Tashabbuskor va faol
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Toshkent shahar Kengashi va “Ayollar qanoti” hamkorligida “Kamolot” YOIH markaziy Kengashida “Partiyaning oqila ayoli” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlanib, ularning siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, erkin faoliyat olib borishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Bugun o‘zbek ayoli o‘zining iste’dodi, oqila va tashabbuskorligi bilan har bir soha rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan ham xotin-qizlarning jamiyatni modernizatsiya qilish va yangilash jarayonidagi faolligini yanada oshirish, ularning siyosiy-huquqiy bilimini mustahkamlash, ibratli tajribalarini ommalashtirish hamda professional mahoratini yuksaltirish yuzasidan qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. “Partiyaning oqila ayoli” tanlovi tashabbuskor, faol xotin-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlovda 11 nafar ayol o‘zaro bahslashdi. Hay’at a’zolari ishtirokchilarning kasb mahorati, oila va jamiyatdagi ijtimoiy mavqe’i, yurt tinchligi, Vatanga bo‘lgan muhabbati hamda onalik mehrini tarannum etgan badiiy chiqishlari, yetakchilik va notiqlik mahoratini baholashdi. Ishtirokchilarning yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot ishlarini olib borishdagi faolligi sinovdan o‘tkazildi.
Malohat NAZAROVA