MAQSAD – TINCHLIK VA OSOYISHTALIKNI SAQLASH

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida davlatimiz o‘zining zamonaviy, davr talabiga to‘la javob beradigan milliy armiyasiga ega bo‘ldi. Bugun mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish har bir yigit uchun ezgu orzu, tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylandi.

Faxru iftixor manbai bo‘lgan milliy armiyamiz yangicha shakl va mazmun kasb etib borayotganligini Sharqiy harbiy okrugning Namangan shahrida joylashgan harbiy qismi misolida ham ko‘rish mumkin.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ixcham, harakatchan va kuchli salohiyatga ega milliy armiyani shakllantirish va uning moddiy-texnika bazasini davr talabi asosida mustahkamlash, shaxsiy tarkibning jangovar, intellektual tayyorgarligini yuksaltirishga qaratilayotgan katta e’tibor sohamizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning asosiy omili bo‘lmoqda, — deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Nuriddin Mirzayev. — Bu nafaqat harbiy qismlarning bugungi jangovar holati, balki yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatchi bo‘lishga qiziqish tobora kuchayib borayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ma’naviyat xonasi, mingdan ziyod kitob fondiga ega kutubxona va barcha shart-sharoitlarga ega sport zalida o‘z bilim va mahoratini oshirayotgan askarlar muddatli harbiy xizmatni aynan shu qismda o‘tayotganidan mamnun.

– Men Samarqandda tug‘ilib o‘sganman, – deydi Shuhrat Rahmatov. – Muddatli harbiy xizmatni Andijonda o‘tab, shartnoma asosida harbiy xizmatni mazkur qismda davom ettirayotganimdan juda xursandman. Chunki, bu yerda yetuk harbiy xizmatchi bo‘lib shakllanish uchun barcha sharoit bor. Maqsadim oliy harbiy bilim yurtida o‘qib, professional Vatan himoyachisi bo‘lib yetishish.

Qism shaxsiy tarkibining harbiy bilim va malakasini oshirish uchun zamonaviy qurol-aslahalar, anjomlar, jihozlar bilan to‘la ta’minlangan. Jumladan, fotoelektrontrenajyor askarlarda murakkab sharoitlarda avtomat va pistoletdan nishonga urish bo‘yicha psixologik ko‘nikmalar hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, bu yerda Namangan muhandislik-texnologiya, Namangan muhandislik-pedagogika institutlarining professor-o‘qituvchilari tomonidan kelgusida oliy o‘quv yurtlariga kirish niyatida bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar imtihonlarga tayyorlash dasturi bo‘yicha o‘qitilmoqda.

Harbiy xizmatchilarning oilalariga shart-sharoitlar yaratib berish, ularning bu boradagi imtiyozlardan unumli foydalanishiga ko‘maklashish ham harbiy qism rahbariyatining doimiy diqqat e’tiborida. Harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtog‘ini ishga, boshqa viloyatlardan kelgan ofitserlarning farzandlarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish masalasida doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Muddatli harbiy xizmatni har jihatdan namunali o‘tagan askarlardan yigirma bir nafariga turli oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berildi.

Yana o‘qing:  OILAGA E’TIBOR — KELAJAKKA E’TIBOR

Bunday yuksak e’tibor va keng imkoniyatlarga javoban askarlar mustaqil yurtimiz va uning sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, xalqimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlash, ona Vatanimizning ravnaqi va yorug‘ kelajagi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilmoqdalar.

A. SATTOROV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: