QUTLUG‘ AYYOM QUVONCHLARI

Hayit arafasida darvozamiz beozorgina taqilladi. Qo‘shnimiz Nazira kelinoyi ekan.

– Tandirda non, somsa yopgan edim. Tursunoy xolani ko‘rib kelaylik. Men yopgan nonlarni yaxshi ko‘rardi, – dedi kelinoyi muloyimlik bilan. Quvonib ketdim. Chunki, men ham shu niyatda xolaga hayitlik tayyorlab qo‘ygan edim-da. Tursunoy xola uzoq yillar jamoa xo‘jaligida ishlagan, qo‘li shirin oshpaz bo‘lgan. To‘qson yoshni qoralayotgan onaxonimizning yaqindan buyon ko‘zlari xira tortib, uyda o‘tirib qolgan. O‘g‘il-qizlar, kelin-nabiralar atrofida parvona. Tashrifimiz xolani quvontirib yubordi.

– Hayit bahona suhbatingizni olaylik, – dedik xola bilan quchoqlashib ko‘rishar ekanmiz.

– Singlim unda mahallamizda har kun Hayit ekan-da, – jilmaydi xola. Kunda-kunora qaysidir qo‘shnim yo‘qlab keladi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi. O‘zim qozon-qozon ovqat pishirgan dala shiyponini, hosildan larzon-larzon egilgan bog‘larni ko‘rganday bo‘laman. Sog‘inch taftim bosiladi. Shunday mehr-oqibatli xalqning bolasi ekanligimdan suyunib, Yaratganga shukronalar aytaman. Bolalarimga o‘zimning, cholimning tengqurlarini, bir ko‘rpani tepalashib o‘sgan dugonalarimni ko‘rib kelinglar, mendan salom aytinglar, deb tayinlayman. Odam keksayganida ko‘proq shirin nonni emas, shirin so‘zning shaydosi bo‘lib qolar ekan. Baraka topinglar, mening yoshimga kirib yuringlar. Naziraxon, xo‘p zamonlar bo‘ldi-da. Bizning davrimizda Ramazon hayiti, Qurbon hayitini butun mamlakatda birday bayram qilish u yoqda tursin, masjidga chiqish ham ta’qiqlangan edi.

– To‘g‘ri aytasiz, xolajon. Otam rahmatlik ham ibodat mahali darvozani ichidan qulflab qo‘yardi. Bugun yurtimizda Ramazon-u, Qurbon hayitining umumxalq bayramiga aylanganini, kishilarimiz Hayit namozlarini Xasti Imom, Minor kabi hashamatli, milliy uslub­larda qurilgan masjidlarda emin-erkin jamoat bo‘lib o‘qiyotganini ko‘rgan otalarimizning ruhlari samolarda shod parvoz qilayotgan bo‘lsa ajabmas, – dedi Nazira kelinoyi ko‘ziga yosh olib. – Xabaringiz bormi-yo‘qmi bu yil kenja o‘g‘lim Islom universitetiga o‘qishga kirdi. “Dinimiz haqida chuqurroq bilimga ega bo‘lsam, uni noto‘g‘ri talqin qilayotgan oqimlarga qarshi kurasha olaman, tengdoshlarimga Islom dinining asl mohiyatini tushuntirib, ularni g‘oyaviy buzuq oqimlardan asrab qolaman” deydi bolaginam.

– Ilohim, bolangiz niyatiga yetsin. E, singlim, odamzot uchun eng katta boylik – bu tinchlik. Yurt tinch bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ingizni ishga, o‘g‘il-qizingizni o‘qishga, nabiralaringizni bog‘chaga xotirjam kuzatasiz. Ularni bag‘ringizga sog‘-salomat qaytishiga ishonasiz. Men ertalabdan kechgacha “Mahalla” radiosini eshitib o‘tiraman. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlarini tinglab, Allohga hamd aytaman, yurtimizda tinchlik-­osoyishtalikni ta’minlab bergan xukumatimizga, Yurtboshimizga Yaratgandan uzoq umr tilayman. O‘zbekistonimizni yomon ko‘zlardan asrashini iltijo qilaman. Ba’zi davlatlarda yuz berayotgan xunrezliklardan, talo-to‘plardan vahimaga tushaman. Qarang, yurtimiz qanday tinch, yurt tinch bo‘lsa odamlarning yuragiga bayram shodiyonalari sig‘adi.

Yana o‘qing:  Toshkent shahridagi xalqaro aeroportga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini berish to‘g‘risida

Biz Tursunoy xola bilan xayrlashib ko‘chaga chiqqanimizda bir guruh mahalladoshlarimizga duch keldik. Hashardan qaytishayotgan ekan.

– Avvallari qabristonga borishdan qo‘rqardim. Juda vahimali ko‘rinardi, – dedi Nazira kelinoyining o‘g‘li Vohidjon. – Xozir qabriston biram obod. Anvoyi gullar ekilgan, soya­-salqin daraxtlar juda chiroyli qilib taroshlangan, bu yerda qanchadan-qancha hamqishloqlarim, biz uchun qadrli bo‘lgan insonlar mangu orom topganlarini bildim. Endi qabristonga tez-tez kelib obodonchilik ishlarida qatnashib turaman. Bu yerda Qoraqosh ota ismli avliyoning ham qabri bor ekan. Avliyosi bor qishloq Alloh nazdida ham aziz bo‘lar ekan, masjid imomi aytdi, – Vohidjon g‘ururlandi. Men esa qadriyatlarimiz qadrlanayotgan yurtimiz yoshlari qalbida Vatanimizga, urf-odatlarimizga mehr uyg‘otayotgan qutlug‘ ayyomdan to‘lqinlandim. Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Vohidjon bugun nafaqat qabristonni, o‘z ko‘nglini ham obod qila olganini, bu esa, yurt obodligiga hissa qo‘shishdek yuksak maqsadga ko‘prik bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Qaytayotib yana bir saxovatdan voqif bo‘ldik. Haj ziyoratiga yo‘l olgan bir tadbirkorimiz mahalla oqsoqoliga yaqinda oila boshlig‘idan ayrilgan Ozoda xolaning hamda ko‘p bolali Qobil akaning xonadonlariga og‘ilxonasidagi ikkita sog‘in sigirni arafa kuni olib borib berishdek “kichkina yumush”ni topshirib ketgan ekan. Endi bu oilalarning bolalari mazza qilib sut-qatiq ichishadi. Ro‘zg‘orning bir tomoni but bo‘ladi. Bundan ortiq savob bormi, dunyoda. “Yaxshilik qil, daryoga tashla – baliq biladi, baliq bilmasa, Xoliq biladi”, – deydi xalqimiz. O‘zini tanitishni istamagan saxovatli do‘stimizning hajlari qabul bo‘lsin, davlatini Alloh ziyoda qilsin, – deb duo qildik.

– Endi xursandmisiz, – so‘radim oqsoqol Mo‘min akadan.

– Albatta-da, lekin bu hammasi emas. Odamlar boyisa, xalq boyiydi, yurt boyiydi, degani rost ekan. Xalqimiz ma’naviyatli, sahiy xalq. Qarang, qo‘shni tumanlik bir tadbirkor ukamiz hayitlik qilib, mahallamizga kattakon yuk mashinasida o‘n besh qop un, o‘n besh qop shakar, o‘n besh quti sariyog‘, ellik kilogramm paxta yog‘i berib yuboribdi. Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan bu ro‘yxatga avvaliga mahallamizdagi keksalarni kiritdik, nogironlar, kam ta’minlangan oilalarga ham hayitlik tarqatamiz. Mahalla faoli sifatida bu ishda Siz ham bizga qarashib yuboring, – dedi u. Men shu yerda hamrohim Nazira kelinoyi bilan xayrlashib, oqsoqol bilan mahalla qo‘mitasi tomon yo‘l oldim.

Yana o‘qing:  YURTIMIZDA YANA BIR YIRIK SPORT BAYRAMI

Mustaqillik tufayli qayta tiklangan Qurbon Hayiti ayyomi ham yurtdosh­larimiz orasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlab, milliy, diniy qadriyatlarimizni chuqurroq anglashga xizmat qilayotganidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Bilasizmi, meni yana nima xursand qilayapti, odamlarimizning Hayit xaqidagi, xayr-saxovat haqidagi tushunchalari ham o‘zgardi. Endi avvalgidek, vafot etganlar xonadonida ortiqcha ma’rakalar, yig‘i-sig‘ilar bo‘lmayapti. Ular marhumlarni xotirlash, ruhini shod qilish uchun atagan mablag‘larini masjid, maktablarni ta’mirlashga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining to‘ylarini o‘tkazishga sarflayapti, – dedi Mo‘min aka.

Ha, oqsoqol haq. Kishilarimizning diniy bilimlari oshganligi bois, mehr-muruvvat, olijanoblik va bag‘rikenglik hislatlarini o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimiz xalqimizni ahillikka, hamjihatlikka undaydi. Yurtdoshlarimiz dillarni dillarga bog‘lovchi, qon-qonimizga singib ketgan insoniy fazilatlarni yanada jo‘sh urdiruvchi qutlug‘ Qurbon Hayiti kuni nafaqat qishloq va ovullarni, balki, qarindosh-urug‘, do‘st-birodar, oshna-og‘ayni, qo‘ni-qo‘shnilari ko‘nglini ham obod qiladilar. Bir-birlarini sovg‘a-salom bilan siylaydilar, shirin lutf, yaxshi tilaklar bildiradilar. Men bugun ikki yoki uch qo‘shnimni Hayit choyi bilan siylasam, ertaga farzandlarim o‘nlab oilalarni hayitlik bilan quvontiradi. Bu qadriyat, bu urf-odat inson huquqlari kafolatlangan, insoniylik, diniy bag‘rikenglik muhiti hukm surgan mening O‘zbekistonimda, Imom Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy vorislari tomonidan abadiy davom etadi. Barchamizga saxovatli kuz ayyomida nishonlayotganimiz – ulug‘ ayyomlarimizdan biri Qurbon Hayiti muborak bo‘lsin!

Muhabbat Hamidova

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: