Allergiyaga qarshi dori ishlab chiqarildi
O‘zbekistonda birinchi marta allergiyaga qarshi “Allergodaf” dori vositasi yaratildi. Dori mahalliy xom ashyo – ittikanak ekstrakti flavonoid fraksiyasidan ajratib olindi. Bu haqda Immunologiya instituti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Allergologiya, immunologiya va irsiy texnologiyalarning zamonaviy muammolari” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani davomida ma’lum qilindi.
Yangi preparat uch bo‘lakli qoraqiz o‘ti o‘simligi tarkibidagi biologik faol moddalar asosida tayyorlanib, nojo‘ya ta’siri mutlaqo yo‘q. Kelgusida u hatto allergiyaning o‘tkir, surunkali turlari bilan og‘rigan bemorlarni kasallikdan xalos etishi mumkin. Dastlab olimlar qoraqiz o‘ti tarkibidagi biologik faol modda (flavonoid)larning xususiyatlarini o‘rganib, ular allergiyaga qarshi samarali ta’sirga ega ekanini aniqladi. Qoraqiz o‘ti xalq tabobatida qadimdan ma’lum. Xususan, bu o‘simlik damlamasi bolalarda uchraydigan allergik kasallik – diatezni davolashda keng qo‘llanib kelingan.
Dastlab dori vositasi laboratoriya hayvonlarida sinovdan o‘tkazildi. Uning ta’sirini amaldagi sintetik antigistaminlar bilan solishtirib o‘rganildi. Natija kutilgandek ijobiy. E’tiborlisi shundaki, tajriba-sinov jarayonida “Allergodaf” tabletkalarining toksik (zaharli) ta’siri umuman kuzatilmadi. Demak, ular kimyoviy usulda tayyorlanadigan dorilardan farqli o‘laroq, organizmni zaharlamaydi va birorta ham a’zoga ziyon yetkazmaydi. O‘simlik moddalari kimyosi institutida yangi dori vositasining dastlabki tajriba namunalari ishlab chiqarildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Farmakologiya qo‘mitasi dorini klinik sinovdan o‘tkazishga ruxsat berdi. Klinik sinovlarni 2016 yildan boshlash rejalashtirilgan. Ixtiroga patent olish uchun hujjat topshirilgan.
Muxlisa ABDUHAMIDOVA,
TTA 2-bosqich talabasi