Stol tennisi: XII RESPUBLIKA TURNIRI YAKUNLANDI
Toshkentda stol tennisi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun XII respublika turniri tashkil etildi.
Har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyos. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan turli musobaqalar yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi an’anaviy turniri ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda stol tennisi bilan o‘n to‘rt mingdan ziyod o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanmoqda. Mazkur musobaqada yurtimizning barcha hududidan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan 56 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
– Stol tennisi bilan to‘rt yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi andijonlik Gulchiroy Turg‘unova. – Viloyatimizda sportning ushbu turiga qiziquvchi yoshlar juda ko‘p. Darsdan so‘ng tengdoshlarim bilan shahrimizdagi “Barkamol avlod” bolalar markazining stol tennisi to‘garagiga qatnaymiz.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent viloyati vakili Ozod Pardayev oltin, samarqandlik Umid Norqulov kumush, farg‘onalik Mirshohid Jalolov bronza medalni qo‘lga kiritdi. Juftliklar o‘rtasida namanganlik Nodirbek Mahmudov va Otabek Usmonov g‘alaba qozondi.
Qizlar orasida Toshkent viloyatidan Mehriniso Norqulovaga teng keladigan raqib topilmadi. Namanganlik Sayyora Abduxalilova ikkinchi, buxorolik Norjon G‘iyosova uchinchi o‘rinni egalladi. Juftlik bahslarida Toshkent viloyati vakillari Mehriniso Norqulova va Shahrina Abdurahimovaning qo‘li ustun keldi.
T.ORTIQOVA