AJOYIB KASHFIYOTLAR SIRI
U biologik jihatdan insonning juda faol to‘qima va a’zolaridagi biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etadi. Organizmda ular yetishmaganda turli kasallik paydo bo‘ladi. Odam va hayvon hayoti uchun nihoyatda zarur organik modda – vitaminlardir. Ularning o‘rnini hech qanday boshqa moddalar bosa olmaydi.
XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar odam ovqatida oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral tuzlar va suvning ma’lum miqdorda bo‘lishi organizmning biologik ehtiyojlariga to‘la-to‘kis mos keladi, deyilar edi. Shu sababli, ovqat mahsulotlarining ozuqaviylik qiymati asosan shu moddalarning miqdoriga qarab belgilanar edi.
Dengiz sayohatchilari uchun singa kasalligi (lavsha, skorbut) uzoq vaqtgacha muammo bo‘lib keldi. Chunonchi, Hindistonga dengiz bo‘ylab safarga chiqqan mashhur portugaliyalik Vasko de Gama ekspeditsiyasining 160 nafar a’zosidan 100 nafar kishi singa kasalligidan vafot etgan. Dengizchilarning bu kasallikka chalinishiga sabzavot va ho‘l mevalarni uzoq vaqtgacha yemay yurishlari sabab bo‘lgani aniqlangan. Keyinchalik tabiblar singa kasalligining oldini olish va davolash uchun ovqatga limon suvi yoki qarag‘ay qaynatmasi qo‘shishgan. 1773 yilda ingliz shifokori Lind singa bilan og‘rigan bemorlarni limon suvi bilan davolagan.
Shunday qilib organizmning sog‘lom bo‘lishi va normal rivojlanishi uchun oziq moddalardan tashqari qandaydir qo‘shimcha moddalar zarurligi ma’lum bo‘ldi. Bunday xulosani chiqarishda rus olimi Nikolay Luninning ajoyib kashfiyoti katta ahamiyatga ega. U sichqonlarga “sun’iy sut” ichirib, tajriba qilib ko‘rgan. Bu ovqat tozalangan kazein (sut oqsili), uning yog‘i, sut shakari va bu mahsulot tarkibiga kiradigan tuzlar va suvdan iborat bo‘lgan. Ma’lum vaqt o‘tgach “sun’iy sut” ichgan sichqonlar kasallanib, ovqat yemay qo‘ygan va holdan toyib, nobud bo‘lgan. Tabiiy sut berilgan sichqonlar esa qo‘shimcha ovqatlar berilmasa ham normal yashayvergan. N. Lunin 1880 yilda ana shu tajribaga asoslanib, ovqat tarkibida asosiy oziq moddalardan tashqari, hayot uchun zarur boshqa noma’lum moddalar ham bo‘lishi kerak, ularni chuqur o‘rganish zarur, degan fikrni birinchi bo‘lib aytgan edi. N. Lunin boshlagan tajribani S. Sosin, Gopkins, Pakelxaringlar davom ettirib, uning fikrini to‘la-to‘kis tasdiqlashdi.
1895 yili rus olimi V. Pashutin singa kasalligining kelib chiqishiga ovqat tarkibida o‘simliklarda sintez qilinadigan qandaydir organik modda yetishmasligi sabab bo‘ladi, degan fikrni olg‘a surdi. Uning bu fikri 1912 yilga kelib Xolst, Frelix va Fyurst tomonidan tasdiqlangan.
Yosh shifokor Xristian Eykman Yava orolida 1889–1897 yillari tajriba o‘tkazdi. U tovuqlarni oqlangan guruch bo‘tqasi bilan boqqanda ularda odamlarda uchraydigan beri-beri kasalligi paydo bo‘lgan. Ovqatga guruch kepagi qo‘shib berilganda esa tovuqlar tuzalib ketgan. Shundan keyin X. Eykman guruch kepagida beri-beri kasalligini davolaydigan qandaydir modda bor, degan xulosaga kelgan. Biroq, X. Eykman oqlangan guruch yeganda nima sababdan beri-beri kasalligi kelib chiqishini, unda qanday modda yetishmasligini isbot qila olmagan. Ushbu xastalik o‘tgan asrda uzoq Sharq va Janubi-sharqiy Osiyo xalqlari orasida juda keng tarqalgan edi. Chunki, shu yerlik aholi oqlangan guruchni ko‘p iste’mol qilardi.
Londondagi Lister institutida ilmiy ish olib borgan polyak olimi Kazemir Funk 1911 yilda vitaminlar haqidagi gipotezani ta’riflab berdi. U guruch kepagidan beri-beri kasalligiga shifo bo‘ladigan kristalsimon faol modda ajratib olishga muvaffaq bo‘ldi. Uning tarkibida aminoguruh – NH2 borligini aniqladi. Aminoguruh saqlovchi modda yetishmay qolganda beri-beri kasalligi kelib chiqar ekan. Ya’ni, bu modda tirik organizmning normal yashashi uchun nihoyatda zarur ekan. Shularni nazarga olib, 1912 yilda K. Funk birinchi marta shunday moddalarning barchasini vitamin deb atadi (lotincha – vita – hayot demakdir). Lunin va Funk tajribalaridan so‘ng olib borilgan tadqiqotlar shu sinfga kiradigan ko‘pgina moddalar tarkibida aminoguruh bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Shunga qaramay, “vitaminlar” termini turmushga juda singib ketdi.
Vitamin saqlovchi oziq-ovqatlar odamning unga bo‘lgan talabini qondiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Ba’zi bir vitaminlar juda oz miqdorda ichak mikroflorasida sintezlanadi (vitamin V2, V6, V12 ), ammo ular odamning vitaminga bo‘lgan talabini qondirolmaydi. Ayrim hollarda odam organizmida kimyoviy tuzilishi jihatidan vitaminga yaqin bo‘lgan, provitamin deb ataladigan organik birikmadan moddalar almashinuvi jarayonida vitamin hosil bo‘ladi. Masalan, asosiy o‘simlik mahsulotlarida bo‘ladigan karotin (A vitamini provitamini) organizmda A darmon-dorisiga aylanadi.
Vitaminlar tirik organizmning normal o‘sishi va rivojlanishi jarayonida bevosita ishtirok etuvchi eng muhim biologik faol organik birikma hisoblanadi. Hozirgi kunda ko‘plab vitaminlarning kimyoviy tarkibi va fiziologik ta’siri aniqlangan. Dorixonalarda alohida bir vitamin yoki ularning kompleksi – polivitamin, multivitamin kabi dori vositalari sotilmoqda. Qish va bahor faslida odam organizmida darmondorilarga talab kuchayganda, sport bilan shug‘ullanib ko‘p energiya sarf qiladiganlar yoki og‘ir kasallikdan so‘ng tiklanish davrida bu dori vositalarini iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Shoira GAZIYEVA,
Shayxontohur tibbiyot kolleji o‘qituvchisi