MAHORATLI BOSHQARUV ta’lim samaradorligini oshiradi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi maktab direktori” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan yigirma sakkiz maktab direktori o‘zaro bahslashdi.
“Mahoratli boshqaruv – ta’lim samaradorligi omili” shiori ostida tashkil etilgan mazkur an’anaviy ko‘rik-tanlovning quyi bosqichlarida yetti yuzga yaqin umumta’lim maktabi direktorlari faol ishtirok etdi. Keyingi bosqichga yo‘llanma olgan oltmishga yaqin ishtirokchining “Kelajak maktabi” konsepsiyasi atroflicha o‘rganilib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etuvchi qatnashchilar saralandi. Bunda ularning tashabbuskorligi, ijodkorligi va mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.
Pedagoglar mutaxassislar tomonidan dars jarayonini kuzatib tahlil etish, pedagogik kengashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibini belgilash, “Kelajak maktabi” konsepsiyasi taqdimoti shartlariga ko‘ra baholab borildi.
Ta’lim tizimiga joriy etilayotgan loyihalar, ko‘rik-tanlovlar o‘qituvchilarning professional malakasini, ularning izlanish va tashabbuskorlik fazilatlarini yuksaltirishga, o‘quv-tarbiya jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir. Mazkur tanlov ham pedagog-kadrlarning ta’lim-tarbiyaga oid amaliy ishlari, siyosiy-huquqiy bilimi, yoshlarga ijobiy ta’sir o‘tkaza olish qobiliyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘olib va sovrindorlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan munosib taqdirlandi.
Xalq ta’limi vazirligi
matbuot xizmati