Bolalar salomatligini asrash millat va sarhad bilmaydi
Yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xalqimizning salomatligini asrash, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tibbiy profilaktika va davolash ishlari sifati hamda samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ham onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan bir qator loyihalari shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Hindiston Respublikasining “Artemis” kardioxirurgiya markazi o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama hamkorlik bitimi doirasida xorijlik shifokorlar yurtimizdagi tug‘ma yurak nuqsoni mavjud bemor bolalarni jarrohlik amaliyoti orqali sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan edi.
Kecha “Artemis” kardioxirurgiya markazi malakali shifokorlari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 40 nafarga yaqin tug‘ma yurak nuqsoni xastaligi bilan og‘rigan bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ushbu tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra kasallik darajasi og‘ir deb topilgan bemor bolalar Hindistonning nufuzli klinikalarida sog‘lomlashtiriladi.
O‘z muxbirimiz