Qatralar (2015–44)
NIHOL
U kelin qildi-yu, kelindorlik qilolmadi. Jilovini boshidan olish uchun murg‘akkina niholni ming ko‘yga soldi – dam u yoqqa egdi, dam bu yoqqa. Ega-ega sindirdi. Na ungani qo‘ydi, na o‘sgani.
Boshqa nihol ekdi. Bu nihol mahkam ekan, egilmadi, sinmadi, boz ustiga tikanini sanchib-sanchib oldi.
Kovushini to‘g‘rilab qo‘ydi uning ham…
Lattachaynar o‘g‘ilning esa ikki ko‘zi onasida, qulog‘ini ding qilib olgan: endi qanaqa nihol ekarkin?
JAVOB
Osmonlarda uchib yurgan Yoshlik yerda sudralib ketayotgan Keksalikka qichqirdi:
– Hey!.. Menga yetolmaysan… Men osmonu falakdaman… Oymomo shundoqqina oyog‘im ostida. Qo‘limni uzatsam, yulduzlar kaftimga qo‘nadi. Menga yetolmaysan…
Keksalik javob qaytardi:
– Uchaver, nabiram, uchaver… Senga yetishim shart emas… Men u joylardan allaqachon uchib o‘tganman. Yaxshisi, o‘zing menga yetib kelishing haqida o‘yla…
TUPROQ
U hech qachon havolanmaydi, kibrlanmaydi. Shundoqqina oyoq ostida to‘shalib yotadi. Uni bosadilar, tepadilar, ammo ranjimaydi, ranj chekmaydi.
U onaday xokisor, otaday ulug‘vor, Vatan bilan barobar.
Kelar Makon ham – u. Ketar Makon ham – u.
YO’L
Umr sip-silliq asfaltdangina iborat emas, uning loy ko‘chalari, tosh ko‘chalari bor. Toshlarning chaqiridan ba’zan tovonlar teshiladi, ba’zan tizzagacha loyga botadi kishi.
Kimdir tosh va loy yo‘llardan asfaltga o‘tib olsa, kimdir asfaltdan chiqib ketadi – yo‘lini yo‘qotadi.
Har holda asfalt yo‘ldan ketayotgan kimsa yo‘lning qadriga yetgani yaxshi.
Lola O‘ROQOVA