PREZIDENT SOVG‘ASI – MEHR VA EZGULIK HADYASI
Oppoq qorlar og‘ushida eshik qoqib kelayotgan “Yangi yil”ni orziqib kutgan bolajonlarning shodligi olamni tutadi. Chunki, turli o‘yinchoqlar bilan bezatilgan o‘rmonlar malikasi yam-yashil archa atrofidagi qiziqarli tomoshalar, qo‘shiq va raqslar guldastasi har bir bola qalbiga zavq-shavq bag‘ishlaydi.
29 dekabr “Turkiston” saroyida o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbiri ham ana shunday quvonchlar og‘ushida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu shodiyonalarda imkoniyati cheklangan, ota-onasi qarovisiz qolgan bolalar, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilariga ulashilayotgan sovg‘a-salomlar ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir namunasidir. Tadbirni mazmunli va ko‘tarinki ruhda tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Sen yolg'iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi hamkorligida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu bayram tadbiri bilan bog‘liq sahna ko‘rinishlari “Tomosha” bolalar shou guruhi tomonidan tayyorlandi. Madaniyat va sport ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi hamkorlikda bayram tadbiriga bolalarni tizimli kelib-ketishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bolajonlar uchun taqdim etiladigan 12 nomdagi o‘quv qurollari va 14 nomdagi shirinliklardan iborat qariyib 11000 dona sovg‘a tayyorlandi. Mazkur sovg‘alar diyorimizning turli viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga avtotransportlar va “O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining samolyotlari orqali kuni kecha bolajonlarimizga yetkazib berildi.
“Prezident archasi” tadbirlarida “Mehribonlik uylari” hamda Bolalar shaharchalari, “SOS-bolalar mahallasi”, “Go‘daklar uyi”, “Oilaviy bolalar uylari”, “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalardagi 3 yoshdan 15 yoshgacha ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Respublika Prokuraturasi hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlarining farzandlari- jami 9829 nafar bolalar ishtirok etishadi. Bayramlar yarashgan yurtimizda har bir bola mehr va e’zozdadir.
Shavkat XO‘JAQULOV,
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xodimi