OLISIMIZ YAQIN, OG‘IRIMIZ YeNGIL

Yurtimizda ishlab chiqarilgan avtobus poytaxt ko‘chalari ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda

Shahrimiz ko‘chalarida kun sayin yangidan-yangi rusumdagi avtoulovlar qatnovi ko‘paymoqda. Ayniqsa, aholiga xizmat ko‘rsatayotgan jamoat transportlari tobora qulaylashib, xizmat sifati yaxshilanmoqda. Misol uchun kuni kecha “Chorsu – Aviasozlar ASHB” yo‘nalishida qatnovchi yangi “MAN” avtobusga ko‘zim tushdi. Uning salonini kengligi, yumshoq o‘rindiqlar mavjudligi hamda kam yonilg‘i sarflashi bilan har tomonlama qulay. Hozirda sinov jarayonlari olib borilmoqda. Kutilgan natijaga erishilgach, ko‘plab shunday avtobuslar yo‘lovchilar xizmatiga shay bo‘ladi. Eng quvonarlisi, “MAN” avtobuslari o‘zimizda ya’ni, Samarqand shahrida ishlab chiqarilyapti.

Osoyishtalik hukm surayotgan yurtda taraqqiyot keng quloch yozadi. 1994–1998 yilda “Mercedes-Benz” avtobuslari 276 donani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 600 ta“Mercedes-Benz Conecto Low Floor” hamda 600 ta “Isuzi” avtobuslari aholi uchun xizmat qilmoqda. Bitta avtobusning narxi 137, 5 ming yevroni tashkil etadi.

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi (AK)ning ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida jamoat transportidan har kuni o‘rtacha 1 million 234 ming 255 nafar fuqaro foydalanadi. Shundan 793 ming 370 nafar avtobus, 42 ming 541 nafari esa tramvay, 154 ming 696 nafari metropoliten, ularning 157 ming 458 nafari yo‘nalishli taksi va 86 ming 190 nafari kompaniya tarkibiga kiruvchi taksilar xizmatidan foydalanishadi. Ayni paytda poytaxtimizda 157 yo‘nalish bo‘ylab 1, 3 mingga yaqin avtobus va tramvaylar harakatlanmoqda.

Bu avtoulovlarning harakatlanish tizimini boshqarish, nazorat qilib borish anchayin qiyin muammo. Soha xodimlari bu borada qanday chora-tadbirlarni amalga oshirayotgan ekan?

– Yo‘lovchi tashish transporti tizimini boshqarish, jamoat transporti qatnovi grafiklari va intervallariga qat’iy rioya etishni ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, harakatlanadigan tarkibning qatnovini “on-layn” tartibida masofadan turib nazorat qiladigan (GPS) tizimi joriy etilgan, – dey­di “Toshshahartransxizmat” AK bosh mutaxassisi Farhod Nig‘monov – Bu tizimning afzalliklari shundan iboratki, transportni ish kuni boshlanganidan to yakuniga yetguniga qadar sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya yordamida nazorat qilish mumkin, haydovchida qoidabuzarlik­lar, ehtimoliy xavf yoki yo‘ldagi to‘siqlar tufayli yo‘nalishni o‘zgartirish zarurati haqida o‘z vaqtida xabar berish imkoniyati mavjud. Shuningdek, masofadan turib dvigatelni o‘chirish va eshikni yopish mumkin.

Yana o‘qing:  Kasbida kamol topayotgan ayol

Bundan tashqari, GPS-monitoring tizimi dispetcherlarga yo‘llardagi favqulodda holatlarda tez harakat qilish, tirbandlik yoki haydovchining e’tiborsizligi tufayli kechikish sabablarini aniqlash, transportlarni yo‘nalishlar bo‘yicha teng taqsimlashda qo‘l keladi.

Albatta, yangidan-yangi texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Va bularning barchasi inson manfaatlari uchun xizmat qilyapti. Mustaqillik yillarida nafaqat avtobus balki, elektrotransport parki ham tubdan yangilandi. O‘tgan yillarda yangi tramvaylar sotib olinib, yo‘lovchi tashish sohasiga yo‘naltirildi. O‘rtacha 140 nafar kishiga mo‘ljallangan yumshoq o‘rindiqlar, keng va shinam salon yo‘lovchilarga manzur bo‘lmoqda.

1994–1999 yillarda Toshkent shahriga 90 dona “TATA” rusmli tramvay vagonlari keltirilgan edi. 2011–2013 yillarda esa Chexiyada ishlab chiqarilgan 20 dona yangi tramvaylar xarid qilindi.

– Transport vositalari uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladi, – deydi yo‘lovchilardan biri Feruza Sharopova. – Erta tongdan ishga otlanaman har 10 daqiqada ketma-ket avtobus hamda tramvay yuradi. Yoki bo‘lmasa metro xizmatidan foydalanaman. Yo‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklardan barchamiz mamnunmiz.

Darhaqiqat, metropoliten bekatlarining go‘zalligi xorijlik mehmonlar tomonidan yer osti mo‘jizasi deya e’tirof etilmoqda. Mus­taqilligimizning 24 yillik bayrami arafasida yangicha dizayndagi metro vagonlari aholiga xizmat qilish uchun ishga tushirildi. Hozirgi kunda Toshkent metropolitenida 192 ta vagondan foydalanilmoqda. Metropoliten bekatlari hamda vagonlar yo‘lovchilar xavfsizligi uchun videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan.

Shu o‘rinda sohada olib borilayotgan yangiliklarga to‘xtalsak. Shahar atrofi yo‘nalishlarining oxirgi to‘xtash joylarini Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashtirish, jumladan, “Baxt” (Olmaliq yo‘nalishi), “Tuzel” (Tuzel yo‘nalishi), “Agrar universitet” (Uchqo‘rg‘on yo‘nalishi), “Uch qahramon” (Chimkent yo‘nalishi), “Keles” (Keles yo‘nalishi), “Beshqayrag‘och” (Nazarbek yo‘nalishi), “Erkin” (Chinoz yo‘nalishi), “Choshtepa” (Yangi­yo‘l-Zangiota yo‘nalishi) avtostansiyalarini qurish, “Qo‘yliq S-1” (Bekobod yo‘nalishi) avtostansiyasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun poytaxt ko‘chalarida har jihatdan ko‘rkam va zamonaviy, qulay avtoulovlar fuqarolarga xizmat qilmoqda. Yo‘lovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Transport vositalarida malakali haydovchilar yo‘lovchilarning o‘z manziliga xotirjam yetib borishlarini ta’minlamoqda.

Yurt farovonligini yuksaltirish, turmush va mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bu imkoniyatlarning barchasi mustaqillik, iqtisodiy erkinlik, tinchlik va osoyishtalik tufayli qo‘lga kiritilmoqda. Shunday ekan, bunday ne’matlarning qadriga yetib, katta mablag‘lar evaziga kelayotgan transport vositalaridan unumli va oqilona foydalanish, ularni uzoq vaqt xizmat qilishini ta’minlash barchamizning fuqarolik burchimizdir.

Yana o‘qing:  NEGA QOR YOG‘MAYDI?

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: