MILLIY INTERNET TANLOVI

“Turkiston” saroyida yoshlar o‘rtasida “MIT.uz” III milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Gazetamizning “Soglom.uz” sayti MIT – Milliy internet tanlovining “Davlat tilidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasida 1–o‘rinni egalladi.

Mazkur tanlov mamlakatimiz axborot resurslari va servislarini yaratish hamda rivojlantirish, yoshlar uchun mo‘ljallangan sifatli internet loyihalarini ommalashtirish, xavfsiz internet makonini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, shuningdek, yosh internet sayt yaratuvchilari, veb-dizayner, dasturchilar, blogerlar, jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, internetda yoshlar segmentini yanada kengaytirish va rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilda “MIT.uz” milliy internet tanlovida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sakkiz yuzdan ortiq internet sayt muallif va ishlab chiquvchilari qatnashdi. Tanlovda Uz domenidagi veb-resurslar bilan bir qatorda xorijiy domenlarda joylashtirilgan saytlar ham tanlab olindi.

Eng yaxshi ijodiy ishlar o‘n asosiy va olti qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha saralab olindi.

“Keksalik.uz” sayti “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi to‘g‘risidagi eng yaxshi sayt deb topildi. O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt sovrini “tarix.uz” saytiga topshirildi. “Umid. zn.uz” sayti mahalla, qishloq va shaharlarning obodligi va farovonligini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt deb e’tirof etildi.

G‘oliblar “O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt”, “Eng yaxshi yangiliklar sayti” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham aniqlandi.

“Eng yaxshi yangiliklar sayti” nominatsiyasi tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bugun mamlakatimizda internet-jurnalistika sohasi jadal rivojlanib, veb-nashrlar o‘rtasida keng auditoriyani jalb qilish bo‘yicha raqobat tobora kuchayib bormoqda. Tanlovda ko‘plab yangiliklar saytlari ishtirok etgani ham shundan dalolat beradi. Ularning har biri betakror dizayni, mavzusi va voqealarni yoritishga nisbatan o‘z yondashuvi bilan ajralib turadi. “Kun.uz” sayti ushbu yo‘nalishda g‘olib bo‘ldi.

2013–2015 yillarda tanlovda jami 2800 nafardan ziyod yigit-qiz ishtirok etdi. Ular tomonidan 1300 dan ortiq veb-sayt, qariyb 1500 fotosurat, videorolik va fotokolleksiyalar taqdim etildi. Shunisi e’tiborliki, tanlov qatnashchilarining 70 foizi talabalardir. Taqdim etilgan saytlarning 40 foizdan ortig‘i shu yil ishga tushirilgan.

Yana o‘qing:  Qars ikki qo‘ldan...

– Ushbu tanlov iste’dodli yosh dasturchilar uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi, – deydi “MIT.uz” milliy internet tanlovi hay’at a’zosi Alisher Tojiyev. – Masalan, tanlov diplomi “Kamolot” uylaridan olishga imtiyoz beradi. Bundan tashqari, g‘oliblarga diplom bilan birga qator IT-tashkilotlarning sertifikatlari topshirildi.

Tadbir doirasida veb-ishlanmalar, mobil o‘yinlar va dasturiy ta’minot vositalari ko‘rgazmasi, 3D formatidagi “O‘zbekiston muzeylarining eng sara ming asari” virtual muzeyi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Milliy internet tanlovi g‘olib va sovrindorlariga diplom va mukofotlar topshirildi.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: