ZUHRO YULDUZI

Sokin tun. Ko‘k yuzida oy va yulduzlar charaqlab turibdi. Faqat bu sokinlik qo‘ynida daraxtlarning shitirlashi-yu anhordan oqayotgan suvning sharqirashi eshitilib turardi. Hamma shirin uyquda. Tongga yaqin uyqusi qochgan Gullola oy va yulduzlarni deraza ortidan kuzatib turar edi. U qishloqda yashaydi. Tog‘ bag‘rida joylashgan qishloq so‘lim tabiati bilan barchani o‘ziga maftun etadi. Uning toza havosi-yu, betakror tabiati, katta anhordan sharqirab oqqan suvlari qizni o‘ziga maftun etadi. Gullolani ko‘pincha uyidagilar hazillashib “buyuk xayolparast” deyishadi. Bunga sabab uning goh qushlar kabi samoda uchgisi, bulut bo‘lib yomg‘ir yog‘dirgisi, oyning yoniga borib unga guldasta taqdim etgisi kelaverganidan.  Osmonini g‘uj-g‘uj bo‘lib bezab turgan mitti chiroqlar qizaloqning hamisha e‘tiborini tortardi. Ayniqsa, sahar chog‘ida hamma yulduzlardan ajralib porlab turadigan Zuhro yulduzi uning, faqatgina Gullolaning yulduziga aylangan. Har tongga yaqin go‘yo qizaloqni yangi kuni bilan qutlayotgan Zuhro yulduzi bilan xayolan suhbatlashgan Gullola asta hovli sahniga tushdi. Supada shirin uyquda yotgan opasi Mushtariyning quchog‘iga kirib ohista uni turtib, bolalarcha so‘z boshladi.

– Opajon, huv anavi mening yulduzim. Ko‘rdingizmi, u hamma yulduzlardan chiroyli va porloq. Siznikichi?- singlisining kutilmagan savolidan Mushtariy, erinibgina savoliga javob berdi.

– Meniki Mushtariy,– deya singlisiga yuzlanib.

– Voy, Mushtariy yulduzi ham bormi? – hayratlanib so‘radi Gullola.

– Ha, u chiroyli yulduz hisoblanadi.

– Ammo baribir, mening yulduzim siznikidan chiroyli va porloq.  U meni hamisha saharda kutib oladi.

 Opa-singillarning shirin va beg‘ubor suhbati anchaga cho‘zildi. Go‘yo samodagi “Gullolaning yulduzi” Zuhro qizaloqlarning ajib sirlashishidan boxabardek yana ham yorqinroq porlardi.

Tong ham otdi. Qishloq esa allaqachon uyg‘ongan. Gullola o‘zgacha hayajon ila maktabga borib, o‘zining “yulduzi” haqida dugonalariga so‘zlab berdi.

Gullola har sahar shu yulduz bilan uyg‘onar, u bilan xayolan samo kengliklarida uchardi. Shu yulduz hamrohida uyni erta tongdan saranjonlash  qizaloqning kundalik yumushiga aylanib qolgan.  

Qizaloqning bolalik osmonida, ko‘nglida porlagan Zuhro go‘yo uning yo‘lchi yulduzidek. U ham hayotda shu Zuhro misoli porlashni chin dildan xohlardi.

Malika TO‘YCHIYEVA,

Toshkent shahar, Sergeli tumani, 284-maktab o‘quvchisi

Yana o‘qing:  Aholi salomatligi — oliy maqsadimiz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: