OLTIN KUZGA RAHMAT AYTAMAN

Oltin kuzning so‘nggi oyi. U asta-sekin o‘z o‘rnini qishga bo‘shatib bermoq­da. Daraxtlardagi tillatus barglar menga juda yoqadi. Ertalab ko‘chaga chiqsam, yo‘lak yuzini qoplagan bir-biridan chiroyli yaproqlarga ko‘zim tushdi. Darhol ularni terib oldim. Tabiatning o‘zi – mo‘jiza. Bir bargning o‘zida ne-ne sir-sinoat mujassam. Kechagina hovlimizdagi daraxt shoxlaridagi tovlanib turgan qizil-sariq olmalarni buvijonim bilan terib olganmiz.

Ayni pishiqchilik vaqtida onajonlari­mizga biroz yumushlar ham ko‘payib qoladi. Chunki, ular totli tuzlamalar-u, turli-tuman konservalangan mahsulotlarini o‘z qo‘llari bilan tayyorlab, dasturxon ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shayotganiga tasannolar aytsak arziydi. Ba’zan qishning izg‘irin kunlarida, maktabdan toliqib kelsak, uyda konservalangan achchiq-chuchuk, baqlajonli ikralar biram mazali, totli tuyuladi-ki, asti qo‘yaverasiz. Suyuq ovqat tayyorlayotganingizda darhol bankalardan ochib, qay­natma sho‘rvaga solsangiz bormi, uning xushbo‘y hidi dimog‘imizni qitiqlaydi.

Ayniqsa, onajonim pishirgan tok do‘lmasini biram yaxshi ko‘raman. Yozda uzumdan tok barglarini olib bankaga yopib qo‘yadida, qish bo‘yi juda mazali qilib tok oshi pishiradi. Ha, jannatmakon o‘lkamizning shirindan-shakar mevalari-yu, boldan shirin uzumlari ham ta­namizga quvvat bag‘ishlaydi. Tunov kuni buvijonimning qorni ochibdi-da, muzlatkichni ochib qarab turibdi.

– Ha, buvijon, nima yegingiz kelyapti. Tuxum qovurib beraymi, yoki qaymoq yeysizmi? – dedim.

– Yo‘q, ona qizim. Shu topda meni nima yegim kelyapti, bilasanmi, pomidor qoqidan “achchiq-chuchuk”, – dedi havasimni keltirib. Ha, yozda pomidor qoqini ham tomga terib, ustidan doka yopib qo‘yganimiz esimga tushadi. Darhol, qoqining 4-5 tasini oldimda, issiq suvga solib qo‘ydim. Birozdan so‘ng uni to‘g‘radim-da, bir dona kichik piyozni to‘g‘rab, aralashtirib buvijonimga olib keldim. Uning mazasi biram shirin ediki, asti qo‘yaverasiz. “Ana endi yerto‘ladan qishga deb olib qo‘yilgan bir bosh “Husayni” uzumidan olib yuvib kelsang, ikkovimiz bir uzumxo‘rlik qilamiz. Bular, men senga aytsam, qizim 1-2 kilo go‘shtning o‘rnini bosadi”, dedi buvijonim mehribonlik bilan. Eh, buvisi borlarga mazada, ular bilan hech zerikmaysiz, hali qarasangiz ertak aytib beradi, hali qarasangiz ukalarimning paypoqlarni olib, bir tekisda tikib, taxlab o‘tiradi, ishqilib bekor o‘tirganini ko‘rmayman.

Oltin kuzning bebaho ne’matlaridan qish bo‘yi bahramand bo‘lishni bizga o‘rgatib kelayotgan ham ana shu mehridaryo buvijonim-da!

Яна ўқинг:  Пўртана

Nuriniso XOLMUHAMMEDOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: