Qishda etik kiyishga hojat yo‘q
Yurtimizga kumush qish kirib keldi. Sovuq kunlarning ham o‘ziga yarasha gashti bor. Ko‘pchilik ustiga qalin qishki kiyimlarini kiyib oladiyu, ammo, oyoqni issiq tutish haqida unchalik ham o‘ylamaydi. Ayniqsa, ko‘chaga chiqqanda bu holat bilinadi. Zero, uyda bo‘lganingizda kalishingiz ichiga issiq patak solib olsangiz kifoya. Oyog‘ingizga sovuq ta’sir qilmaydi.
Yevropalik olimlar ham ana shu patakka havas qilishgan shekilli, uning zamonaviy nusxasini yaratishdi.
“Digitsole” nomli interaktiv to‘shamalar smartfon bilan boshqariladi va eng sovuq havoda ham bir pastda oyoqlarni qizdiradi. Makur qurilma bir vaqtning o‘zida uch xil vazifani bajaradi. U oyog‘ingizni isitish bilan bir qatorda, sayr davomida qadamlaringizni va qancha kaloriyadan xalos bo‘lganingizni hisoblab boradi.
Ushbu “patak” isitish tizimi va smartfon orqali boshqarish imkoniyati bo‘lgan ilk poyabzal to‘shamasi sanaladi. U qulay va issiq, suv o‘tkazmaydigan uch qavatli digitsole xom ashyosidan yasalgan. Termoelementga quvvat tovon qismiga o‘rnatilgan, micro USB – port orqali quvvatlanadigan akkumulyatordan keladi. Uning kuchi 7-8 soat avtonom ishlashga yetadi. Bu esa oddiy ish kuni uzunligiga teng. Foydalanuvchining o‘zi poyabzal qanchalik issiq bo‘lishini, ob-havo va o‘z tuyg‘ulariga qarab tanlaydi. Bu to‘shamalar oddiy krossovka bilan ham qishki poyabzal sotib olish ehtiyojini yo‘qqa chiqaradi.
G. EGAMBERDIYEVA