OCHILAQOL, KUMUSH SANDIQ

Sog‘inganimiz qishga yetdik. Faslning jozibalari o‘ylarimizni o‘rmonlarga yetaklaydi. U sirli makonlarda ertaklar yashaydi. Yillar o‘tsa-da, eshitganlarimiz takrorida ezguliklar yengilmas Kuchbobo – Qudratboboligini anglab ulg‘ayaveramiz.

Kumushrang sandiqning hukmdori qish o‘z xazinasini tog‘u o‘rmonlarda ochib faslni safarga yo‘llaydi. Qor uyumi izg‘irin bilan quvlashmachoq o‘ynaydi…

Qish qorni yetaklab keladi-mi yo qor qishni bilmay qolamiz… Shoxdor bug‘ularda orzu manzillari tomon yo‘l olamiz.

Aziz bolajonlar, Sizning orzularingiz qachon eng ko‘p bo‘ladi?! Orzu taxmoningiz Oyga yetadigan, qulochlaganingizda daryoyu dengizlardan ham uzayib ketadigan bo‘ladi?

… To‘g‘ri, juda ham to‘g‘ri topdingiz: Yangi yil yaqin qolganda.

Yana ayting-chi, eng baland uchadigan narsa nima?

Yangi yilning qadamlari eshitilganda u yana ham tik va tez uchadi — hatto raketadan ham.

Topag‘on bolajonlar, so‘z avvalidanoq siz uning orzuligini bilib bo‘ldingiz. Ha, hammamiz niyatimizni sehrgarga aytgimiz keladi, o‘zimiz ham sehrgarga aylangilarimiz kelib ketadi. Qo‘l ushlashib davra quramiz. Tilidan topishmog‘i to‘kiladigan Qorqizning, qopida o‘yinchog‘i “liq-liq” Qorboboning tashrifini kutamiz.

Qorbobo tutgan asoda sirlar berkinmachoq o‘yinini boshlaydi.

Daraxtlarning kumush ko‘ylaklariga kumush kapalaklar qo‘nadi. Uyqusiragan qor yerni yostiq qiladi. Ayoz qorning qo‘lidan tutib, Ona Zaminni aylantirib chiqadi. Qor uchqunlari qanot bog‘laydi — goh kapalakka aylanadi, goh uyquchan bola misol “dup-dup” yiqiladi…

Pag‘a-pag‘a qor yog‘adi…

Pag‘a qorning qo‘llarini ko‘rganmisiz?! Uning kaftlaridagi barakaning nurlariga ko‘zingiz tushganmi?! Siz bilib-bilmay qorga lab bosganingiz bejiz emasligini anglagandirsiz!

Taqvimnomaga qarab ko‘zlarimga ishonmayman. Oddiy kun – vaqt — raqamlar endi mo‘jizaga aylanib ko‘rinadi: unda bolalikdan ulg‘ayish ostonasiga yo‘l bosasan! Beixtiyor vaqt izmiga tushasan — katta orzu o‘ylar, maqsadlarga esh yo‘llar qo‘lingdan tutadi. Shunda aziz elning erka farzandi ekanligingdan g‘ururga to‘lasan! Sen shu obod yurtning munosib vorisi bo‘lasan!

Kumushrang to‘ladi dunyoga! Naqqosh ayoz kumushrang saltanatining jozibasini oynaklarga shunday muhrlaydi-ki, bunda sehr o‘zligini unutadi.

Oynaklardagi jumboq suratlarga qarab har bola o‘z ertagining qahramonlarini topganidan chapak chaladi. Bu sirni kuzatib turgan Ayozbobo kulib qo‘yadi. Yelkalarga qo‘lini tashlagan Qishboboning barmoqlari haroratli… Qorboboning yonida Xayolbobo yashaydi, Qorqizning ertaklarida Orzuqiz o‘ylari ulg‘ayadi…

Yana o‘qing:  Jamg‘arma faoliyatidan (2012/52)

Qor so‘zga kirgan tun uzayib ketadi… Kumush sandiq lang ochiladi…

Bayramlarning a`losi Yangi yil boshlanadi.

Dilfuza SHOMALIKOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: