UMURMI, UMIRMI YOKI UMR
Uchinchi sinfda o‘qiydigan ukamning, “Opa darsimni qilishing” deb orqamdan g‘ingshib yurishidan qutilish uchun zo‘r bahona topganimdan mamnun bo‘lib, “Bo‘ldi endi birinchi sinf emassan, uyga vazifalarni o‘zing qil” deb qutulib qo‘yaqoldim.
Darsdan qovog‘i ikki qarich osilib kelgan ukam, dadamning “Nega to‘rt olasan, koptokning ketidan chopguningcha darsingni qilsang nima qiladi” deb dakki berishidan qutulish uchun meni aybdor qildi-qo‘ydi. Ikkovimiz birdek gap eshitganimizdan so‘ng, shu tushmagur to‘rtning “jamoli”ni ko‘rish niyatida daftarni qo‘limga oldim.
O‘qituvchisi ham daftarni qulupnaydek qizartirib “Husnixating juda xunuk, imloviy xatolarni tuzat”, deya yarim varaqni to‘ldirib yozib beribdi. O‘ylab-o‘ylab “Xato yozgan so‘zlaringning to‘g‘risini qo‘ling charchagunicha ko‘chirasan” deb chiqib ketdim. Kelsam katta ishni qilib qo‘ygandek mamnun qarab turgan ukam, daftarini menga tutqazdi. Tekshirib ko‘rsam, yana xato, eng alamlisi uch varaq ekanligi. Bisotimdagi barcha “shirin” gaplarni eshitgan ukam “Ustozim shunday to‘g‘irlab bergan ekan-da” deb ichidan g‘o‘ldirab qo‘ydi. Ishonmay qarasam rostdan shunday. Ukamning “umur” deb yozgan so‘zini o‘qtuvchisi “umir” deb o‘zicha tuzatib qo‘yibdi. Men ham shubhalanib qoldim: “Umurmi, umirmi yoki umr?”
Yelena ChUYANOVA,
O‘zMU talabasi