ORTIQCHA VAZN – MUAMMOLAR GIRDOBI
ayniqsa, bolalarni undan asrash kerak
Bola salomatligining eng yaxshi ko‘rsatkichi, katta bo‘lgan sari tana og‘irligining bir tekis ortib borishidir. U qat’iy belgilangan chegarada bo‘lishi lozim. Vaznning kamligi ham, uning ortiqchasi ham muammolarni keltirib chiqaradi. Semizlik doimo yurakka og‘irlik tushiradi. Organizm ortiqcha og‘irlikni olib yurishdan tashqari, yog‘ to‘qimalarini qon, kislorod, oziq moddalar bilan ta’minlashiga ham to‘g‘ri keladi. Yog‘ning ortib ketishi, to‘qimalarda suv turib qolishiga sabab bo‘ladi. Demak, yurak suyuqlikni ko‘proq haydashga majbur bo‘ladi.
Qorin bo‘shlig‘idagi ortiqcha yog‘ diafragmaning qisqarishiga xalal beradi. Binobarin, ko‘krak qafasi ham nafas olayotganida qonni “so‘rolmay” qoladi. Natijada yurakning qo‘shimcha mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Yog‘simon moddalar tomirlarning qayishqoqligini yo‘qotib, uning devorlariga yig‘iladi. Bu ham yurak faoliyatini qiyinlashtiradi. Semirish (yog‘ bosish) yassi tovonlikka, umurtqa pog‘onasining qiyshayishiga olib keladi. Arterial qon bosimining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Odam semirganda ichki sekretsiya bezlarining faoliyati buziladi. Moddalar almashinuvi sustlashadi. Asab tizimida bir qator o‘zgarishlar boshlanadi. Jinsiy rivojlanish kechikadi, organizmda gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar va yuqumli kasalliklarga nisbatan qarshilik kamayadi. Qand kasalligiga moyillik paydo bo‘ladi. Asta-sekin gavdaning tuzilishi o‘zgara boshlaydi. Son va yelkalar yumaloqlashadi, qorin, tos va ko‘krak atrofida yog‘ qatlami yanada rivojlanadi. Do‘mboq bola o‘tirganida qorin devorida qalin yog‘ qatlamlari paydo bo‘ladi. Bunday bolalar beso‘naqay bo‘lib o‘sadi. Ular ulg‘ayganida esa boshqalardan ko‘ra ko‘proq qon bosimi, yurak va miya tomirlarining ateroskleroz, qand kasalligi bilan og‘riydi. Ular tez qariydi, ishga yaramay qoladi. Semizlik har doim o‘zida kutilmagan xavflarni saqlaydi.
Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, semizlik bola psixologiyasini o‘zgartirib boradi. U harakatli o‘yinlarga, ochiq havoda sayr, ommaviy o‘yin-kulgilarga befarq bo‘lib qoladi. Bunday bolalar, odatda, o‘tirib bajariladigan mashg‘ulotlar – rasm solish, turli buyumlar yasash ishlarini ma’qul ko‘radi. Semiz bolani divandan turg‘azish, ko‘chaga chiqarish, jismoniy kuch bilan boshqariladigan biror ish bilan mashg‘ul qilish qiyin.
Bolalar semirib ketishining birinchi va eng muhim sababi – ishtahaning ochilib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ta to‘yib ovqatlanishdir. Kelgusida bu holat psixologik jihatdan ham mustahkamlanadi. Bunday bolalar uchun ovqatlanish o‘ziga xos huzurlanish manbai bo‘lib qoladi. Bolaligidan hosil bo‘lgan mazali ovqatlanishga intilish stereotipi kelgusida ham saqlanib qoladi.
Semirishga kundalik taomnomaga kiritiladigan muayyan mahsulotlar ham imkon beradi. Ular oq nonni, bo‘tqa va xamirli taomlarni, yog‘li go‘sht, quyuq qaymoq, turli shirinliklarni juda yaxshi ko‘rishadi. Bu mahsulotlarda kislotasimon tuzlar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Ular organizmga tushib, moddalar almashinuvini sustlashtiradi, suvning tutilib qolishiga, tananing bo‘shashiga va albatta semirishga zamin yaratadi. To‘la vaznli bolalarning taom tanlash istagiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki, ularda odatda uglevod va oqsildan yog‘ hosil qilish xususiyati kuchli bo‘ladi.
Ortiqcha vaznli bolalarni birinchi navbatda haddan ortiq to‘ydirib yubormay va och ham qoldirmay bir maromda shifobaxsh ovqatlantirish bilan davolash zarur. Ya’ni, ularni kam-kam va tez-tez ovqatlantirish lozim.
Bunday bolalar bir kecha-kunduz davomida 6-7 marta ovqatlantiriladi. Bu ishtahani kamaytiradi. Chunki, navbatdagi ovqat porsiyasi me’dani to‘ldiradi. Oldingi ovqatga go‘yo yetib oladi. Ahyon-ahyonda ovqatlanish xavfli hisoblanadi. Bunda kishi beixtiyor o‘ziga keragidan ortiq ovqatni yeb qo‘yadi. Ana shunda ortiqcha kaloriya yog‘ga aylanadi.
Ovqatni shoshilmay yeyish kerak. Bu ham ishtahani bo‘g‘adi. Bunda gap ovqatni maydalash va chaynashdangina iborat emas. Yeyilgan ovqatning ko‘pgina turi ko‘pchish, me’dani to‘ldirish xususiyatiga ega bo‘ladi. Bunday ovqat ko‘pchib, me’dani shishirib, uning to‘lganligi yoki odamning to‘yib ketganligini his qilishga sabab bo‘ladi. Tez ovqatlanilganda nisbatan yirik, chaynalmagan bo‘laklardan me’da o‘ta to‘lib ketadi va ovqat ko‘pchiganda og‘irlik sezgisi to‘yganlikdan ustun keladi. Shunday qilib, tez ovqatlanish ikki hissa zararli hisoblanadi. Birinchidan, ovqat yetarli maydalanmay, uning hazm bo‘lishi cho‘ziladi, ikkinchidan, tez ovqatlanish har doim ortiqcha yeb qo‘yishga olib keladi.
Kuch sarflashni oshirmay turib tana vaznini kamaytirish haqida gapirish ortiqcha. Bunday nosog‘lom turmush tarzini, odat va maylni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bolani o‘zi yoqtirmagan ishni qilishga va oldin o‘rganib qolgan odatini qilmaslikka o‘rgatish kerak. Ko‘proq piyoda yurish, ochiq havoda sayr, jismoniy tarbiya, uyda qilinadigan jismoniy mehnat ortiqcha vaznli bolalarning deyarli butun vaqtini egallashi lozim. Shundagina ota-onalar o‘zlari kutgan natijaga erishadilar. Ya’ni, ularning farzandlari xushbichim va sog‘lom bo‘ladi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi
Nargiza PO‘LATOVA