MUZEYGA EMAS, KO‘NGILGA SAFAR

Tasviriy san’at muzeyiga yo‘lingiz tushganmi? Agar bormagan bo‘lsangiz, albatta, muzey safariga otlaning. Zero, ona tabiat, atrof-muhit, qo‘yingki, jamiki borliq ranglar yog‘dusida ifoda etiladi. Bu shunchaki ifoda emas, balki rangin bo‘yoqlarning tarannumidir. Buni rasm qarshisida turib, o‘yga tolgan kishining yuz ifodasidan anglash qiyin emas.

Bir kitobni o‘qish uchun kishi 2-3 kun sarflaydi. Mazmunli kinofilmlarga 1-2 soat va undan ko‘proq vaqti ketadi. Sayohatlarga chiqish ham uzoq-yaqinligiga qarab ma’lum kun, hatto bir haftani band etadi. Tasviriy san’at asari qarshisida qolish uchun bor yo‘g‘i bir necha daqiqagina kifoya, xolos. Ammo, inson shu lahzalar oralig‘ida, voqea, hodisa, holatning ma’lum bir zumdagi ko‘rinishi borasida ma’lumot olishi bilan bir qatorda voqea rivoji, mohiyati, kishilarning ma’naviy qiyofasi, psixologik holati, xarakteri asarning butun boshli ma’no-mazmuni, uning kechinmalari to‘g‘risida ham tasavvur beradi. Shuningdek, rassomning o‘y-xayollarini anglaydi, his etadi, zavqlanadi. Rassom esa o‘quvchiga lahzalik zavqni baxshida etishi uchun yillarini, ba’zan umrini sarf etishga to‘g‘ri keladi. Ehtimol shuning uchundir bunday asarlar millatning milliy boyligiga aylanadi.

O‘zlarining o‘lmas asarlarida ijobiy qudratini, chiroyini, ulug‘vorligini, adolat tantanasini katta mahorat bilan aks ettirgan, uyg‘onish davrining buyuk iste’dodlaridan Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo, Titsian kabilar shular jumlasidandir. Xususan, tasviriy san’at yurtimizda ham keng quloch yozgan. O‘zining qadimiy ildiziga ham ega. Zero, o‘rta asrning mohir musavviri Kamoliddin Behzod chizgan suratlar ham mana necha asrlar o‘tgan bo‘lsa-da hali-hanuz o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Shuningdek, L. Salimjonovaning “Qiz portreti” (1968), A. Nazirovning “Alisher Navoiy” (1968) portreti, T. Muhammedovning “Farhod va Shirin” ertagiga ishlangan illyustratsiyasi (1969), O‘. Tansiqboyevning “Tog‘dagi chiroqlar” kabi asarlari sara asarlardandir.

Bir so‘z bilan aytganda, tasviriy san’atning yoshlarga tarbiyaviy ahamiyati katta. Shu bois biz estetik didimizni shakllantirishga yordam beradigan suratlarni targ‘ib qilishimiz, ular bilan yaqindan tanishtirib, tengdoshlarimiz va kelajak avlodga ma’naviy zavq ulasha olishimiz kerak. Buning eng yaxshi yo‘li esa, albatta, san’at muzeylariga borish. Ba’zi yoshlar san’at muzeyiga borib surat tomosha qilishni shunchaki ermak yoki vaqt o‘tkazishning bir yo‘li deb bildi. Ammo bunda biz anglab yetmagan jihatlar ham yo‘q emas.

Яна ўқинг:  Бу аслида илк қўнғироқдир

Musavvir Vatanning bepoyon manzaralari, sirli va tarovatli so‘qmoqlardan tortib, hosilidan qaddi bukilgan daraxtlarga to‘la bog‘-rog‘larini, yurtimiz manzaralarini ranglar orqali ifoda etarkan, o‘quvchi tabiatining betakrorligidan zavqlanadi. Yurtning o‘sha maskanlarida kezganday bo‘ladi. So‘ng qalbida mana shunday jannatmonand Vatanda yashayotganidan faxrlanadi. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz siymosi muhrlangan suratlar esa, bizga buyuk ajdodlarimiz borligidan g‘ururlanish, ularga munosib vorislar bo‘lishday ezgu hislatlarni in’om etadi. Ana shu vatanparvarlik ruhining jo‘sh urishi emasmi!? Tasviriy san’atning ta’siri emasmi!?

Ertak qahramonlariga ishlangan suratlar-chi? Ularni sevib tomosha qilmagan odam kamdan-kam topiladi. Birgina “Zumrad va Qimmat”, “Egri bilan to‘g‘ri” kabi ertaklarga ishlangan suratlardan qanchalar zavq oladi, kishi. “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Balogardon”, “Yodgor” kabi dostonlarga ishlangan suratlarni ko‘rib afsonaviy qahramonlarning mislsiz jasorati, mardligi, yov bilan bo‘lgan qahramonona to‘qnashuvlari o‘quvchi ko‘z oldida gavdalanadi.

Men yuqoridagi fikrlarim bilan tengdoshlarimga pand-nasihat qilish, u yaxshi-yu, bu yomon deyish fikridan butunlay yiroqman. Shunchaki, dunyoning betakror ranglaridan zavq olishni o‘rganaylik. Zero, ana shu bo‘yoqlardan tashkil topgan rangin ijod ko‘ngil tub-tubidagi samimiy hislarning ifodasidir.

Yahyobek QOSIMOV,

Andijon davlat universiteti pedagogika fakulteti tasviriy san’at yo‘nalishi 2-bosqich talabasi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: