Jurnalistlar uchun media-tur
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Yakkasaroy tumanidagi 319-umumta’lim maktabi va 5-bolalar musiqa va san’at maktabida media-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar mazkur bilim maskanlaridagi fan to‘garaklari, turli mashg‘ulotlar, sport seksiyalari faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida sinfdan tashqari fan to‘garaklari, sport seksiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Har bir maktabda fanlar bo‘yicha darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar jadvali ishlab chiqilib, mutaxassislar o‘quvchilarga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bilim va mahorat sirlarini o‘rgatayotir.
319-umumta’lim maktabida “Ajib hisob”, “Yosh rassomlar”, “Yosh tilshunoslar”, “Yosh dasturchi”, “Barkamol avlod”, “Vravo English”, “Yosh shashkachilar”, “Kurash” kabi 35 dan ziyod to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur maktabdagi nutq o‘stirish, atrof-muhit bilan tanishish, musiqiy ta’lim bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining dastlabki bilimlari, ongu tafakkuri, mantiqiy fikrlash qobiliyati to‘g‘ri shakllanishiga yaqindan ko‘maklashadi. Ingliz tilini o‘rganishga oid darslar bolalarning xorijiy tillarni o‘rganishga doir bilimini mustahkamlab borsa, sport to‘garaklari bolalarda qat’iyat, iroda, o‘ziga bo‘lgan ishonchning yanada kuchayishiga xizmat qiladi.
Media-tur davomida o‘quvchilarni sinfdan tashqari mashg‘ulotlarga kengroq jalb etishga oid ishlarni yanada kuchaytirish, bu borada “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini mustahkamlash xususida so‘z yuritildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati