KO‘NGILGA ORZULAR SOLDI SAMARQAND
Osmono‘par minoralar tengsiz jamolini ko‘z-ko‘z etadi. O‘zining mo‘jizalari bilan bolajonlar qalbini to‘lqinlantiradi. Ular “Qumlik joy” yoki “Qum ustidagi shahar” nomini olgan Registon majmuasini tomosha qilisharkan, bu tarixiy obidaning XV-XVII asrlarga mansubligi-yu hali-hanuz o‘z mahobatini saqlab kelayotganidan hayratlanishadi. Qarshilarida qariyb 20 yildan ortiqroq vaqt davomida qurilgan “Sherdor”, yulduzlar aksi ko‘chgan “Tillakori” madrasalarining betakror naqshlari quyosh nurlarida yal-yal tovlanadi.
Darvoqe, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab-internatlari, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohatga olib chiqish an’anaga aylangan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa ularning qalbida Vatanga mehr uyg‘otish, tarixga hurmat, kelajakka ishonch tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat. Bu ezgu ish natijasida ko‘plab bolalar Samarqand shahrining o‘tmishi va bugunidan xabardor bo‘lishgan. Bu galgi sayohat davomida Toshkent shahridagi 101-, 102-, 106-zaif eshituvchi, kar va soqov bolalar maktab-internati hamda poytaxtimizdagi 22–va 23–“Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilariga hamroh bo‘ldik. Mazkur “ona Vatan tarixi” shiori ostidagi sayohat mobaynida bolajonlar bilan yaqindan tanishib, ularning o‘y-kechinmalari, qalb sadolarini bilgimiz keldi. Bu borada esa bizga tarbiyachilar yaqin ko‘makdosh bo‘ldi.
101-kar bolalar maktab-internati tarbiyalanuvchisi Muhammadali Baratov qalbidagi bir olam taassurotlarini imo-ishora bilan quyidagicha izohlaydi. Ustozi esa o‘rtada tilmochlik qiladi.
– Men ilk marotaba Samarqand shahrini tomosha qilayapman. Tarixiy obidalarga boy juda chiroyli shahar ekan. Ushbu maydonda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tganini men televedenie orqali ko‘rganman. Qarang, biz ham ana shu maydonda turibmiz. Bu yerda ko‘rganlarimni do‘stlarimga so‘zlab beraman.
Uning fikriga 102-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Artyom Lyovin qo‘shiladi:
– Muassasamiz rahbari Manzura Saidazimova “Bizga sayohat davomida yulduzlar ilmidan so‘zlovchi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini ham tomosha qilasizlar”, deganida quvonib ketdim. Dastlab mashhur majmuaga kirganimda shuncha chuqurlikdan qanday qilib osmonni, yulduzlarni ko‘rish mumkin? deb o‘yladim. Endi bilsam chuqurlikdan yulduzlar yanada yorqinroq ko‘rinar ekan.
Shirinso‘z tarbiyalanuvchi Kamola Qo‘chqorovaning qiziqishlarini bizga yetkazishga urinadi. Bir zumda qizaloq “Shohi Zinda” maqbarasi devor va peshtoqlariga ishlangan naqshinkor gullarni ko‘rib hayratlanganidan, o‘quv dargohiga qaytganida ularning aksini kashtalarida tikish niyatida ekanidan xabar topamiz. Kamolaning dugonalari ham chevarlikka qiziqishi, qo‘li gulligidan sevinamiz. Xususan, Afrosiyob shaharchasidagi Samarqand tarixiy muzeyida saqlanayotgan yuz yillik so‘zanalardagi anor gullarini suratga olayotgan Ayjamol Abdikatova diqqatimizni tortadi. Tarbiyachi esa “u shu naqshlardan foydalanib so‘zana tikmoqchi”, deya hayratimizni oshiradi.
Ma’lumki, anor timsoli serfarzandlik, chamandek ochilgan gullar hayot go‘zalligi, g‘unchalar yoshlik ramzi bo‘lib, ipak, ip va tabiiy tolali qatimlarga bo‘yoqda ishlov berilgani bois so‘zanalar hali-hanuz o‘z husnini yo‘qotmagan. Shu bois ham “Buyuk ipak yo‘li”dagi tabarruk shaharda kashtalar ham xaridorgir bo‘lgan. Shuning uchun ham bunday hunarmandchilik asarlari uzoq yillardan buyon har bir sayyohu tujjorga o‘zbek xalqining mehnatsevarligi, bolajon, go‘zallikka intiluvchan, ezgu o‘yli xalq ekanidan so‘zlaydi.
– Samarqand shahridagi tarixiy obidalar haqidagi rivoyat va afsonalarni, hikoyalarni, joylarning nomlanish tarixini mukammal yozib oldim. Chunki, bu qadimiy shahar yodgorliklari menda katta qiziqish uyg‘otdi, – deya ta’kidlaydi Ro‘zmatjon Rahimjonov.
Sayohat dasturi yakunlanib bir olam taassurotlar bilan Toshkentga qaytgan bolajonlar “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan yaratilgan bunday imkoniyatdan cheksiz minnatdor ekanliklarini izhor etishdi.
Ha, qadim ajdodlarimizning bizga qoldirgan tarixiy boy merosini ko‘z qorachig‘idek asrab, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish barchamizning muqaddas burchimiz. Bugun qadim va navqiron Samarqandning har bir obidasi qarshisida cheksiz hayratga tushgan bolajon ertaga o‘zi ham xuddi shunday mo‘jizaviy inshootlar yaratsa, ne ajab.
Jamila HAYDAROVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri