Maktab qurgan muallim

Yangiariqlik muallim Otaboy aka Jumaniyozov xonadoniga kirib borar ekansiz go‘zal va maftunkor manzaraga duch kelasiz. Chor-atrofdagi gullarga qarab ko‘zingiz quvnaydi. Bog‘da g‘arq pishgan mevalar, uzumlar, polizda yetilib, dumalab yotgan shirin-shakar qovunlarning yoqimli hidi dimog‘ingizga uriladi. Inson qo‘li gul. Xonadon obodligi, gullab-yashnashi avvalo unda umrguzaronlik qilayotgan insonlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatiga, qolaversa mehnatiga bog‘liq.

Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi Qarmish qish­log‘ining “Sherobod” mahallasida dunyoga kelgan Otaboy aka yoshligidan bilimga chanqoq, zukko bo‘lib voyaga yetdi. U aniq fanlarga qiziqar, maktabdagi ustozlariga havas qilardi. Shu bois 1957 yili maktabni a’lo baholarga tamomlagan yigitcha, orzular qanotida qadimiy va go‘zal Buxoro tomon yo‘l oldi.

Buxoro davlat universitetining fizika-matematika fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab pedagogik faoliyatini o‘z qishlog‘idagi 25-umumta’lim maktabida boshladi. O.Jumaniyozov “Bolaning begonasi bo‘lmaydi” degan shiorga amal qilardi. Tajribali ustoz 1979 yildan shu maktabda o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ikki yil o‘tib direktor vazifasida faoliyat ko‘rsatdi. Rahbarlik yillarida yangidan barpo etilayotgan 624 o‘rinli maktab binosi qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi.

Yangi maktabni zamon talablari asosida jihozlash, unda mevali va manzarali bog‘, gulzor yaratishda Otaboy aka o‘zining nafaqat mehnatkash, fidoyi insonligini, balki ishbilarmonlik, tashkilotchilik qobiliyatini ham namoyish etdi.

Otaboy Jumaniyozovning ko‘p yillik mehnatlari vaqti kelib munosib taqdirlandi. Ustozga “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni berildi. Shogirdlari orasidan olim va olimalar yetishib chiqdi. Bugungi kunda ular ona Vatanimiz ravnaqi yo‘lida sid­qidildan xizmat qilib kelmoqdalar.

Otaboy aka sinfdoshi, oqila ayol, rahmatlik Shukurjon opa bilan 42 yil baxtli va totuv turmush kechirdi. O‘n nafar o‘g‘il-qizni oq yuvib, oq tarab, oqil insonlar qilib voyaga yetkazdilar.

Bugunga kelib nabiralar ham bobosi izidan borib, oliygohlarni tamomlab xalq xizmatiga kamarbastalar. Otaboy aka el-yurt hurmatidagi, farzandlar, nevaralar baxtu saodatiga erishgan piru badavlat otaxon. Suhbatimiz oxirida bugungi ozod va obod yurtimizning kundan-kunga rivojlanib, taraqqiyot sari odimlayotgani, bugungi baxtiyor yoshlar uning qadriga yetishlari lozimligini ta’kidlar ekan, 30 nafar nevara, o‘nga yaqin chevaralar baxtu iqbolidan bahramand bo‘layotganiga shuk­ronalar aytadi otaxon.

M. XO‘JAMURODOVA,

Xorazm viloyati

Yana o‘qing:  Dardga malham “DILCHYeHRA”

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: