YILNING ENG YAXShILARI E’TIROF ETILDI
Poytaxtimizdagi muhtasham “Istiqlol” san’at saroyida “E’tirof – 2015” tanlovi bo‘yicha bir nechta nominatsiyalarda yilning eng yaxshilari e’lon qilindi. Xususan, sport yo‘nalishida ham mavsum qahramonlari nomi ma’lum bo‘ldi.
Yilning “Eng yaxshi sportchisi” sifatida taekvondo VTF bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Dmitriy Shokin e’tirof etildi. U joriy yilda Rossiyaning Chelyabinsk shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lib, o‘zbek taekvondochilari orasida ilk jahon chempioniga aylandi. Shuningdek, ko‘plab musobaqalarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Erishgan muvaffaqiyatlari sabab “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. U dunyo reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Yilning “Eng yaxshi sport murabbiyi” nominatsiyasida Jalil Yusupov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Sport malikasi” nominatsiyasida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Diyora Keldiyorova “E’tirof – 2015”ga sazovor bo‘ldi. Diyora shu yil Bosniya va Gersegovinaning Sarayevo shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz xazinasini oltin medal bilan boyitgandi. “Yil paralimpiyachisi” yo‘nalishida esa Husniddin Norbekov g‘olib deb topildi.