G‘ALABANING ERTA KEChI BO‘LMAYDI
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida suzish bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolariga Osiyo o‘yinlarining bronza medalini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, 2014 yilning 19 sentyabr – 4 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida XVII Osiyo o‘yinlari o‘tkazilgan edi. Unda mamlakatimiz sportchilari ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.
Mazkur qit’a o‘yinlarida suzish bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari 4x100 metr masofaga erkin usulda suzish musobaqasida to‘rtinchi o‘rinni egallashgan edi. Osiyo o‘yinlari yakuniga yetgach, sportchilardan olingan doping testlar yana bir karra qayta tekshirildi va erkin usulda suzish musobaqasida uchinchi o‘rinni egallagan Janubiy Koreya terma jamoasi a’zolari musobaqalar oldidan ta’qiqlangan vositalarni iste’mol qilishgani aniqlandi. Shundan so‘ng Osiyo olimpiya kengashi uchinchi o‘rinni egallagan Janubiy Koreya terma jamoasining natijalarini bekor qildi va erkin usulda suzish musobaqalaridagi bronza medalni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Suzish bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari Vladislav Mustafin, Aleksey Derlyugov, Dmitriy Shvetsov, Daniil Bukin, Xurshid Tursunov, Daniil Tulupov va Islom Aslanovlarga Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohiblariga aylandi.
T. ORTIQOVA