DARYo UMR
Chindan inson umri daryoga qiyos. Daryo har faslda o‘ziga xos to‘kinlikka, rangga kiradi. Inson ham shunday. Uni bolalikdan to keksalik davrining farahbaxsh damlarida ham orzular, umidlar, maqsad va intilishlar tark etmaydi.
Umrining qirq yildan oshig‘ini ulug‘ amalga – yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishlayotgan e’zozli ustozlardan biri Komiljon Shermuhammedov bilan samimiy suhbatimiz ana shundan boshlandi.
– Asli eski shaharlikman. Shayxontohur tumanida tug‘ilganman. Otam Qo‘chqor ota, onam Bo‘ston ayaning yelkasiga eng qahatchilik yillarda katta oilani oyoqqa turg‘izish, farzandlar tarbiyasi, el-yurt xizmatida bo‘lish kabi baxt, mas’uliyat va hayot sinovlari yuklandi. Men Ikkinchi jahon urushi xavf solishi arafasida 1940 yilda tug‘ilganman. Urush so‘zi naqadar dahshatli ekanini, u odamlar hayotiga qanchalik og‘ir kunlarni solishi, non qadri nimaligi, oqibat va mehr qay rangda tovlanishini kichikligimdan oilamiz misolida ko‘rdim, boshimdan o‘tkazdim. Tinchlik degan so‘z, tuyg‘u qudratini o‘sha damlardan to bugungi kungacha chuqur his etib yashayman, ardoqlayman. Ota hovlimiz, ayniqsa, bahor kelganda yashnab ketadigan bog‘imiz, har bir daraxtning oldiga borib, otamning kuymanishlari, onamning rayhonlar ekib, atrofini hush bo‘yga to‘ldirishi, har bir mevaning – tutdan tortib uzum, olma, anor, shaftoli ta’mlari hali-haligacha og‘zimda.
Ustoz tumandagi 84-maktabni muvaffaqiyatli tugallab, ayni paytda ham faoliyat yuritayotgan hozirgi Toshkent Agrar universitetiga o‘qishga kirdi.
– Otam bir umr mirob bo‘lib ishladi. Ma’lum bir muddat men ham ota kasbini tutdim. Ehtimol, qishloq xo‘jaligi sohasiga havas o‘sha paytlardayoq menga o‘tgandir. Rus tili guruhida seleksiya-urug‘chilik bo‘yicha ta’lim oldim. Otam talabchan, onam mehribon edi. Yetti farzandning har biri oliy ma’lumotli bo‘lishini orzu qilishardi.
Bolaligi urush davrida kechgan ustozning yorqin xotiralari otasi bilan birga ulg‘aygan. U har bir ishda, tuproq, suv, daraxtlar bilan tillashayotgan otasiga yordamchi sifatida ko‘chat ekish, bog‘ parvarishlash, mevalarni saqlashning nozik sirlarini o‘rgandi, tabiatga mehri ortdi.
– Uzoq davom etayotgan mehnat faoliyatim bugungi kungacha kasbim, mutaxassisligim bilan uzviy bog‘langan. O‘zbekiston sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent Davlat Agrar Universitetida yoshlarga agronomiya fanidan ta’lim beribgina qolmay, ilmiy salohiyatimni oshirib bordim. Institut, aspiranturalarda olgan bilimlarim mahsuli qishloq xo‘jalik fanlari nomzodlik ishini yoqlaganimda asqotdi. Barining poydevori, ustuni tinimsiz harakat, izlanish, mutolaa, tajribalar, ustozlar mehridir.
Ustoz tabiatan kamtarin va mehribon. U katta tajriba va malakaga ega, shu boyligimni aziz yoshlarimizga berib ketsam, o‘rgatsam, deydi.
– Bizning sohamizda nafaqat yer bilan tillashish, balki ona O‘zbekistonimiz ravnaqiga o‘ziga xos hissa qo‘shish katta ahamiyatga ega. Yildan-yilga dunyo o‘zgaradi, tabiat, iqlim, borliqda ham yangilanishlar seziladi, taraqqiy etayotgan bilimlar doirasi kengayadi, teranlashadi. Yangidan-yangi mo‘jizaviy zamonaviy texnologiyalar yaratish tizimi butun dunyo, odamlar ongi va hayotini qamrab olmoqda. Ustoz har bir talabasini bilimdon, o‘z kasbiga mehrli bo‘lishga o‘rgatadi. Bu ustozning yillar davomida olib borayotgan ilmiy izlanishlarida yanada yaqqol ko‘rinadi. Ustoz 24 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanmasi, ellikka yaqin ilmiy maqolalar muallifi. Uning rahbarligida 15 dan oshiq magistrlik dissertatsiyasi himoyasi, 30 dan ortiq malakali bitiruv ish himoyasi olib borildi. Ular orasida “Genetika” o‘quv qo‘llanmasi, “Biologiya va genetika” fanidan darslik, “Genetika asoslari” kitoblari bugungi kunda ham bakalavr va magistr talabalari uchun zaruriy bilim manbalari hisoblanadi.
Ustoz shogirdlarini o‘z bolalaridek qadrlaydi. Ularga tabiatni seving, tuproqni e’zozlang, suvning qadriga yeting, har bir fasl nima uchun o‘rin almashishini tushunishga harakat qiling, shundagina atrofingizdagilarga hurmatingiz oshadi, hayotning azizligini his etasiz. Har bir daqiqa ma’nosini uqib borasiz, bizning fanimiz – yer fani, kasbimiz – dehqonchilikdir, tabiat va insoniyat fanlaridir, deyishdan charchamaydi.
Ustoz qadrdon universitetidan ko‘p narsa o‘rgandi: bilim, mehnat, hayotga ishtiyoq, odamlarga munosabat, faniga muhabbat, tabiatga mehr, do‘stlik, yurt, ustozlik va shogirdlik tuyg‘ulari. Nazarimizda, bularning bari mujassamlashib, fidoyilik degan qadriyatni dunyoga keltiradi. Ustozga aynan shu fazilat yarashadi va uni ulug‘laydi.
– Oilam, farzandlarim, nevaralarim kamolidan xursandman. Har biri ilm olishga, hunar o‘rganishga ishtiyoqmand. Bolaligimdan kuy chalishga qiziqaman. O‘sha paytlarda otam olib bergan skripka hali ham – uyimizda. Zora, nevaralarimdan biri musiqaga chinakamiga oshno bo‘lsa… Badiiy, ayniqsa, tarixga oid kitoblarni o‘qiyman. Mustaqilligimiz sharofati va farzandlarim mehri bilan haj safariga bordim, hoji bobo bo‘ldim. Bu marhamatdan boshim ko‘kka yetdi. Men dunyoni yaxshilik va mehr ko‘kartiradi, ushlab turadi, deb o‘ylayman. Har bir yurakda gullayotgan bahor, daryo umrning oqishini tilayman. Zero, inson – ezgulik mevasidir.
Oygul SUYUNDIQOVA