ANTIKANTSEROGEN PARHEZ
Organizmga kanserogen moddalarning zararli ta’sirini kamaytirish uchun ko‘k va qora choy ichish zarur. Qoqio‘t va qariqiz ildizi damlamasi ham foydali. Greypfrut sharbati, dengiz karami, asal, yangi uzilgan meva va sabzavotlar, kepakli undan tayyorlangan qora un ham organizmdan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi. Bu mahsulotlar tarkibida kanserogen moddalarning salbiy ta’sirini kuchaytiruvchi ferment faoliyatini susaytiradigan modda bor.
Konservalangan, dudlangan va qovurilgan oziq-ovqatlarni kamroq iste’mol qilish kerak. Chunki, dudlangan mahsulotlar tayyorlanadigan tutun tarkibida juda ham ko‘p benzol va fenol moddalari mavjud. Ular esa eng kuchli kanserogen hisoblanadi. Ayniqsa, dudlangan baliq va kolbasani ko‘p iste’mol qiladigan odamlarda rak xastaligi, shuningdek, yurak kasalliklari rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Yana uzoq muddat saqlanish uchun yopilgan baliqli va go‘shtli konservalarga qo‘shiladigan benzoy kislotasi ham xavfli moddalar sirasiga kiradi. Bu moddalar organizmga tushgach, uning hujayralarida nuqson (mutatsiya) paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Chunki, uzoq muddat saqlash uchun yopilgan mayonez, sut mahsulotlari va hatto, mevalar rangi va ta’mi buzilmasligi uchun ularga nitratlar va kanserogen konservantlar qo‘shiladi. Qovurilgan kartoshka (chips), kreker (pechenyening bir turi)da akrilamid kanserogeni mavjud. Bu modda mahsulot qizdirilganda uglevoddan ajralib chiqadi.
Akrilamid nafaqat saraton kasalliklari rivojlanishiga turtki bo‘ladi, balki asab tizimiga ham salbiiy ta’sir etadi. Shuningdek, bu modda bepushtlikni ham keltirib chiqaradi. Turli masalliqlarni qovurish va ovqat pishirishda qayta-qayta ishlatiladigan yog‘ tarkibida ham kanserogen modda mo‘l bo‘ladi. Agar har kuni shu yog‘dan taom tayyorlasangiz, bilingki, saraton hujayralari tez rivojlanishiga zamin tayyorlaysiz.
Bir kunda 5 finjon (chashka)dan ortiq kofe ichish zarar. Agar choy shamasi ustiga kun davomida qayta-qayta qaynoq suv quyib ichsangiz va 1, 5-2 kundan buyon damlangan eski choyni ichsangiz, uning tarkibida ham kanserogen modda-benzoprin ko‘payib ketishini unutmang. Mabodo taom pishirishdan oldin uni sirkalab (marinad qilib) olsangiz, uning tarkibidagi kanserogen moddalar ancha kamayadi. Masalan, baliq yoki go‘shtni dimlab yoki kabob qilib pishirishdan oldin sirkalash lozim. Ko‘pchilik ba’zan qorayib, kuyish darajasiga borgan holda pishgan tovuq va baliq terisi yoki go‘shtni suyib iste’mol qiladi. Ammo bu zararli. Shuningdek, kuygan nonni uyish ham faqat ziyon. Bug‘da va dimlab pishirilgan taomlar ko‘proq organizm uchun foydaliroq hisoblanadi. Konservalangan mahsulotlardan muzlatilgani, quritilgani va tuz hamda sirka bilan marinadlangani tuzukroq, ya’ni, bezarardir.
Fazilat Sa’dullayeva,
1-Respublika tibbiyot kolleji o‘qituvchisi