O‘ZBEKISTONDA HAMSHIRALIK ISHI ISTIQBOLLARI
Kuni kecha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda hamshiralik ishi: bu borada to‘plangan tajriba va istiqboldagi vazifalar xususida” nomli matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jahon tibbiyotining ilg‘or tajribalaridan kelib chiqib, yurtimizda oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish sog‘liqni saqlash tizimini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Hozirgi kunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasi va boshqa tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha uch ming nafardan ziyod oliy ma’lumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, shu sohada ta’lim olgan 80 nafarga yaqin talaba esa magistrlik darajasiga erishdi. Ular davolash-profilaktika muassasalarida, bosh, katta va yetakchi hamshira, tibbiyot instituti hamda kollejlarida o‘qituvchi sifatida faoliyat olib borishmoqda.
Ayni paytda yurtimiz tibbiyot muassasalarida uch yuz ming nafardan ziyod hamshira faoliyat yuritmoqda. Ular sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, shoshilinch va boshqa ixtisoslashgan muassasalarda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan foydalanib, ish yuritishmoqda.
G.ShIRINOVA