OIV va OITS haqida yana nimalarni bilasiz?

Butun jahonda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgan, ko‘plab oilalarning tinchligini buzayotgan va shu bilan birgalikda dunyodagi davlatlar iqtisodiga katta zarar yetkazayotgan OIV infeksiyasi o‘zining oqibatlari bilan insoniyatning eng dolzarb muammosi bo‘lib qolmoqda. Yer yuzida ushbu kasallik bilan yashayotgan odamlar soni 34 millionni tashkil etadi. Bir kunda taxminan 7 ming 400 nafar odam bu kasallikni yuqtirib olmoqda. Kasallik turli yoshdagi aholi orasida, ayniqsa, nav­qiron 20-49 yoshlilar o‘rtasida ko‘plab qayd etilishi xatarlidir.

OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli kasallik hisoblanib, virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Infeksiya dastlab yashirin tarzda kechishi, bu davr bir necha oydan 5-10 yilgacha va undan ham ortiqroq davom etishi mumkin. Kasallikning yashirin davrida virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, infeksiyani yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirib yurishlari mumkin. OIV infeksiyasida me’yorda ishlab turgan immun tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Ammo, virus organizmda ko‘payib asta-sekin immun tizimni mutlaqo izdan chiqaradi va natijada OITS rivojlanadi. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) – odamning immun tizimini immunitet tanqisligi virusi shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan xastalikning so‘nggi bosqichidir.

Kasallikning asosan uch xil: OIV infeksiyasi bor shaxslar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda – jinsiy; giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan (etarlicha dezinfeksiya qilinmagan) jarrohlik, doyalik, stomatologik, sartaroshlik va boshqa asboblar orqali tibbiy muolajalar olganda, shprits va ignalardan umumiy foydalanilganda parenteral; infeksiyaga chalingan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘ruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali — vertikal yo‘l bilan yuqishi isbotlangan.

 

O‘zingizni lohas his etsangiz…

Qonga virus tushgandan so‘ng dastlabki davrlarda odam o‘zini sog‘lom his etadi. Bu holat hattoki 8-10 va undan ko‘p yillargacha davom etishi mumkin. Shundan so‘ng dastlabki klinik belgilar: sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal; odamning qisqa vaqt ichida kes­kin ozib ketishi; haroratning uzoq vaqt sababsiz ko‘tarilishi va ich ketishi (diareya); og‘iz bo‘shlig‘i hamda turli a’zolarning yallig‘lanish belgilari; xavfli o‘smalarning rivojlanishi namoyon bo‘la boshlaydi. Bemorlar OIVning bevosita ta’siridan emas, balki yuqoridagi qo‘shimcha kasalliklarning asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumadilar.

Yana o‘qing:  “Baxt tabletkasi” hayvonlarda yumor hissini uyg‘otdi

Bugungi kunda OIV bilan kasallangan shaxsni virusdan butunlay xoli qiluvchi dori vositasi mavjud emas. Bu borada dunyo tibbiyoti biroz ojizlik qilib turibdi. Bunga sabab virusning o‘ta o‘zgaruvchanligidir. Dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbu infeksiyaga qarshi vaksina va dori vositasini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Yaqin yillarda bu kasallikdan butunlay xoli qiluvchi dori vositalari yaratilishi ham ehtimoldan yiroq emas. Quvonarli tomoni shundaki, bugungi kunda OIV infeksiyasini yuqtirgan odamning umrini sog‘lom odamning umrichalik cho‘zish mumkin. Buning uchun virusga qarshi davolash usuli – retrovirusga qarshi terapiya mavjud. OIV retroviruslar oilasiga mansub virus bo‘lgani uchun unga qarshi dori vositalarini retrovirusga qarshi preparatlar deb, unga qarshi davolash usulini esa retrovirusga qarshi terapiya (RVQT) deb yuritiladi. RVQT virusni to‘liq yo‘q qilmasa ham, uning bemor organizmida ko‘payib borishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni uning ta’sirida qonda viruslar soni kamayib, immunitet kuchayadi, virusga qarshi kurashuvchi hujayralarning (SD4) soni ortib, bemorning ahvoli yaxshilanib boradi, OIV infeksiyali shaxs­ni sog‘lom hayot kechirishi va uzoq umr ko‘rishiga imkon yaratadi.

 

Xastalikning oldini olishda barcha ma’sul

Bugungi kunga kelib xalqaro hamjamiyatda OIV kasalligi tarqalishiga qarshi kurash masalasida yondashuvlar ham keskin o‘zgarmoqda. Bu jarayonda nafaqat davlat va uning tegishli organlari ishtirok etishi, balki keng jamoatchilikni jalb qilgan holda hamkorlikda harakat qilish samarali hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi mus­taqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardan boshlab Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish va barkamol avlodni tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Respublikamizda OIV infeksiyasining tarqalib ketishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish davlat miqyosida amalga oshirilmoqda va bunga barcha mutasaddi tashkilotlar jalb qilingan. Xastalikka qarshi kurashning yagona tizimini tashkil qilish, infeksiyaning oldini olish va aholini bu kasallikdan himoya qilish borasida o‘tkazilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va sifatini oshirish, OIVga qarshi kurash markazlarining moddiy texnika bazasini yaxshilash, OIVga qarshi kurashda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirilishini ta’minlash maqsadida 2008 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “OITSga qarshi kurash markazlarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilinib, qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Yana o‘qing:  O‘smirlik davrida miya chayqalishi asab tizimiga ta’sir qiladi

Odamning immunitet tanqisligi virusi oqibatida kelib chiqadigan kasallik aholining mehnatga qobiliyatli qismini zararlashi, bunday bemorlarni davolash va ijtimoiy himoya qilishga ketadigan sarf-xarajatlarning kattaligi, shuningdek, mamlakatning demografik holatiga va iqtisodiy taraqqiyotga xavf tug‘dirishi muammoga qarshi kurashning yanada samarador usul va vositalarini joriy etishni taqozo etmoqda. Shu bois 2013 yil “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi bu jabhadagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu qonun qabul qilingandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yilda “2014-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda bu infeksiyaga chalingan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy muhofazasi bilan bog‘liq 256-sonli qarorlari qabul qilindi.

Respublikamizda OIV infeksiyasining vertikal transmissiyasi (onadan bolaga o‘tishi) profilaktikasi bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respub­lika OITSga qarshi kurash markazida 60 o‘rinli klinika tashkil etilgan.

 

Migratsiya jarayonida tibbiy savodxonlik o‘ta muhim

Bu infeksiya epidemiyasi migratsiya jarayoniga, bu jarayon esa o‘z navbatida OIV infeksiyasi epidemiyasiga ta’sir etadi va migrantlarning xavfli xulq-atvor shakllari infeksiyani yuqtirib olishga sharoit tug‘diradi. Shu tufayli mehnat migrantlari orasida ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida unga qarshi kurash tadbirlarini muvofiqlashtirish Respublika komissiyasining 2013 yil “Chet davlatlardan O‘zbekis­tonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Res­publikasining fuqarolarini OIV infeksiyasiga tekshirish va kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yi­cha tartib” tasdiqlandi. Bu tartibga asosan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari o‘rtasida OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar bugungi kunda keng ko‘lamda olib borilmoqda.

“Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida bu infeksiyani yuqtirib olgan shaxslar ushbu virusni tarqatmaslikka doir chora-tadbirlarni bajarishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu qonunning 5-bob, 25-moddasida qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar belgilangan tartibda qonun oldida javob berishlari ko‘rsatilgan.

Yana o‘qing:  O‘t-tosh kasalligini jarrohlik amaliyotisiz davolasa bo‘ladimi?

Bundan tashqari mamlakatimizda har bir fuqaro o‘zida shubhali holatlarni sezgan taqdirda ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan o‘tishlari mumkin. Bu tibbiy ko‘rik tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning xohishiga ko‘ra, maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi. OIVga tekshirish natijalari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar shifokorning sir saqlashi kafolatlanadi. Tekshirishning ijobiy natijalari to‘g‘risida yashash, ish va o‘qish joyiga, shuningdek, harbiy xizmat va ozodlikdan mahrum etish joyi bo‘yicha xabar berish qat’iy ta’qiqlanadi.

Respublikamizda barcha homilador ayollar ushbu infeksiyaga laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, ularga profilaktika maqsadida dori vositalari berib borilmoqda va homilaga yuqishining oldi olinmoqda. Natijada mazkur infeksiya mavjud bo‘lgan homilador ayollardan 98,1foiz holatda sog‘lom bolalar dunyoga kelmoqda.

 

E’zozxon ABDUMUTALOVA,

tibbiyot fanlari nomzodi,Respublika OITS markazi shifokor-epidemiologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: