RANG-BARANG TAOMNOMA

Shifokor-mutaxassislarning fikriga ko‘ra ko‘pgina seryog‘in va quyosh kam chiqadigan kunlarda organizm D vitamini tanqisligini sezadi. Bu esa o‘z navbatida emizikli go‘daklar va bolalarning jismoniy va ruhiy rivoj­lanishiga salbiy ta’sir qilib, shuning­dek, kattalarda osteoporoz (suyaklar mo‘rtligi)ga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Chunki, D vitamini kalsiy makroelementining so‘rilishiga ijobiy ta’sir etadi. Shu sababli serquyosh kunlarda ochiq havoda sayr etish va tarkibida D vitamini mo‘l bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish zarur. Sariyog‘, achitqi (xamirturush), jigar, buyrak, tuxum, ayniqsa, yog‘li baliq turlari tarkibida bu darmondori mo‘l bo‘ladi.

Tabiiy yog‘li tvorog, pishloq va treska balig‘i jigari yurak va qon tomirlari uchun juda foydali. Chunki, uning tarkibida ko‘p miqdorda uchraydigan D vitamini yurak yetishmovchiligining oldini oladi. Gipertoniya (qon bosimining ko‘tarilishi), miokard infarkti va shu kabi xastaliklar rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Yana kundalik taomnomada rang-barang oziq-ovqat mahsulotlari va meva-sabzavotlar hamda poliz mahsulotlari bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim. Bir xil ovqatlanish organizmda mikro va makroelementlar va vitaminlar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida immunitetning pasayib ketishi hamda turli kasalliklar rivojlanishiga zamin yaratadi. Vitaminlardan tashqari o‘simlik mahsulotlarida biologik faol moddalar – fitonutriyentlar mavjud. Meva-sabzavot yoki poliz mahsulotlarining rangi qanchalik yorqin bo‘lsa, ularda fitonutriyentlar shunchalik mo‘l bo‘ladi.

Quyida Sizning e’tiboringizga qaysi rangdagi mahsulotlar qanday xastaliklarning oldini olishi haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

Qizil rangli mahsulotlar

Pomidor, tarvuz, anor, malina, qulupnay, qizil bulg‘or qalampiri va qizil achchiq qalampir tarkibida likopin moddasi va ellaga kislotasi ko‘p bo‘ladi. Bu moddalar organizmni kanserogen (saratonni keltirib chiqaruvchi) moddalardan asraydi hamda o‘sma (rak) kasallik­larining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, irsiyatga ijobiy ta’sir etib, turli mutagen (nuqsonli) genlar shakllanishining oldini oladi.

Sariq va zarg‘aldoq (shafaq) rangli mahsulotlar

Apelsin, mandarin, limon, ananas, greyfrut kabi sitrus mevalar va o‘rik, sariq qorag‘at (smorodina), chakanda (oblepixa), behi, nok, sariq anjir va shu tusdagi olma, oshqovoq, sariq va qizil rangli sabzi tarkibida gesperidin moddasi bor. Ushbu modda ko‘z nuriga ijobiy ta’sir etadi. Ayniqsa, bu modda organizmning o‘sishi va rivojlanishi uchun muhim. U hujayralarni turli zararli omillardan asraydi va teri namligini saqlaydi. Ammo me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yara bo‘lgan hamda organizmi allergiyaga moyil bemorlarga sitrus mevalar va behi tavsiya etilmaydi.

Yana o‘qing:  Mittivoyning yig‘isi nimani anglatadi?

Yashil tusli mahsulotlar

Brokkoli karami, kabachka(qovoqcha), yashil bulg‘or qalampiri, achchiq qalampir, dukkaklilar (mosh, yashil loviya va yashil no‘xat), ko‘k piyoz va turli ko‘katlar, ravoch, turp, bod­ring tarkibida lyutein, izoflavonoidlar mavjud. Ular hujayralar o‘sishi hamda ularning o‘zaro ta’sirini rag‘batlantiradi. O‘pkaga ijobiy ta’sir etadi. Tishlarni mustahkamlaydi. Ravoch va ko‘katlar hamda turp ishtaha ochadi.

Oq rangli mahsulotlar

Sarimsoqpiyoz, qo‘ziqorin, banan, oq loviya, bosh piyoz tarkibida allitsin, kversetin moddasi mavjud. Ular yurak, qon tomirlar tizimini mus­tahkamlaydi va saratonning oldini oladi. Ammo me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yara mavjud bemorlarga xom sarimsoqpiyoz va piyoz iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

Ko‘k va binafsharang mahsulotlar

Qora qorag‘at, maymunjon, qora va to‘q qizil yoki binafsharang uzum, olxo‘ri, lavlagi, baqlajon, qora anjir, qora tut tarkibida resveratol, antotsianidin moddalari bo‘ladi. Bu moddalar kuchli antioksidant bo‘lib, saraton xastalik­larini oldini oladi. Yurak mushaklarini mustahkamlaydi va suyaklarga ijobiy ta’sir etadi.

NOK – A’LO KAYFIYAT SABABCHISI

Quyoshli kunlarda kayfiyatimiz chog‘ bo‘ladi. Chunki, quyosh nurlari bilan qalbimizga iliqlik va yorug‘lik kirib keladi. Kuzning seryog‘in kunlarida xona devorlariga ilib qo‘yilgan behilar xushbo‘y ifori bilan kayfiyatimizni ko‘targanidek sariq tusli, qahraborang nok iste’mol qilish ham ruhiy zo‘riqish (stress) va tushkunlik (depressiya)dan asraydi. Chunki, bu xushta’m mevaning tarkibida S, R va V guruhi vitaminlari va pektin moddasi ko‘p uchraydi. Pektin sababli organizmdan zaharli moddalar chiqib ketadi. Fruktoza moddasi esa stressga qarshi ta’sir etadi.

Fruktoza va ozuqaviy tola sababli yevropalik shifokorlar nokni qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etishadi. An’anaviy Xitoy tabobatida esa bu meva spirtli ichimliklarning zararini bartaraf etish va haroratni tushirishda qo‘llaniladi. Nok, shuning­dek, buyrakning surunkali kasalliklari va peshob ajratish tizimi xastaliklarida shifobaxsh ta’sirga ega. Yevropa o‘rmonlarida o‘suvchi brusnika mevasi va uning barglarida ko‘p uchraydigan arbutin moddasi kuchli buyrak antiseptigi hisoblanadi. Nokda ham shu modda mavjud. Sariq tusli, oltinrang tovlanuvchi nok mevasi nafaqat chanqog‘ingizni qondiradi, balki u to‘yimli ozuqa hamdir. Yana bu meva peshob haydovchi xususiyatga ham ega. Ichaklar peristaltikasini yaxshilaydi. Me’da-ichak tizimini mikroblardan himoya qiladi. Ammo qabziyat (ich qotishi)ga moyil bemorlar uni ko‘p iste’mol qilmaganlari ma’qul.

Yana o‘qing:  Yurak xuruji xavfini hisoblovchi kalkulyator yaratildi

Tarkibida gidroksijigarrang kislotalar mavjudligi sababli viruslarga qarshi kurashuvchanlik xususiyati bor. Undagi R vitaminlar esa tomirlarni mustahkamlaydi. Nokning o‘t haydovchi xususiyati hazm qilishni yaxshilaydi. Kuzda xiltlar qo‘zg‘alganligi sababli insonda kayfiyat ham, qon bosimi ham o‘zgarib turadi. Shunday paytda yaxshi yetilib pishgan, sarxil nokni to‘yib yesangiz o‘zingizni ancha yengil his etasiz.

Bu mevani yeb, ustidan sovuq suv ichmang. Yoki sut mahsulotlarini iste’mol qilmang. Chunki, me’da-­ichak tizimining faoliyati buziladi. Shuningdek, nok tarkibidagi kam miqdordagi oksalatlar – shovul kislota kalsiy va magniy moddasining organizmda so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi.

Yana quymich nervi (ishias) yallig‘langanda va artrit (bo‘g‘im og‘riqlari)da ham nok iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

UYQUSIZLIK IMMUNITETNI TUSHIRADI

Kattalar uchun tunda 8 soat to‘­yib uxlash me’yor hisoblanadi. Agar odam 6 soat uxlab, miyasi dam olmasa, uning immuniteti tushib ketadi. Turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Kechasi to‘yib uxlamagan odam kunduzi miyasi dam olishi uchun 1-2 soat tiniqib dam olishi kerak. Amerika olimlarining yangi tadqiqotlariga ko‘ra uyqusizlik nafaqat immunitetni tushiradi, balki bu salbiy holat sababli odamda ruhiy zo‘riqish (stress) kuzatiladi. Yana uyqu buzilishi organizmning himoya tizimi susayishi sababli onkologik kasalliklar rivojlanishiga ham sabab bo‘lar ekan.

OG‘IZDAN METALL TA’MI KELISHIGA SABAB NIMA?

Vaqti-vaqti bilan og‘izdan metall ta’mining kelishiga sabab koronka (sun’iy tish qoplamasi), protez (yasama tish)lar, breket (ya’ni, qiyshiq tishlarni to‘g‘irlash uchun tishlarga uzoq muddat kiydirib qo‘yiladigan moslama)lar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari milklarning ba’zan qonashi sababli ham og‘izdan shunday ta’m kelishi kuzatiladi. Chunki, qon tarkibida temir moddasi bor. Yoki tarkibida bilinar-bilinmas zang bo‘lgan suvni bexosdan ichib qo‘ysangiz ham shu holat kuzatiladi. Yana vitaminlar yetishmovchiligida hamda mis, rux, mishyak kabi moddalar bilan zaharlanganda ham shunday ta’m buzilishi uchraydi. Shuning­dek, qandli diabet, surunkali gas­trit, qalqonsimon bez kasalligi, jigar, o‘t pufagi xastaliklarida ham og‘izdan metall ta’mi kelishi mumkin. Bemor gastroenterolog va endokrinolog kabi mutaxassis — shifokorlar ko‘rigidan o‘tishi kerak. Shundagina tibbiy tahlillar natijalariga qarab bemorga aniq tashxis qo‘yiladi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: