KUZ VA QISH FASLIGA OID FOYDALI MASLAHATLAR
Kuzning sovuq kunlari, qish bilan bahs boylashga harakat qilayotganga o‘xshaydi go‘yo. Bunday paytda inson organizmiga infeksion va surunkali kasalliklar xavf sola boshlaydi. Shuning uchun ham aynan shu davrda o‘z salomatligingizga e’tiborliroq bo‘lishingiz lozim bo‘ladi.
Gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lardan saqlaning
Shu kunlarda harorat pasaymoqda. Bunda sovuqning salbiy ta’siridan moyli massaj himoyalaydi. Masalan, bodom danagi mag‘ziga makkajo‘xori, undirilgan, oqish bug‘doy maysasi hamda yong‘oq mevalarini qo‘shasiz. Har kuni kechqurun qo‘l panjasi va oyoq tovonlarini moy bilan uqalang. Dam olish kunlari uyqu oldidan butun gavdangizni silang (muolajani ensa tomondan pastga oyoq uchiga qadar silash bilan bajaring). Bunday muolaja sizni gripp va O‘RVIlardan dan himoya qiladi.
Vitaminlarni g‘amlang
Yoz faslida yaxshi yetilgan reza mevalardan qizil va qora chetan mevasi-ryabina, na’matak kabi mevalardan g‘amlab qo‘yish lozim. Bu kabi reza mevalar organizmni qishning sovuq havosidan himoya qiluvchi kuchini oshiradi. Kuzgi ma’yuslik hamda bahorgi vitamin yetishmovchiligidan himoya qiladi. Obdon quritilgan reza mevalar qish bo‘yi yaxshi saqlanadi. Ularni choy o‘rnida damlab ichish mumkin.
Sog‘lom ovqatlanish qoidasiga rioya qiling
Havo soviy boshlagach ovqatlanish ratsionida go‘shtli taomlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak bo‘ladi. Ammo go‘sht maxsus folga qog‘ozida yoki yog‘siz dimlab pishirilgan bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Birinchi taom sifatida turli bo‘tqa yoki sho‘rvalar, albatta, ovqatlanish ratsionidan joy olishi shart. Shuningdek, taomlarga zanjabil, qora murch, muskat yong‘og‘i hamda kardamon kabi qizdiradigan turli ziravorlar qo‘shishni unutmasangiz, o‘zingiz va oila a’zolaringizni gripp va O‘RVIlardan asragan bo‘lasiz.
Kuz fasli qovoqxo‘rlik uchun ayni muddao. Pektin moddasi inson tanasini ichaklarda yig‘iladigan zaharli moddalardan tozalashda muhim ahamiyatga ega. Ana shu pektin moddasiga juda ham boy bo‘lgan qovoq ko‘pchilik uchun sevimli mahsulotdir. Undan turli taomlar tayyorlash mumkin. Dimlab yoki gaz pechida pishirib iste’mol qilinsa u parhez taom hisoblanadi. Qovoq o‘rtacha haroratda uzoq vaqt saqlanganligi sababli undan qish bo‘yi turli taomlar tayyorlash mumkin.
Fazilat SA’DULLAYEVA
tayyorladi