BOY BERILAYOTGAN SOG‘LIQ VA HAMYON
Psixologlarning fikricha biz bong urayotgan mavzu mingtadan bitta kashandani bu zararli illatdan qaytarsa yoki ko‘plab passiv (nofaol) chekuvchilarni ogohlantirsa bilinki bu shifokorlarning ulkan yutug‘idir. Biror marta ham chekuvchi odam o‘zining tanasida qanday jarayon kechayotgani haqida o‘ylab ko‘rganmikan? Albatta, yo‘q. Biroq, bu xususida jiddiy bosh qotirilsa foydadan xoli bo‘lmas edi.
Bir kunda bir quti sigaret chekish yilda 500 rentgen nuri bilan nurlanishga teng. Yonib turgan sigaretning harorati 700-900 daraja issiqlik bilan barobar. Odam tamaki mahsulotlarini chekkanidan so‘ng nikotin miyaga 7 lahzada yetib boradi.
Mutaxassislarning kuzatishlariga ko‘ra tamaki tutunida 4000 xil turli zararli kimyoviy birikmalar bor ekan. Ulardan ayniqsa, 40 xili hayot uchun o‘ta jiddiy xavfli bo‘ladi, deyishmoqda ular. Ya’ni, o‘pka saratoni (raki)ni shu birikmalar keltirib chiqaradi. Shuningdek, bu tutun tarkibida juda ham zararli bo‘lgan nikotin, benzapiren, sianid, mishyak, formaldegid, is gazi, uglerod oksidi, sinil kislota va radioaktiv moddalar bo‘lmish poloniy, qo‘rg‘oshin va vismut mavjuddir. Nikotin o‘zining zaharliligi darajasi bilan sinil kislotaga tengdir. Bu esa saraton kasalliklari rivojlanishiga keng yo‘l ochib beradi.
Fransiyaning Nitsse hududida tashkilotchilar tomonidan g‘alati musobaqa o‘tkazildi. Uning nomi “Eng zo‘r chekuvchi” deb atalar edi. Bu musobaqada “sharafli nom” uchun ko‘pchilik kurashdi. Ammo ularning ba’zilari o‘limga yuz tutdilar. Ikki nafar “zo‘rdan zo‘r chiqqan” chekuvchi 60 dona sigaret chekkach bir necha soatdan so‘ng shifoxonada dunyodan ko‘z yumdi. Juda ko‘pchilik zaharlandi, lekin shifokorlarning o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordamlari tufayli ular omon qolishdi. Biroq, bu “musobaqa” ularga bir umrga saboq bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Mudhish oqibatlarga olib keluvchi bunday musobaqalardan tashkilotchilarning maqsadi nima edi aslida?
Ular tamaki maxsulotlarini targ‘ib qilishning yangicha usullarini kashf qilishga va yanada ko‘proq yoshlarni ushbu og‘u domiga tortishga intilishgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin ular o‘zlari bilmagan holda antireklamaga qo‘l urib qo‘yishganini bilisharmikinlar? Bu “ajal tomoshasi” ning guvohi bo‘lgan sog‘lom fikrli insonlar o‘zlariga kerakli xulosalarni chiqarib olishgan bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylaymiz.
Ilk bora sigaretni labiga tutgan odamdan so‘rab ko‘ringchi, u qanday “huzur-halovat” topgan ekan? Dastlab u chekkanidan so‘ng boshi aylanganini va ko‘ngli aynib, o‘qchigani haqida Sizga so‘zlab beradi. Keyin esa yuragi qinidan chiqqudek bo‘lib, tez-tez urgani hamda a’zoi badani oqarib ketganini xotirlaydi. Undan sovuq ter chiqadi. Bu barcha noxush alomatlar sog‘lom odam organizmining nikotindan zaharlanishidan darak beradi. Agar tajribasiz chekuvchi o‘z vujudining zahri qotilga nisbatan qarshi javob reaksiyasiga e’tibor qaratmasdan chekishni davom ettirsa uning organizmi asta-sekin surunkali zaharlana boradi.
Bu zaharli modda qon tomirlarini toraytiradi. Shu sababli to‘qimalar kislorod bilan to‘yinmaydi. Mayda qon tomir (kapillyar)larning torayishi natijasida teri so‘lib, qarimsiq ko‘rinadi.
Butun dunyoda nikotin ruxsat etilgan narkotik modda hisoblanadi. U ham xuddi geroin va shu kabi narkotik moddalarday chekuvchilarda tobelikni keltirib chiqaradi. Ammo nikotin asta-sekinlik bilan organizmni zabt eta boshlaydi. Chekish o‘pka saratonidan tashqari, bu a’zoning surunkali, obstruktiv kasalligi va yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, o‘pkalar chekishdan eng ko‘p zarar ko‘radi. Chunki, tamaki tutuni o‘pka epiteliy to‘qimasini shikastlaydi. Yuqori nafas yo‘llaridan o‘tib burun-xalqum sohasi, kekirdak, traxeya va bronxlar shilliq qavatini ta’sirlaydi. Natijada og‘iz bo‘shlig‘ida joylashgan so‘lak bezlaridan ko‘p miqdorda so‘lak va bronxlardan shilliq ajralib chiqadi. Bu suyuqliklar esa bronxlarning ma’lum bir sohasida to‘planib qolsa, uning shilliq qavatiga ta’sir etadi va natijada yo‘tal refleksini chaqiradi.
Bu holat qancha tez-tez kuzatilsa, yo‘tal ham davomli bo‘ladi. Shuningdek, kashandalarning immun tizimi ham susayib ketadi. Umuman olganda chekuvchilarning barcha a’zo va tizimlari tamaki tutunidan zaharlanadi. O‘pka kasalliklaridan bo‘lgan emfizema (tashqaridan kirgan havo yoki to‘qimalarda hosil bo‘lgan gaz tufayli a’zo yoki to‘qimalarning kengayishi) va surunkali bronxitlar kashandalarda chekmaydigan bemorlarga nisbatan 10 barobar ko‘p uchraydi. 90 foiz holatlarda o‘pka saratonidan o‘lim holatining kuzatilishi chekish bilan bog‘liqligi allaqachon isbotlangan. O‘pka rakini keltirib chiqaruvchi moddalarga benzopiren va radioktiv izotop poloniy-210 kiradi. Agar kashanda tamaki tutunini ichiga yutib, keyin uni oppoq matoga “puf” lasa undan jigarrang dog‘ qoladi. Bu esa tamaki qatronidir.
Chekish nafaqat erkaklarning balki nozik va go‘zal ayollarimizning ham ovoz paylarini bo‘g‘adi. Ular xirillab gapirishga majbur bo‘lishadi. Terisi qarimsiq va ustidan qo‘lansa hid kelib turuvchi kashanda ayoldan hamma o‘zini olib qochishga harakat qiladi. Ayrim “nazokatli xonimlar” esa ingichka qilib ishlangan ayollar sigaretasini chekishadi. Go‘yo bu bilan o‘zlarining kashandaliklarini yashirmoqchi bo‘lishadi. Ammo zaharning zarrasi ham baribir zaharda. Eng yomoni tamaki tutunidagi zararli moddalarning markaziy asab tizimiga ziyonidan tashqari erkak va ayollarning reproduktiv a’zolarini jiddiy shikastlab, kelajak naslning mayib-majruh bo‘lib tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ayanchlidir. Yoki nikotinning bepushtlikka olib kelishini ular kech anglashadi. Shuningdek, chekuvchi ayollarda chala va vazni kam bola tug‘ilishi, bola tushishi yoki uning vaqtiga yetib tug‘ilsada go‘dakning o‘lik tug‘ilishi kabi holatlar ko‘p kuzatiladi. Mutaxassis-narkologlar fikriga ko‘ra kashanda onalardan tug‘ilgan chaqaloqlar ona qornidayoq nikotingga tobe bo‘lishar ekan. Ular tug‘ilgach qorni to‘q, tagi quruq bo‘lsada nikotin xumor qilib chinqirib yig‘lashar ekan. Bunday vujudi zaharlangan ota-onalardan intellekti past va nosog‘lom bolalar tug‘ilishi bejiz emas. Chekuvchi qizlarga kelsak, avvalo ular bo‘lg‘usi ona ekanliklarini unutmasliklarini istar edik. Chekuvchilar nafaqat o‘z organizmiga zarar yetkazishadi, balki ularning atrofida tamaki tutunini hidlashga majbur bo‘layotgan passiv (nofaol) chekuvchilarga ham zarar yetkazishadi. Ayniqsa, ular homilador ayol, go‘daklar va qariyalar bo‘lsa ularning immuniteti yanada tushib ketadi.
Natalya Gafner,
Ftiziatriya va pulmonologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kichik ilmiy xodimi