zida, shunday bemorlar keladiki, uning dardini bilaturib, qo‘lingdan hech qanday chora kelmasligi ko‘ngilni ezadi. Shunday vaqtlarda Orazgul opa hamkasblariga “Hech bo‘lmasa jilmayib, tabbassum ulashing”, deya uqtiradi.

Rano AUYEZOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali ijtimoiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: