ENDI QORONG‘ULIK MUAMMO EMAS
Bugungi kunda uyali aloqa vositalari shu darajada rivojlanib ketdiki, ulardan bir nechta maqsadlarda foydalanish imkoni mavjud. Televizor pulti, yurak urishini o‘lchagich, qadam hisoblagich va yana ko‘plab funksiyalar smartfonlar uchun odatiy holga aylanib bormoqda.
Yaqinda iqtidorli ixtirochi dizaynerlardan biri Maur Aaron tomonidan smartfon uchun yana bir yangi imkoniyat yaratildi. Olim tomonidan ixtiro qilingan qurilmaga “Luma” deb nom berildi. Xonadoningizni yorituvchi tunchiroq vazifasini bajaruvchi ushbu qurilma ixcham va chiroyli ko‘rinishi bilan kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Smartfonning chirog‘ini yoqib uni “Luma”ga to‘g‘irlab qo‘ysangiz u oddiy yorug‘likni xonaga yo‘naltirib siz uchun haqiqiy tunchiroqqa aylanadi.
“Luma”dan asosan uyqu oldidan kitob mutolaa qilishni sevuvchi insonlar va qorong‘uda uxlashdan qo‘rquvchi bolajonlar foydalansa ayni muddao. Bundan tashqari u xonaga qo‘shimcha qulayliklarni ham yaratadi. Hozirda “Luma”ning kulrang, qizil va ko‘k rangdagi turlari yaratilgan.
G. EGAMBERDIYEVA
tayyorladi