FARZANDLAR SALOMATLIGIGA KAMARBASTA
Qish kunlarining birida nabiram qattiq og‘rib qoldi. Abdulloh tinmay yo‘talar, isitmalab, harsillab nafas olardi. Qo‘rqib ketganimdan uni qayerga olib borishimni bilmay tanishlarimga “Bizga tajribali bolalar shifokori kerak”, deya murojaat qildim. Ular poytaxtda joylashgan Toshkent viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot birlashmasi filialining “Erta yoshdagi bolalar kasalliklari bo‘limi”da malakali mutaxassis borligini aytishdi. Bolalar shifokori Burhon Rasulovni izlab borganimizda uning qabulida bir guruh onalar bolalari bilan navbat kutib turardi.
Navbat bizga yetib keldi. O‘rta yoshdagi yuzida nur balqib turgan shifokor xushmuomalalik bilan ona va bolalarni kutib olar edi. U nabiramning onasidan avval go‘dak olgan muolaja, uning qanday xastaliklar bilan og‘rigani, mahsulotlar iste’mol qilishi haqida batafsil so‘rab-surishtirdi. Ma’lumotlarni olgach, yo‘talayotgan Abdullohning o‘pkasini obdon eshitdi. U bizga bolani darhol filialdagi pulmonologiya bo‘limida yotqizish va davolashni boshlashni, aks holda bronxlar yallig‘lanishi tufayli xuruj qilgan o‘tkir nafas yo‘li kasalligi nafas qisish asoratini berishi mumkinligini tushuntirdi. Uning to‘g‘ri va vaqtida bergan maslahati tufayli nabiram sog‘ayib ketdi.
– Maktab davridanoq tibbiyot sohasiga qiziqqanman. Bunga akamning stomatologligi sabab bo‘lgan. Shu bois oq xalatli, ozoda va pok yuruvchi shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Maktabni bitirgach O‘rta Osiyo pediatriya tibbiyot instituti (hozirgi ToshPTI)ga hujjat topshirdim. 1979 yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomlaganimdan so‘ng oliygoh tomonidan ilmiy ish qilishim uchun Moskvaga yo‘llanma berildi. Oilaviy sharoitim to‘g‘ri kelmagani bois Qashqadaryo viloyatining chekka tumanlari bo‘lgan Mirishkor va Muborak tumani aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni lozim topdim. U yerda bolalar o‘rtasidagi kasalliklarni davolash va bartaraf etish yo‘lida viloyat bosh pediatri bilan birgalikda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, klinik va biokimyoviy tahlillar asosida tekshirib, bolalar kasalliklarini aniqlash va davolash hamda aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha tajriba orttirdim. Qarshi shahrida bolalar salomatligi yo‘lida xizmat qildim.
Shundan so‘ng O‘rta Chirchiq tumanida avval hudud bolalar shifokori, tuman shifoxonasida bosh shifokor o‘rinbosari va bosh shifokor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdim.
Mana, ko‘p yildirki, poytaxt markazida joylashgan Toshkent viloyat tibbiyot birlashmasi filiali “Yoshga doir bolalar kasalliklari bo‘limi”da bo‘lim boshlig‘i vazifasida ona va bola salomatligi yo‘lida xizmat ko‘rsatib kelyapman.
Ilmiy ish qilmaganimdan aslo o‘kinmayman. Chunki, minglab ko‘zmunchoq bolajonlarning sog‘ayishiga, bolalar kasalliklarining oldini olish va davolashda nafim tegyapti. Eng muhimi, men bolajonlarga asqotadigan shifokor ekanligimdan mamnunman. Ular sog‘aygach, shodon sho‘xligiyu jilmayishlarini ko‘rib, qalbimda faxr tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Ayniqsa, ota-onalarning yuzi va so‘zidagi minnatdorlik menga kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlaydi, – deydi kamtarlik bilan Burhon Rasulov.
Ha, agar shifokor o‘z kasbini sevsa va izlansa, unga mehriyu qalbini fido qilsa, u albatta hurmat va e’tiborga erishadi. Burhon Rasulov ham o‘z fidokorona mehnati va izlanishlari bois O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligining “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. U bo‘limda davolanadigan qanchadan-qancha bolalarga yordami tegishidan tashqari, maslahat yoki yordam so‘rab kelganlardan ham aslo ko‘magini ayamaydi. Bugungi kunda uning maslahat va o‘gitlari hamda yaxshi xislatlaridan ibrat olgan o‘nlab shogirdlari respublikamizning turli joylarida bolalar o‘rtasidagi kasalliklarni davolash va bartaraf etish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. Ana shunday shifokorlardan Mavjuda Yunusova, Nargiza Aliyeva kabi tajribali bolalar shifokorlari ustoz bilan doimo hamfikr va maslakdosh.
Maryam AHMEDOVA