RAG‘BAT VA IMKONIYAT
tibbiyot xodimlariga yanada mas’uliyat yuklaydi
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyot xodimlari bayrami munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sog‘liqni saqlash tizimida erishilayotgan ulkan yutuqlar xalqaro miqyosda keng e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” milliy modeli boshqa mamlakatlarga namuna sifatida tavsiya etilgani bunga yorqin misoldir.
Shifokorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlarining kasb malaka va mahoratini oshirish, sohada erishilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish borasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Qishloq vrachlik punktlari, onalik va bolalikni muhofazalashga ixtisoslashgan shifoxonalar, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, shifokorlar va hamshiralar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli tanlovlar shular jumlasidan.
Tadbirda ushbu tanlovlarning 2015 yildagi g‘oliblari e’lon qilindi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi “Qumqishloq”, Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Uchtut”, Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Xizirobod” qishloq vrachlik punktlari eng namunali birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari, deb topildi.
Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi “Ogahiy” qishloq vrachlik punkti shifokori Feruza Yusupova “Yilning eng faol umumiy amaliyot shifokori”, Buxoro tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaci hamshirasi Shahnoza Sattorova “Yilning eng yaxshi patronaj hamshirasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 4-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Dildora Ahmadjonova “Onalik va bolalikni muhofazalash borasida eng faol tibbiyot xodimi”, Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim mudiri Abduhakim Sarimsoqov “Sanitariya-epidemiologiya xizmatining eng faol mutaxassisi”, deb topildi.
O‘n to‘rtta tibbiyot muassasasi onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha eng yaxshi shifoxona nominatsiyasi sovrindori bo‘ldi. Jizzax viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ulardan biri.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbirida taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E. Bositxonova so‘zga chiqdi.
V. PO‘LATOVA