Sayohat va hamkorlik: MILLIY MEROS NAMOYISHI
“O‘zekspomarkaz”da “Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilishida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar vakillari, soha mutaxassislari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun O‘zbekistonda 1 ming 279 sayyohlik tashkiloti, jumladan, 548 mehmonxona, sayyohlik bazalari va kempinglar, 731 sayyohlik kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu yilgi yarmarkada O‘zbekiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Shveysariya, Latviya, Rossiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Vyetnam, Malayziya, Tailand, Turkiya, Dominikan Respublikasi, Isroil, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetti yuzdan ziyod firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan ham tanishdi. Yarmarka doirasida tashkil etilgan “Milliy taomlar festivali”, “Sharq bozori”, “Uzumning quyoshli shingillari” ekspozitsiyalarida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari hamda saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva va sabzavotlar bilan tanishish, milliy pazandachiligimizga oid ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
Yarmarka doirasida “Madaniy merosni asrash O‘zbekiston sayyohlik sohasi rivojining muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va YUNVTO hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash va o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu turizmni rivojlantirishda alohida o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Konferensiyada O‘zbekistonning Ipak yo‘lida turizmni rivojlantirishdagi o‘rni, madaniy meros ob’yektlarini asrash, o‘rganish, jahon miqyosida keng targ‘ib etish, bu orqali turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik sohasida kadrlar tayyorlashning istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi.
V. PO‘LATOVA