ANTIBIOTIKLAR DAVRI
U yana qancha davom etadi?
Tirik tabiatda keng tarqalgan ajoyib moddalar – antibiotiklar mavjud. Ular kimyoviy birikmalar bo‘lib, mikroorganizmlar o‘sishini to‘xtatish va hatto nobud qilish xususiyatiga egadir.
Ko‘pgina antibiotiklar oddiy tuzilgan o‘simliklardan olingan. Hatto, ular mikroorganizmlarda ham uchraydi. Shuningdek, bu moddalar qatoriga yuqori darajada tuzilgan o‘simliklar fitonsidlari ham kiritildi. Antibiotiklarni mutaxassislar jonzotlardan olingan birikmalarda ham qayd etishgan. Baliq a’zolaridan olingan ekmolin, tropik chumolilarida aniqlangan iridomirmetsin kabi va hokazolar.
Shunga qaramay uncha uzoq bo‘lmagan vaqtdan beri antibiotiklar insonlarga xizmat kilishni boshladi.
O‘tgan asrning 20-yillarida London shifoxonalarining birida tadqiqotchi Aleksandr Fleming ishlagan edi. U biologik darslik uchun streptokokklar haqida maqola yozish maqsadida agar – agar nomli oziqli muhitga streptokokklar koloniyalari bilan birga tajriba uchun maxsus mikroorganizmlar koloniyasini ham quydi. Tushunarsiz hodisa sababli ya’ni, mikroskopik zamburug‘lar tufayli bakteriyalarning toza koloniyasini o‘stirishning iloji bo‘lmasdi. Ko‘p marotaba Petri idishining qopqog‘ini ochganida A. Fleming streptokokklar koloniyalarini hamma yerni egallab olgan zamburug‘lar ifloslantirganini afsuslanib kuzatardi.
Bir kuni Fleming idishni ko‘zdan kechira turib streptokoklar koloniyasining o‘sishiga xalaqit berayotgan zamburug‘lar ularni butunlay eritib yuborganini kuzatdi. Muqaddas Mariya kasalxonasi laboratoriyasiga taqdir taqozosi bilan kirib qolgan bu sirli mog‘or o‘zidan ajoyib modda ishlab chiqarar edi.
Kundalik ish jarayonida olim bakteriyalarning o‘zaro va bakteriyalar bilan zamburug‘larning hayot uchun kurash jarayonida yana o‘zaro yashash maydonlarini egallaganini kuzatgan. Lekin zamburug‘larning bakteriyalar ustidan bu darajada ustunligini birinchi bor ko‘rishi edi. Bu qanday zamburug‘ ekan-a?
Zamburug‘ning turini aniqlash anchagina murakkab masala edi. Uni avval olim “penitsillyum xrizogenum” deb atadi. So‘ng bu “penitsillyum rubrum” degan xulosaga keldi. Nihoyat, u “penitsillyum notatum” degan to‘xtamga keldi.
1929 yil A. Fleming o‘zining noyob kashfiyoti haqida maqola nashr etdi. 1936 yilda bo‘lib o‘tgan mikrobiologlarning II xalqaro kongressida penitsillin haqida kashfiyotchi ma’ruza qildi. Lekin shifokor va biologlar unga qiziqish bildirishmadi. Shunga qaramay olim Oksford instituti patologiya kafedrasi professori Govard Flori va biokimyogar Ernst Cheynlar bilan birgalikda kichik guruh bo‘lib kasalliklarga qarshi kurashishda davom etdi.
Cheyn zamburug‘dan antibiotik moddasini ajratib olishda ba’zi muammolarga duch keldi. Xususan, Cheyn antibiotiklarni ferment deb o‘ylab uni ajratib olishda parchalanib ketishdan saqlash uchun qizdirishdan foydalanilmaydigan usullarni topishiga to‘g‘ri keldi. Bunda unga biotexnologiyadan olgan bilimi qo‘l keldi.
Ajratib olingan antibiotikni Govard Flori laboratoriyada sinab ko‘rdi va natijalar hammani lol qoldirdi. Bu sabr-toqat, matonat va tirishqoqlik g‘alabasi bo‘libgina qolmay, tibbiyotning kasallik chaqiruvchi ko‘zga ko‘rinmas mayda mikroorganizmlar ustidan erishgan muvaffaqiyati ham edi.
Deyarli bir asr davomida antibiotiklar turli xil xastaliklarni yengishga yordam berib kelmoqda. Hozir ham bu dori vositalari o‘z xususiyatini yo‘qotmadimi?
Angliyalik shifokor Salli Devis mamlakatning Parlament komissiyasi oldidagi ma’ruzasida kelajakda oddiy jarrohlik aralashuvi ham hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin deb ogohlantirdi. Chunki, bakteriyalar ko‘pgina dori vositalariga nisbatan immunitet hosil qilmoqda. Salli Devis keng ko‘lamli muammo to‘g‘risida quyidagicha fikr bildirib, “Dunyo bo‘yicha haroratning ko‘tarilishi insoniyat uchun asosiy xavf emasga o‘xshaydi” degan so‘zni aytdi. Masalan, o‘tgan asrning 20–yillaridan oldin oddiy jarrohlik muolajalaridan keyin yuzaga keladigan ikkilamchi yallig‘lanishlarning oldini oladigan antibiotiklar bo‘lmaganligi tufayli ko‘pgina bemorlar xastalik asoratlaridan vafot etishgan.
Antibiotiklarning kashf etilishi va amaliyotga qo‘llanilishi tibbiyotning eng ilg‘or yutuqlaridan bo‘ldi. Lekin bakteriyalar tez ko‘payganligi va antibiotiklarga moslanuvchanligi tufayli ushbu zamonaviy dori vositalarining yildan yilga ta’siri yo‘qolmoqda. Olimlar bu muammodan xavotir olmoqda.
Jahon sog‘liqnii saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, agar tezkor amaliy chora-tadbirlar qo‘llanilmasa, antibiotiklar davriga yakun yasalishi mumkin. Hozirgi kunda ichak bakteriyasi bo‘lmish E. coli va sil tayoqchalarini antibiotikka chidamli shtammlari borligi haqida ma’lumotlar bor. Metitsillin rezistent (chidamli) stafilokokning turiga ham ko‘p shifokorlar duch kelmoqda. Har xil sabablar bilan chet ellarga safarga chiqqan insonlar turli mamlakatlarda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamli shtammlari bilan kasallanib qaytmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “bu muammo antibiotiklarni davomli va noto‘g‘ri qo‘llanilishi natijasida yuzaga kelmoqda”. Biz o‘zimiz organizmimizda yashovchi bakteriyalardan antibiotiklarga chidamli shtammlarini yetishtirmoqdamiz” deyishmoqda tadqiqotchilar.
Sintetik antibiotiklar o‘zining ta’sir kuchini yo‘qotib borayotganligiga qaramay tabiatda har bir muammoga javob bor. Laboratoriyalarda antibiotiklarning yangi turlarini kashf etish dolzarbligi o‘z kuchida qolmoqda.
SHU O‘RINDA
Antibiotiklar viruslarga qarshi ta’sirga ega emas. Ya’ni ular A, V, S gepatitlar, gerpes (uchuq), qizilcha, suvchechak kabi kasalliklarni yenga olmaydi. Ba’zi antibiotiklar onkologik kasalliklarda qo‘llaniladi.
Hilola PRIMUHAMEDOVA,
Toshkent farmatsevtika instituti assistenti