Olam oftobidek mangusan

Til – millatning ulkan boyligi, bebaho mulki. U jamiyatda yashaydigan kishilar o‘rtasidagi aloqa vositasi. So‘z esa insonning daraja va kamolini, ilm va fazilatini o‘lchab ko‘rsatadigan tarozi, kishilik madaniyatining yuksak ifodasi. Zero, har bir millatning o‘zligi uning tili va adabiyotida namoyon bo‘ladi. Til umr bo‘yi o‘rganilayotgan fan, sayqal bergan sari ochilib, yashnaydigan san’at durdonasidir.

O‘qish va bilimning asosi – til. Insonga yaxshilik, ezgulik, hurmat-izzat tili orqali keladi. Kishi qadr-qimmatini, obro‘-e’tiborini, mehr-oqibatini til tufayli topadi. Agar tilga e’tibor berilmasa, noo‘rin qo‘llansa, odam boshining yorilishi hech gap emas. Zero, bobokalon shoirimiz Yusuf Xos Hojib aytganidek:

Til arslon kabi yotar

qafasda,

Bexabar boshni u yer

nafasda…

So‘zingni tiyib yur, boshing

yormasin,

Tilingni tiyib yur,

tishing sinmasin.

Azal-azaldan til xalqlarni bir-biriga bog‘laydigan, yaqinlashtiradigan asosiy vosita bo‘lib kelgan. U dilingizdagi bor yaxshiliklarni ochib beradigan kalitdir. Til xalqning ulug‘ karvon yo‘li. Bu yo‘ldan xalqning tarixi o‘tadi. Tili rivojlanayotgan elning ruhida yaxshilik bo‘ladi, u o‘zligidan uzoqlashmaydi. Milliy til har bir vatanparvar kishining suyangan tog‘i, ishongan bog‘idir. Tili erkin xalqning eli ham erkindir. Vatan hurligini, mustaqilligini milliy tilisiz tasavvur etish mumkin emas. Shu nuqtai nazardan 1989 yil 19 oktyabr kuni o‘ta muhim masala mamlakatimizdagi o‘sha davr Oliy Kengashi sessiyasi muhokamasiga qo‘yildi va qariyib 1, 5 asrlik qaramlikdan so‘ng mamlakatimizda o‘zbek tili Davlat tili deb e’lon qilindi. 1989 yil 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu Vatanimiz tarixida tom ma’nodagi buyuk voqea edi.

Prezidentimiz sharofati bilan xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lmish ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonda O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida” gi qonun qabul qilindi. Ana shunday kun, ana shunday bayram – til bayrami barchamizga muborak bo‘lsin. Tilda xalqning ruhi aks etadi. So‘z vositasida fikr, uning yordamida esa insonning murakkab ruhiy dunyosi ochib beriladi. Qalbdagi tug‘yon tilda barq uradi. Uni ona tilimizda bayon etsangiz, dilingiz yayraydi.

“Til bilgan – el biladi”, – deydi dono xalqimiz. Bu maqol ko‘p tilni bilgan kishini hech qayerda xor bo‘lmasligi, har qanday chigal masalaning to‘g‘ri yechimini topa olish haqida aytilgan. Shu bois Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida chet tillarni o‘rganishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

Yana o‘qing:  Jurnalistlar uchun media-tur

Bu esa o‘z navbatida yurtimiz chet tili o‘qituvchilari uchun sharaf va yuksak mas’uliyat yuklaydi. Shular qatori men ham chet tili, ya’ni fransuz tili o‘qituvchisi bo‘lganimdan faxrlanaman. Qariyib 40 yil mobaynida yoshlarga fransuz tilidan saboq berdim. Ularni o‘z ona tillarini boyitishiga qo‘shgan hissamdan xursandman.

Bugungi yoshlar Prezidentimizning shunday g‘amxo‘rlik­lariga javob tariqasida chet tillarini o‘rganib, mamlakatimizda hech kimdan kam bo‘lmagan sog‘lom avlod voyaga yetayotganini namoyish qilishlari kerak.

Til orqali Vatanimizni jahonga tanitish har bir kelajak avlodning vazifasidir.

Abdurashid HASANOV,

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: